O‘zbekiston | 16:26 / 05.04.2022
7762
3 daqiqa o‘qiladi

"2021 yilda sudlarga yuborilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga ortdi" – Tanzila Norboyeva

2021 yilda sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga hamda sog‘liqni saqlash sohasida 100 foizga ortgan. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni Senatda bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisida Kengash raisi Tanzila Norboyeva ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, korrupsiyaga oid jinoyatchilikka qarshi kurash borasida olib borilgan amaliy chora-tadbirlar ushbu ushbu jinoyatlarni fosh qilish darajasi ortganligini ko‘rsatmoqda.

«Xususan, 2021 yilda 5 483 nafar shaxsga nisbatan 3 769 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari sudlarga oshirilgan. Ya’ni sudga yuborilgan jinoyat ishlari hamda javobgarlikka tortilgan shaxslar soni o‘rtacha 3 baravarga ko‘paygan. Korrupsion jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar belgilangan tartibda undirib kelinmoqda.

Sudlarga yuborilgan jinoyat ishlarining har uchtadan bittasi, e’tibor qiling – sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan keskin choralar natijasida sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga hamda sog‘liqni saqlash sohasida 100 foizga ortgan», – deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, rasmiylar tahlillarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda to‘g‘ridan to‘g‘ri poraxo‘rlik bilan emas balki, firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ko‘rinishidagi jinoyatlarni sodir etish holatlari ko‘payayotganini qayd etdi.

«Albatta, bu bilan jamoatchilik ongida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatchilik ortmoqda, degan bir tomonlama fikr shakllanishi kerak emas. Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini olib borishda davlat rahbarining qat’iy irodasi turibdi», – dedi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid