Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tashabbusli budjet”: Vodiydagi mahallalar g‘alabaga qanday erishdi, buyog‘iga nima bo‘ladi?
Kun.uz muxbiri Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida bo‘lib, “Tashabbusli budjet” loyihasida g‘olib chiqqan mahallalar ahli bilan suhbatlashdi; shuningdek, tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi jarayonlar qanday bo‘lishi bilan qiziqdi.
Moliya vazirligining “Tashabbusli budjet” loyihasida g‘oliblar aniqlangani haftaning eng shov-shuvli yangiliklaridan biri bo‘ldi. Ijtimoiy muammolarni hal qilishda birlashib, hamjihatlikda yutuqqa erishgan aholi vakillari o‘z muvaffaqiyatlarini ko‘tarinkilik bilan kutib olishdi.
Biz Farg‘onaning Quva tumani Qo‘shkechik mahallasida, Andijonning Oltinko‘l tumani Bo‘ston mahallasida va Namanganning Norin tumanida bo‘lib, loyiha g‘oliblari bilan uchrashdik.
Bundan tashqari, “Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lgan obektlarda bunyodkorlik ishlari qay tartibda va qancha muddatda tashkil etilishi bo‘yicha moliya sohasi mutaxassislari bilan ham suhbatlashdik.
“Tanish-bilishchilik o‘tmaydigan loyihadan xursandmiz”
Farg‘ona viloyati Quva tumani Boyiston mahallasi ahli necha yildan beri qiynab kelayotgan ichimlik suvi muammosi bartaraf etilishidan xursand. Ovoz berishda faol bo‘lgan yoshlar va nuroniylar o‘z fikrlarini bildirishdi.



“Ikkita loyiha – mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i (650 mln so‘m) va ko‘chalarni asfalt qilish (120 mln so‘m) loyihalarida g‘olib bo‘ldik. Mahalla ahli, nuroniylar, ayniqsa yoshlar juda katta mehnat qilishdi. Mana endi 4600 nafar aholi muammosi hal bo‘ladi”, – deydi Yoqubjon ota Ergashev.
Quva tumani Qo‘shkechik mahallasining qishda loy-ko‘lmak, yozda changga botadigan 1,5 km abgor yo‘li nihoyat asfalt ko‘radigan bo‘ldi.


Mahalla nuroniysi Ahror ota Usmonov o‘z fikrlarini bildirdi.
“Loyihada korrupsiya, tanish-bilish yo‘q ekan. Hammasi shaffof bo‘ldi. Moliya vazirligining shu qilgan yangiligi mahallamizga juda ma’qul keldi. Avvaliga ishonmadik. Keyin butun mahalla hamjihatlikda ish ko‘rdi. Uyma-uy yurdik, masjidlarda jamoatga tushuntirish ishlarini olib bordik. Yoshlar juda qattiq harakat qilishdi. Natijada 600 million so‘mlik loyihani yutib oldik.
Navbatdagi bosqichda mahallaning yana boshqa muammolarini olib chiqmoqchimiz. Ayniqsa, transformator va simyog‘ochlarimiz juda eskirgan. Mana shu masalaga e’tibor qaratamiz”, – deydi Ahrorjon ota Usmonov.
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Bo‘ston mahallasi ahli o‘z ko‘chalari ta’miri uchun ovoz berishda g‘olib bo‘lganini tantana qildilar. Aholi mahalla guzariga yig‘ilib tantana uyushtirdi. Hatto mushakbozlik ham bo‘ldi.



“Bo‘ston mahallasi ikkita loyihada g‘olib bo‘ldik. Bir kilometrlik Yog‘du ko‘chasini asfaltlash va hududdagi 42-maktab oshxona jihozlarini sotib olish loyihasida. Mana ko‘rib turibsizlar, aholi vakillari birlashib yutuqlarga erishish kerakligini tushunib yetib, o‘z g‘alabasini bayram qilmoqda”, – deydi 42-maktab direktori Sarvarbek Nazarov.
Norin tumani 3-maktab o‘qituvchilari, ota-onalari hamjihatlikda ta’mirga muhtoj sport zalining mukammal ta’miri uchun 960 millionlik loyihani yutib olishdi.
Maktab direktori Azizaxon Rahmonchoyeva o‘quvchilar va atrofdagi mahallalar yoshlariga xizmat qiluvchi sport majmuasining ta’mirga tushishi barcha uchun juda katta quvonchli voqea bo‘lganini gapirdi.



“Mukammal ta’mirtalab bo‘lgan zalimizning yillab dasturga tushishini kutish, mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar qilish o‘rniga tashkil etilgan “Tashabbuskor budjet” loyihasi juda qo‘l keldi.

O‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar, mahalla aholisi bahamjihat bo‘lib rosa katta ovoz to‘pladik. Nasib qilsa, maktabimizda xuddi poytaxtdagi sharoitga ega sport zali bo‘ladi”, deydi direktor Azizaxon Rahmonchoyeva.
Barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar yil oxirigacha yakunlanadi
G‘olib loyihalarni amalga oshirish mexanizmi haqida Andijon viloyat moliya boshqarmasi mutaxassisi Alijon Rasuljonovdan intervyu oldik.

“G‘olib takliflar bo‘yicha tuman (shahar) xalq deputatlari kengashi tomonidan qarorlar qabul qilinadi. So‘ng loyiha-smeta ishlari amalga oshirilib, quruvchi yoki pudratchi tashkilot onlayn tender orqali aniqlab olinadi. G‘olib bo‘lgan barcha obektlar yil oxirigacha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Agar fuqaro tomonidan taklif qilingan loyiha qiymati bajariladigan ishga nisbatan kam bo‘lsa, tuman kengashi tomonidan mablag‘ besh foizgacha miqdorda ko‘paytirib berilishi mumkin. Yoki buning aksi, rejadagi ish hajmi uchun ko‘p mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ortiqcha mablag‘ tuman hokimliklari huzurida ochilgan tashabbusli budjet hisobraqamiga qaytariladi”, dedi Alijon Rasuljonov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yilning ikkinchi yarmi uchun o‘tkaziladigan “Tashabbusli budjet” loyihasida ham birinchi bosqichdagi bilan teng miqdorda – 1,1 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi bosqich uchun tashabbuslar qabul qilish iyul oyidan boshlanadi.
Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov
Mavzuga oid
13:31 / 18.03.2025
«Tashabbusli budjet»da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi
11:20 / 14.03.2025
O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
15:07 / 06.02.2023
Muammolarni tezroq hal qilish imkoni: “Tashabbusli budjet” boshlandi
18:26 / 24.11.2022