Sport | 12:37 / 06.04.2022
29252
13 daqiqa o‘qiladi

De Bryuyne Simeone devorini buzib o‘tdi, «Liverpul» masalani deyarli hal qildi. YeChL o‘yinlari

Manchesterda madridliklar butun jamoa bo‘lib himoyalanishdi, ammo baribir taslim bo‘lishdi. Klopp jamoasi esa Portugaliyadagi qiyin o‘yindan g‘alaba bilan qaytdi.

«Manchester Siti» Chempionlar ligasi 1/4 finalida «Atletiko»ga qarshi uy uchrashuvida minimal hisobda g‘alaba qozondi.

Manchester Siti — Atletiko 1:0
Gol: de Bryuyne (70). 
Manchester Siti – Ederson, Kanselu, Stounz, Laport, Ake, Gundo‘g‘an (Grilish, 68), de Bryuyne, Rodri, Silva, Sterling (Jyezus, 68), Mahrez (Foden, 68). 
Atletiko – Oblak, Vrsalko, Savich, Felipe, Reynildu, Lodi, Koke (de Paul, 60), Kondogbia, Lorente (Kunya, 60), Grizmann (Korrea, 60), Felish (Lemar, 81).
Ogohlantirishlar: de Paul (69), Korrea (83), Jyezus (85), Vrsalko (90+2), Ederson (90+2).

Xosep Gvardiola va Diyego Simeone jamoasi o‘yini – turlicha futbol falsafalari to‘qnashuvi. Tabiiyki, Manchesterdagi ilk o‘yin oldidan Pepdan argentinalik mutaxassisning «antifutboli» haqida so‘rashdi. Kataloniyalik mutaxassis hamkasbini tanqid qilishni istamadi: «Men bu ahmoqona bahsga bir sekund ham sarflamayman. Hamma g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Agar ular yengishsa, ular haq bo‘lib chiqadi. Agar biz g‘alaba qozonsak, biz haqmiz. Futbolchilar hal qilishadi. Biz ham natijaga erishish uchun shunday o‘yin ko‘rsatishimizga to‘g‘ri kelgan. Bu futbolning bir qismi. Men ularning uslubini tanqid qilmayman, balki qanday yaxshi natijaga erishish uchun tahlil qilaman. Chiroyli bo‘lmagan o‘yin nima degani? Mening jamoam «Old Trafford»da 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va Bernardu Silva burchak zarbasi ijro etishga besh daqiqa sarfladi. Bu chiroyli holat emas, bu hisobni saqlash. Men hech qachon raqibni qilayotgan ishlari uchun tanqid qilmayman».

«Atletiko» — Yevropadagi eng himoyaviy o‘yin ko‘rsatuvchi top-klub hisoblanadi. Diyego Simeone o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida madridliklarni boshqarib, bu yerda ideal ishlovchi tizim qurgan. Uni bunday o‘yin uchun yoqtirmasliklari mumkin — ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muxlislar tanqid qilishadi — ammo bu strategiya samara berib kelmoqda.

Sayyoraning eng kuchli jamoalaridan birini safarda qanday yutish yoki hech bo‘lmaganda ochko olish mumkin? Simeone retsepti: ochiqchasiga avtobus qo‘yish. Argentinalik mutaxassis bundan hech qachon uyalmaydi va boshqalarning fikri uni tashvishga solmaydi, u bu o‘yinda ham faqat o‘zi va jamoasi natijasi haqida o‘yladi.

O‘yin chindan ham xuddi «Siti» 12 kishi bo‘lib o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘otdi. «Atletiko» 5-5-0 sxemasida joylashdi. Bu mubolag‘a emas: birinchi bo‘limda (aniqrog‘i bo‘limning to‘rtdan uch qismida) to‘psiz holatda Grizmann va Joau Felish qanotlarda o‘ynadi. «Atletiko» ikki nominal hujumchi bilan maydonga chiqqan bo‘lsa-da, amalda ular mudofaa doktrinasining bir qismiga aylanishdi.

Aytish mumkinki, Simeone bunday yo‘l tutishining sabablaridan biri safardagi gol qoidasi bekor qilingani ham bo‘ldi. Bunday kartinaga ikki oy muqaddam, 1/8 final doirasida «PSJ» — «Real» o‘yinida ham guvoh bo‘lgandik, ammo endi Ispaniya poytaxtining boshqa bir jamoasi yanada chuqurroq himoyalandi. «Siti» maydon markazidan yorib o‘tishga harakat ham qilmadi, bu befoyda edi, shuning uchun butun o‘yin davomida to‘p bir qanotdan ikkinchisiga o‘tkazildi. Shu bilan birga mezbonlar qanotlardan o‘ynab, deyarli hech narsa qila olishmadi, tanaffusga qadar «Atletiko»ning rejasi ideal darajada ishladi.

Ikkinchi bo‘limda Gvardiola Sterlingni markazga ko‘chirdi, Grizmann esa hamon mudofaaning oldingi chizig‘ini aks ettirsa-da — «Atletiko» futbolchilari joylashuvi 5-4-1 ko‘rinishini eslata boshladi. Ammo bu o‘yinning borishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. «Siti» hamon o‘yin vaqtining 75 foizida to‘pga egalik qilar, Gvardiolaning holati esa deja-vyuga qarab borardi, 2016 yilda — u hali «Bavariya» boshqaruvida ekanida xuddi shu tarzda YeChL yarimfinalida «Atletiko»ga mag‘lub bo‘lgandi (2:1, 0:1).

Madridliklarda gol urish uchun ham imkoniyat bo‘ldi — masalan, ikkinchi bo‘lim boshida Ederson darvozasiga Grizmann xavfli tarzda yaqinlashib keldi, ammo uni to‘xtatishga ulgurishdi, Lorente esa 51-daqiqada darvoza sohasi tomon aniq zarba bera oldi. Ammo golga «Manchester Siti» yaqinroq edi va g‘alabaga haqliroq o‘ynadi.

Gvardiola jamoasi ideal o‘yin ko‘rsatmadi. Raqib darvozasi atrofida original harakatlar juda kam bo‘ldi, o‘yindagi eng xavfli vaziyat uzoq vaqt davomida De Bryuyne tomonidan amalga oshirilgan jarima zarbasi bo‘lib turdi (55-daqiqada). Simeone ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida hujum chizig‘i vakillarini birdaniga almashtirib, Gvardiolani chalg‘itib tashlashga urindi, ammo ispaniyalik murabbiy chalg‘imadi va o‘zi kerakli futbolchi almashtirishni amalga oshirdi.

Foto: DAVID S. BUSTAMANTE/GETTY IMAGES

Fil Foden — «Siti» o‘z maqsadiga erishishini ta’minlagan futbolchi bo‘ldi. Angliyalik yosh futbolchi 68-daqiqada maydonga chiqdi va hech qancha o‘tmay jarima maydoni ichkarisiga tashlangan ayyorona pasi bilan De Bryuyneni golli vaziyatga chiqardi. Keyinroq u yana bir golli vaziyat yuzaga keltirdi, lekin Savich bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytarib yubordi. Angliyalik futbolchi o‘yinni jonlantirdi va yana bir bor bo‘lajak jahon darajasidagi yulduz ekanini namoyish etdi.

O‘yin oxiriga borib «Atletiko» futbolchilari asabiylasha va mezbonlarga provokatsiya qila boshladi, ammo mehmonlar javob golini ura olishmadi. 1:0 — Gvardiolani qoniqtiradigan hisob deyish qiyin, ammo bu baribir durangdan yaxshiroq.

«Liverpul» o‘ziga muammo yaratishiga bir baxya qoldi, ammo klass evaziga natijaga erishdi. Lissabonda «Benfika» ustidan g‘alaba qozongan (3:1) Yurgen Klopp jamoasi yarimfinal yo‘llanmasini deyarli naqd qildi.

Benfika — Liverpul 1:3
Gollar: Nunes (49) — Konate (17), Mane (34), Dias (88).
Benfika – Vlaxodimos, Jilberto, Vertongen, Otamendi, Grimaldo, Taarabt (Meyte, 70), Rafa Silva, Vaygl, Everton (Yaremchuk, 82), Nunes, Gonsalu Ramush (Mariu, 86).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 89), van Deyk, Konate, Roberson, Alkantara (Henderson, 61), Fabino, Keyta (Milner, 89), Saloh (Jota, 61), Mane (Firmino, 61), Dias.
Ogohlantirishlar: Alkantara (58), Taarabt (63).

Portugaliya — UYeFA koeffitsiyentlari jadvalida oltinchi chempionat. Top-5dan keyingi eng yaxshi liga, nazariy jihatdan Fransiya chempionati bilan raqobatchi. Ammo amalda aynan portugal jamoalari grandlar va boshqalarni ajratib turuvchi jarlikni eng yaxshi ifodalaydigan klublardir. O‘tgan mavsumda turnirdan «Yuventus»ni chiqarib yuborgan va «Chelsi»ga qarshi munosib o‘yinlar o‘tkazgan «Portu» esa istisnoli holat.

Bu mavsumda «ajdarlar» guruhda uchinchi o‘rinda qolib ketishdi, uyda «Liverpul» qarshisida imkonsiz qolib, yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdi (1:5). Mamlakatning amaldagi chempioni «Sporting» guruhdan chiqqan bo‘lsa-da, pley-off startida o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida «Manchester Siti» tomonidan tor-mor etildi (0:5). «Benfika» ham guruhda «Bavariya»ga qarshi o‘yinlarda to‘qqiz gol o‘tkazdi (0:4, 2:5). «Burgutlar» guruh bosqichida «Barselona»ni ortda qoldirgan bo‘lsa-da, kataloniyaliklar Ronald Kumanning so‘nggi oylarida juda bechorahol holatda edi, so‘nggi turda esa Xavining magiyasi hali ishga kirishmagandi.

Lissabonlik «burgutlar» ham o‘zgarishdi. Yangi yil arafasida klub Jorjye Jyezushni iste’foga chiqardi. «Flamengo»dan qaytgan murabbiy muxlislarni ranjitdi va futbolchilar bilan kelisha olmadi. Yakunda shturval «Benfika V» jamoasida ishlab kelgan Nelson Verissimuga topshirildi. Ichki chempionatda jamoa uchinchi o‘rinda va yetakchidan 15 ochko ortda qolgan, bunday holatda vaqtincha murabbiyga keyingi mavsumda ham ishonch bildirilishi dargumon.

Shunga qaramay, barcha prognozlarni yo‘qqa chiqargan holda Verissimu nimchorak finalda «Ayaks» to‘sig‘idan o‘tdi va chorakfinalda shunchaki statist rolida bo‘lishga rozi emasligini ko‘rsatdi. 44 yoshli mutaxassis hatto «Liverpul»ning zaif tomonlaridan foydalanish imkoniyati borligi haqida gapirdi. Matbuot anjumani vaqtida Verissimu bir necha bor 12-o‘yinchi omiliga to‘xtalgandi, faqat «Da Luj»dagi muxlislar Klopp va uning jamoasini qo‘rqita olmadi. Bu o‘yinda ekstraordinar harakatlar talab qilinardi, amalda esa maktab o‘quvchilari darajasida xatoga yo‘l qo‘yildi, burchak zarbasi amalga oshirilgan chog‘da 192-santimetrli Konateni negadir 174-santimetrli vinger Everton qo‘riqladi.

Balki mezbonlar «Liverpul»ning fransuz himoyachisi bombardirlik xususiyatlarini namoyish etib, klub safidagi ilk golini Chempionlar ligasida urishini kutishmagandir? Lekin e’tiborga olish kerakki, qizillarning bu mavsumda gol urgan futbolchilari soni yigirma nafardan oshadi. Qolaversa, Klopp shtabi portugallar o‘yinini ipidan ignasigacha o‘rganishgan edi. Mehmonlar raqib mudofaasini 34 yoshga chiqqan va tezligini yo‘qotgan Fertongen hamda Salohga individual biriktirilgan Grimaldo orasidan yorib o‘tishga e’tibor qaratishdi.

Ammo misrlik futbolchida baribir imkoniyatlar bo‘ldi, Manening tovon bilan bergan uzatmasidan keyin jarima maydoniga yorib kirgan Saloh darvozabonning vaqtida qarshi olishi tufayli gol urolmadi, Keytaning kesik pasidan keyin Diasda ham imkoniyat bo‘ldi. «Benfika» ham qarshi hujumlar uyushtirib turgan bo‘lsa-da, «Liverpul» zaxira bilan o‘ynadi va saviyadagi farqni ko‘rsatib qo‘ydi.

Ikkinchi gol esa raqibning ustidan kulishga aylanib ketdi. Aleksandr-Arnoldning diagonal uzatmasidan keyin Dias to‘pni bo‘sh darvoza qarshisida turgan Manega tashlab berdi — barchasi bu maqomdagi o‘yin uchun juda oson bajarildi.

Saloh yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketganida uchinchi golni urganida barchasi birinchi bo‘limdayoq hal bo‘lardi, ammo Vlaxodimos yana qutqardi va «Benfika» safidagi bu darajadagi o‘yinga tayyor bo‘lgan kam sonli futbolchilardan biri ekanini isbotladi. Ikkinchi bo‘lim boshida Rafa Silvaning qanotdan uzatmasi Konatening oyoqlari orasidan o‘tib ketdi va «burgutlar»ning eng yaxshi to‘purari Nunes vaziyatdan foydalandi.

Bu mavsumda «Barselona», «Bavariya» va «Ayaks» darvozalariga gol urgan urugvaylik futbolchi yana bir grand raqibni bu ro‘yxatga qo‘shib qo‘ydi. Hisob qisqarganidan keyin ikkinchi bo‘lim zerikarli o‘tmaydigan bo‘ldi. Mezbonlar hisobni tenglashtirishga ham yaqin kelishdi va maydondagi voqealardan jahli chiqqan Klopp birdaniga uch futbolchisini almashtirdi. Bu yordam berdi. «Portu»ning sobiq futbolchisi, tribunadagi muxlislar tomonidan hushtakbozlikka uchragan Dias o‘yin oxirida uchinchi golni urib, «Enfild»da kechadigan javob o‘yini rasmiyatchilik uchun o‘tkazilishini ta’minladi.

Mavzuga oid