Jahon | 09:35 / 06.04.2022
10140
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa 48 soat ichida 200 dan ortiq rossiyalik diplomatni chiqarib yubordi

Germaniya va Fransiya ortidan yana bir qancha Yevropa davlatlari rossiyalik diplomatlar chiqarib yuborilishini e’lon qildi. Dmitriy Peskov bu chorani «kaltabin qadam» deb atadi.

Foto: Sean Gallup / Getty Images

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari munosabati bilan Yevropa davlatlari 48 soat ichida 200 dan ortiq rossiyalik diplomatni chiqarib yubordi. 5 aprel, seshanba kuni Italiya, Ispaniya va Sloveniya Rossiyadan kelgan o‘nlab diplomatlardan mamlakatni tark etishni so‘radi. Kreml buni qoraladi va javob choralari ko‘rishini e’lon qildi

Fransiya va Germaniya 4 aprel kuni Rossiya qo‘shinlarining Bucha shahrida sodir etgan harakatlariga javoban o‘nlab rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi. Germaniya hukumati 40 nafar diplomatni persona non grata deb e’lon qildi. Fransiya 35 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatni tark etishga chaqirdi. 

Xuddi shunday choralar 5 aprel kuni Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari tomonidan ham amalga oshirildi. Italiya 30 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yubordi. Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares mamlakatni tark etishi so‘ralgan 25 nafarga yaqin rossiyalik diplomat «davlat manfaatlariga tahdid solayotgani»ni ma’lum qildi. Sloveniya, Estoniya, Ruminiya, Daniya va Shvetsiyada ham Rossiya elchixonalari xodimlarini chiqarib yuborish haqida ko‘rsatma berildi.

O‘z navbatida, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiyaning Yevropa ittifoqidagi 19 nafar vakilini «nomaqbul» deb e’lon qildi. Rossiyaning Yevropa ittifoqidagi doimiy vakili Bryusselga chaqirildi va qaror haqida xabardor qilindi, deb xabar berdi Borrel Strasburgda. Yevropa diplomatiyasi rahbari YeIdagi Rossiya vakolatxonasining «noqonuniy» va «qo‘poruvchilik» harakatlarini bunga sabab sifatida keltirgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov diplomatlarning chiqarib yuborilishini «kaltabin qadam» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, «diplomatik ishning torayishi muqarrar ravishda javob choralariga olib keladi». 

Mavzuga oid