Jahon | 15:26 / 11.04.2022
41651
9 daqiqa o‘qiladi

Voqealar rivoji bo‘yicha 3 ssenariy bor - siyosatshunoslar Afg‘onistonni kutayotgan voqealar haqida

2021 yil avgustida «Tolibon» harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallashi ortidan mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqiroz jiddiy xavfga aylandi. BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi xabariga ko‘ra, bugun mamlakatda 23 millionga yaqin odam, ya’ni aholining 55 foizi ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Holat esa kun sayin yomonlashib boryapti.

Bu o‘rinda ko‘pchilikni mamlakatning keyingi taqdiri nima bo‘lishi o‘ylantirishi tabiiy.

Kun.uz Afg‘onistondagi og‘ir vaziyat va kelgusida mamlakatda yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealar tahlili bo‘yicha siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov bilan intervyu uyushtirdi.

Qanday omillar afg‘on iqtisodiyotini jarlikka yiqitmoqda?

Kamoliddin Rabbimov:

— 2001 yilda AQSh va NATO koalitsiyasi Afg‘onistonga kirarkan, bu yerdagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat to‘liq g‘arb koalitsiyasi zimmasiga yuklangandi. Bu jarayon 2021 yilga qadar davom etdi.

Afg‘oniston iqtisodiyotiga har yili bir necha o‘n milliardlab sarmoya kiritish – G‘arbning Afg‘onistonda davlatchilik shakllantirish bo‘yicha strategiyasining asosi edi.

O‘tgan yili Afg‘onistonda hokimiyatga toliblarning kelishi bu jarayonni to‘xtatdi. Ya’ni Afg‘oniston shu paytgacha ichkaridan ishlab chiqaruvchi, raqobatbardosh iqtisodiy tizim yarata olmagandi.

Hokimiyatga kelishi arafasida toliblarga AQSh tomonidan ancha jiddiy va ratsional shartlar qo‘yilgan. Hali ham muzokaralar davom etyapti. Hozir esa tashqi dunyoning Afg‘onistonga berib kelingan yordamlari to‘xtatilishi oqibatida o‘ta og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi.

Bugungi kunda dunyo hamjamiyatining bor e’tibori Ukrainaga qaratilgani tufayli Afg‘onistonga e’tibor pasayib ketdi. Lekin bu degani Afg‘onistondagi inqiroz o‘z yechimini topyapti degani emas.

Suhrob Bo‘ronov:

— Darhaqiqat, ayni paytda Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat o‘ta keskin. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Afg‘oniston aholisining qariyb teng yarmi – 23 millionga yaqin kishi gumanitar inqiroz sharoitida kun kechirmoqda. Bu esa Amerikaning Afg‘onistondan chiqib ketishi va ayniqsa, mamlakatning xorijdagi 8 mlrd dollarga yaqin davlat aktivlari muzlatib qo‘yilishi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, bugunga kelib mintaqaning katta salohiyatga ega bir qator davlatlari tomonidan Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan yordamlar ham to‘xtab qoldi. Masalan, Hindistondan kelayotgan yordamlar. Hindiston avvalroq – Ashraf G‘ani hokimiyati paytida Afg‘onistonga yordam yetkazish bo‘yicha dunyoda beshinchi va mintaqada birinchi davlat edi.

Shuningdek, Yaponiya ham Afg‘onistonga katta miqdorda gumanitar yordam yetkazuvchi donor davlat edi. Ammo bugun mana shunday yordamlar oqimi to‘xtab qolgan.

Afg‘oniston bugungi jiddiy ahvolidan gumanitar yordamlar yoki g‘arbning sanksiyalar borasida yon berishi bilan ham chiqib ketolmasligi mumkin. Sizningcha, Afg‘onistondagi vaziyat rivoji bo‘yicha qanday ssenariylar, kutilmalar bor?

Suhrob Bo‘ronov:

— 2021 yil 15 avgustda Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatni egallarkan, uning oldiga jahon hamjamiyati tomonidan tashqi integratsiya borasida bir qator shartlar qo‘yildi. Ammo hozirgacha bu shartlar bajarilmadi. Xususan, inklyuziv hukumat tuzish, inson huquqlari ta’minlanishi yoki turli terroristik tashkilotlar bilan aloqalarni uzish masalasi hamon ochiq.

To‘g‘ri, ushbu shartlar bo‘yicha «Tolibon» ma’lum qadamlarni tashlayapti, ammo fikrimcha, bunga vaqt kerak. Chunki bu yerda «Tolibon»ning o‘z siyosiy va diniy maslaklari omili ham bor. G‘arb har qancha demokratik qadriyatlarni taklif qilayotgan bo‘lmasin, Afg‘onistonning ham o‘z xususiyatlari borki, bu islohotlar vaqt talab qiladi.

Nazarimda, mamlakatdagi voqealar rivoji bo‘yicha quyidagi 3ta katta ssenariyni kutish mumkin:

1. Afg‘onistonda «Tolibon» muvaqqat hukumatining dastlab mintaqa va keyinchalik dunyo miqyosida tan olinishi;

2. Afg‘onistonda vaziyat og‘irlashib, boshqa siyosiy guruh va harakatlar «Tolibon» hukumatiga qarshi harakat olib borishi va mamlakatda turli etnik va siyosiy guruhlar o‘rtasida fuqarolar urushi boshlanishi;

3. Afg‘oniston terrorchi ekstremistlarning va boshqa guruhlarning makoniga aylanib qolishi.

Fikrimcha, ayni vaziyatda birinchi ssenariyning amalga oshish ehtimoli katta. Ammo yuqorida aytganimdek, bu ssenariy amaliyotga ko‘chishi uchun ham ma’lum vaqt kerak.

Ayni shu ssenariy uchun «Tolibon» ham harakat qilmoqda. Jumladan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yildan 2021 yil dekabriga qadar mamlakatda to‘qnashuvlar 91 foizgacha kamaygan. Bunda shuningdek, tinch aholi orasida ham qurbonlar soni 50 foizgacha kamaydi. Ya’ni xavfsizlik masalasida «Tolibon» kerakli natijalarga erisha oldi.

Shuningdek, yaqinda «Tolibon» tomonidan giyohvand moddalar yetishtirishga ham taqiq e’lon qilindi. Bu – ijobiy ko‘rsatkich. Mazkur taqiq BMTning «Tolibon» bilan muloqotini yangicha shaklda davom ettirishga yangi qadamdir.

Bu borada BMTning ko‘mak beruvchi tashkiloti «YUNAMA»ning Afg‘onistondagi vakolat mandati muddatini 1 yilga uzaytirganini ham alohida ta’kidlash kerak. Bu masalada mintaqaviy konsensus ham bor. Jumladan, Afg‘oniston masalasida Xitoyda o‘tgan uchrashuvga alohida e’tibor qaratish kerak. Unda «Tolibon» hukumatini qay darajada tan olish va unga «Tolibon» qay darajada tayyorlanishi kerakligi masalasi muhokama qilindi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Afg‘onistondagi ijtimoiy barqarorlik bo‘yicha tashqi dunyoning xavotirlari borgan sari kuchayib boryapti. Bu borada qo‘shni davlatlar – Pokiston, Xitoy va asosiy bayroqdorlik ko‘rsatayotgan O‘zbekiston «Tolibon» siyosiy tizimining tezroq legallashuvini istaydi. Chunki Afg‘onistonda qaytadan fuqarolik urushi boshlanadigan bo‘lsa, bundan mintaqa davlatlari ko‘p narsa yo‘qotadi.

Bugun ko‘rindiki, 20 yillik urushdan keyin «Tolibon» nihoyatda qudratli harakatga aylanib ketgan. U 90-yillardagi kabi o‘ta millatchi tashkilot emas. U anchayin internatsional bo‘lib ulgurdi. Masalan, bugun toliblar hokimiyatidagi to‘rtinchi yirik lavozimli shaxs etnik o‘zbek Abdusalom Hanafiydir. Shuningdek, harakat yetakchilari safida boshqa millat vakillari ham bor.

Ayni paytda Afg‘onistonda keyingi 20-30 yilda bo‘lmagan holat – toliblar butun mamlakat bo‘ylab to‘laqonli nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir tashqi dunyo tushunyaptiki, mamlakatni kuchli nazorat qila olar va muzokara bilan dunyo hamjamiyati qo‘ygan shartlarga ularni ko‘ndirish mumkin ekan, nega «Tolibon» bilan hamkorlik qilmaslik kerak?

Bugun dunyo davlatlari «Tolibon»ni tan olish bo‘yicha ikki xil fikrda. Bunda mintaqa davlatlari – Xitoy, Pokiston yoki unga qo‘shni davlatlar «Tolibon»ning tezroq tan olinishi va qo‘yilgan konsensus talablari bajarilishini istaydi. Ya’ni bu davlatlar Afg‘onistonga birinchi o‘rinda ijtimoiy barqarorlik prizmasi orqali qaraydi.

Ammo G‘arb davlatlari birinchi navbatda qo‘yilgan talablar bajarilishi va shundan keyingina siyosiy tizimning tan olinishi masalasini qo‘ymoqda. Ya’ni kollektiv g‘arb uchun Afg‘onistonda ijtimoiy barqarorlik masalasi ikkinchi o‘rinda.

Chunki 20 yillik urushdan keyin g‘arbdagi ayrim siyosiy doiralar, siyosiy maktablar tafakkurida biz Afg‘onistonga investitsiya kiritdik, agar bu yerda tezda barqarorlik o‘rnatilsa, buning dividendlarini Xitoy oladi, degan tasavvur ham bor.

Afg‘onistondagi barqarorlik kelgusida mintaqada yirik logistik loyihalarni amalga oshirishga imkon beradi. G‘arbda esa Afg‘oniston orqali o‘tadigan katta loyihalarga raqobat hissiyoti yo‘q emas.

O‘zbekiston bu vaziyatda Afg‘oniston siyosiy tizimining tan olinishi va tezroq barqarorlik o‘rnatilishi tarafdori.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid