Jamiyat | 10:08 / 12.04.2022
76101
3 daqiqa o‘qiladi

Tirik chaqaloq yorib ko‘rilgan. Nukusdagi perinatal markaz shifokorlari tirik chaqaloqni "morg"ga berib yuborgani ma’lum bo‘ldi

Chaqaloqning ko‘krak qafasi yorib ko‘rilganda unda hayotiy belgilar aniqlangan. Shunday bo‘lsa-da, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasdan, perinatal markaz shifokorlari chaqirilib, chaqaloq qaytarib berib yuborilgan. Komission ekspertiza xulosasida o‘limga patologo-anatomik tadqiqot maqsadida tirik chaqaloqda o‘tkazilgan anatomik kesma-jarohat sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Illyustrativ foto

Nukus shahrida yashovchi fuqaro 2021 yili 14 fevralda qiz farzand ko‘radi. Oradan bir kun o‘tib 15 fevral kuni soat 09:15 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy perinatal markazi shifokorlari tomonidan ushbu chaqaloq o‘lgan, deb qayd etilib, soat 10:15 da patologiya byurosi xodimlariga berib yuboriladi.

Patologiya byurosi xodimlari tomonidan chaqaloqning ko‘krak qafasida anatomik kesma kesgan vaqtida chaqaloqda hayotiy belgilar aniqlanadi. Shunday bo‘lsa-da, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasdan, perinatal markaz shifokorlari chaqirilib, chaqaloq qaytarib berib yuborilgan.

Natijada, chaqaloq o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmaganligi oqibatida vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan Nukus shahar prokuraturasi tomonidan 2021 yil 6 aprel kuni JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari davomida tayinlangan komissiyaviy sud-tibbiyot ekspertizasining 2021 yil 26 oktyabrdagi xulosasida chaqaloq o‘limiga amaldagi standartlarga muvofiq reanimatsion yordam-o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi, surfaktant va lozim darajada qarov o‘tkazilmagani hamda patologo-anatomik tadqiqot maqsadida tirik chaqaloqda o‘tkazilgan anatomik kesma-jarohat sabab bo‘lgani, standartlarga muvofiq davo muolajalari o‘tkazilgan taqdirda chaqaloq hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy perinatal markazi chaqaloqlarning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.D., Qoraqalpog‘iston Respublikasi perinatal markazi neonatolog shifokori bo‘lib ishlagan S.R. va  Qoraqalpog‘iston Respublikasi patologiya-anatomiya byurosi patologiya-anatom shifokori K.G.lar O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan.

2021 yil 4 dekabr kuni dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudiga yuborilgan.

Hozirgi vaqtda ish jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid