Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qora dengizda «Moskva» kreyserida portlash ro‘y berdi. Ukraina tomoni kemaga qanotli raketalar bilan zarba berilganini xabar qilgan
Rossiya mudofaa vazirligi «Moskva» raketa kreyseridagi yong‘in chiqqani va o‘q-dorilar portlaganini tasdiqladi. Avvalroq Ukrainadagi manbalar kreyser qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilgani haqida xabar bergandi.
«Korabl jiddiy shikastlangan, ekipaj to‘liq evakuatsiya qilingan. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi RF mudofaa vazirligi ma’lumotida.
«Moskva» - RF harbiy-dengiz kuchlari Qora dengiz floti flagmani bo‘lib, flotdagi eng kuchli qurollarga ega kemadir, u C-300 ga o‘xshash «Fort» havo mudofaa tizimi bilan jihozlangan.
Avvalroq Odessa oblast ma’muriyati rahbari, polkovnik Maksim Marchenko ukrain harbiylari rossiyaliklarning «Moskva» raketa kreyseriga kemalarga qarshi «Neptun» qanotli raketalari bilan zarba berilgani va unga jiddiy shikast yetkazilgani haqida ma’lum qilgandi.
«U aynan Zmeyniy orolidagi chegarachilarimiz jo‘natgan joyga qarab ketdi! Qora dengiz himoyasida turgan «Neptun» raketalari rossiyaliklar korabliga juda jiddiy zarar yetkazdi», deya yozgan Marchenko.
Bu so‘zlar orqali u Zmeyniy orolini egallash bilan bog‘liq voqeaga ishora qilgan. Ukraina hukumati versiyasiga ko‘ra, aynan «Moskva» oroldagi ukrainalik harbiylar so‘kinish so‘zlari bilan nari ketishni taklif qilgan rus harbiy korabli bo‘lgandi.
«Moskva» kreyseridagi hodisa haqida Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich ham bilvosita tasdiqladi.

«Ikki matros noto‘g‘ri joyda chekib qo‘yishdi yoki yana bir marta qandaydir xavfsizlik choralarini buzishdi, negadir ularning omadi kelmadi. Xuddi Belgoroddagi kabi «Moskva»da ham omad kelmadi», deya sarkazm qilgan bu yong‘inga munosabat bildirar ekan Arestovich.
Arestovich Belgorodda ro‘y bergan yirik yong‘inni nazarda tutgan, o‘shanda bu yong‘in Rossiya hokimiyati ukrain vertolyotlari zarbalari oqibatida ro‘y berganini ma’lum qilgandi. Ukraina tomoni bu Ukraina qurolli kuchlarining harakatlari oqibati ekanini rasman tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.
Rossiya ukrain vertolyotlari Belgoroddagi neft bazasiga hujum qilganini aytmoqda. Asosiy ma’lumotlar
24 mart kuni Ukraina harbiylari rossiyaliklarning Berdyanskdagi portga harbiy texnikalar olib kelgan «Saratov» nomli yirik harbiy desant kemasi portlatilganini ma’lum qilgandi.
Ramziy va harbiy ahamiyati
AQSh Harbiy-dengiz kolleji qoshidagi Rossiyaning dengizdagi salohiyatini o‘rganish instituti direktori, professor Maykl Petersen BBC bilan suhbatda «Moskva» kreyseriga qanchalik kuchli zarar yetkazilgani haqida gapirishga hali ertaligi, ammo ukrainlar dengizda muhim g‘alabaga erishgan deb aytish mumkinligini qayd etdi.
«Men o‘ylaymanki, bu ham ramziy, ham harbiy ahamiyatga ega. Bu Rossiyaning Qora dengiz flotidagi flagmani, u allaqachon eskirgandi, ammo u hamon Rossiyaning Qora dengizdagi qudrati ramzi bo‘lib kelayotgandi», degan u.
Ekspertning fikricha, endi Rossiya floti Ukraina sohillaridan nariroq harakatlanish zarurligini tushunib yetadi.
«Bu qo‘shinlarni dengizdan o‘t ochish orqali qo‘llab-quvvatlash va qirg‘oqdagi hududlarni havo hujumidan himoya qilish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Men bu hodisa rossiyalik dengizchilarni ikki karra o‘ylab harakatlanishga majbur qiladi deb hisoblayman», deya xulosa qilgan Maykl Petersen.
«Moskva» kreyseri haqida yana nimalar ma’lum?

◾️ Kreyser – 1164 «Atlant» loyihasining yetakchi kemasi hisoblanadi. U sovetlar davrida, Ukrainadagi Nikolayev kemasozlik zavodida qurilgan, 1982 yilda suvga tushirilgan va ilk nomi «Slava» bo‘lgan.
◾️ U 1989 yilda KPSS markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Mixail Gorbachyov amerikaliklar prezidenti Jorj Bush bilan Maltada o‘tkazilgan sammitga borganida kemalar guruhi safida bo‘lgan.
◾️ 2000 yilda, endi «Moskva» nomi bilan RF harbiy-dengiz kuchlari Qora dengiz floti flagmaniga aylangan.
◾️ Kreyser qator qurolli mojarolarda, jumladan Suriya urushida ishtirok etgan. Shundan keyin korablni bir necha yil mobaynida ta’mirlashgan.
◾️ Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha marta xorijiy davlatlar yetakchilari bilan uning bortiga chiqqan. 2000 yilda, hali prezident v.b. ekanida Ukraina prezidenti Leonid Kuchma bilan birgalikda kemaga chiqqan.
◾️ Korabl ekipaji 510 kishini, uzunligi - 190 metrni tashkil etadi. U qanotli raketalar majmuasi, bir necha zenit-raketalar majmualari, artilleriya va kemaga qarshi qurollar bilan jihozlangan.
Mavzuga oid
09:14 / 01.05.2025
Rossiyaning Odessaga zarbasi: kamida ikki kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi
18:08 / 29.04.2025
Patrushev Rossiyaning Odessaga da’vosini e’lon qildi
08:40 / 16.04.2025
NATO bosh kotibi Odessada: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etadi
12:41 / 21.03.2025