Jamiyat | 13:32 / 18.04.2022
37353
16 daqiqa o‘qiladi

“Katta keyslar qolib ketishi mumkin” – o‘zbekistonliklar AQShning Toshkentdagi elchixonasidan suhbatga chaqiriluvchilar sonini ko‘paytirishni so‘ramoqda

AQShning Toshkentdagi elchixonasi 2021 yilning oktyabridan buyon bor-yo‘g‘i 1431 nafar DV-2022 dasturi g‘olibini suhbatga chaqirgan. Holbuki, aynan shu davrda Qo‘shma Shtatlarning boshqa davlatlardagi elchixonalari bundan bir necha barobar ko‘proq odamni suhbatdan o‘tkazishga ulgurgan.

Foto: uz.usembassy.gov

G‘oliblarning atigi 24 foizi suhbatga chaqirilgan...

DV Lottery dasturida so‘nggi besh yilda AQShga 50 ming fuqarosi immigratsiya qilgan davlatlardan tashqari barcha davlatlar fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar ham qatnasha oladi. Har yili lotereyada ishtirok etganlar orasidan dunyo bo‘ylab 55 ming kishi tanlab olinadi. Grin-karta egalari tasodifiy tanlanadi. Beriladigan vizalar mamlakat va mintaqa bo‘yicha cheklangan. Hech qaysi mamlakatga umumiy «grin-karta»ning 7 foizidan ortig‘i berilmaydi.

2022 yilda esa 6001 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV dasturi g‘olibi bo‘lgan. Ya’ni shuncha hamyurtimiz AQSh vizasi uchun talabgorlik qilmoqda. Biroq hozirga qadar ularning 1431 nafarigina suhbatga chaqirilgan. Bu jami g‘oliblarning 24 foizini tashkil qiladi.

“Agar ish shu tezlikda ketsa, oktyabrgacha ariza (keys) raqami katta bo‘lgan talabgorlar suhbatga chaqirilmasligi, natijada u DV Lottery dasturida g‘olib bo‘lganiga qaramay grin-karta ololmasligi mumkin”, demoqda Kun.uz bilan suhbatda grin-karta yutgan o‘zbekistonliklardan biri.

Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza statistikasi (Diversity Visas Statistics) platformasidan skrinshot

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha 1431 kishidan faqat 1063 nafari may oyiga qadar suhbatga chaqirilgan. 368 nafar talabgor uchun esa suhbat kuni belgilangan bo‘lib, ular may oyida viza berish masalasi hal bo‘ladigan suhbatga kirishi kutilmoqda.

Suhbatdan o‘tgan o‘zbekistonliklarning 567 nafarigagina viza berilgan bo‘lsa, 177 nafarining hujjatlari kamchiliklar va boshqa sabablarga ko‘ra elchixonada shubha uyg‘otgani uchun ma’muriy tekshirishga yuborilgan. 194 nafar talabgor viza masalasi ko‘rib chiqish jarayoni va suhbatga noma’lum sabablarga ko‘ra kela olmagan, DV-2022 dasturi g‘olibi bo‘lgan 125 kishining viza ololmasligi ma’lum bo‘lib ulgurgan, chunki suhbatdan so‘ng ularga viza berish rad etilgan.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan 2021 yilning oktyabr oyidan 2022 yilning fevral oyigacha berilgan immigratsion va noimmigratsion vizalar statistikasi

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, qoidaga ko‘ra DV-2022 g‘oliblarini suhbatga chaqirish 2021 yilning oktyabridan boshlangan. Biroq AQShning Toshkentdagi elchixonasi 2021 yil 10 oktyabridan 2022 yilning 31 yanvarigacha birorta ham nomzodni suhbatga chaqirmagan. Bunga pandemiya bilan bog‘liq vaziyat sabab qilib ko‘rsatilgan. Vaholanki 4 oy mobaynida elchixona tomonidan 3466 nafar immigratsion va DV-2022 dasturiga aloqasi bo‘lmagan boshqa noimmigratsion vizalar berilgan. Bu AQSh Davlat departamentining konsullik ishlari byurosi ma’lumotlari asosidagi raqamlardir.

Biroq AQShning boshqa davlatlardagi elchixonalari 2021 yilning oktabr, noyabr, dekabr hamda 2022 yilning yanvar oylarida DV dasturi g‘oliblarini suhbatdan o‘tkazishni davom ettirgan. Jumladan, oktabr–dekabr oylarida AQShning Abu-Dabi (BAA), Varshava (Polsha), Tbilisi (Gruziya), Kiyev (Ukraina), Anqara (Turkiya), Olmaota (Qozog‘iston) hamda Yerevan (Armaniston)dagi elchixonalari jami 65 kishini suhbatga chaqirgan.

AQShning turli davlatlardagi elchixonalari tomonidan DV dasturi g‘oliblari uchun belgilangan suhbatlar statistikasi

2022 yilning yanvar oyida esa AQShning Varshava, Anqara, Kiyev, Tbilisi, Olmaota, Ashxobod (Turkmaniston), Bishkek (Qirg‘iziston), Seul (Janubiy Koreya) hamda Riga (Latviya)dagi elchixonalari umumiy hisobda 311 nafar DV-2022 dasturi g‘olibi uchun suhbat belgilagan. Bu raqamlar unchalik katta bo‘lmasligi mumkin, ammo ushbu davlatlardagi elchixonalar AQShning Toshkentdagi elchixonasidan farqli o‘laroq vazifasiga vijdonan yondashgan va grin-karta g‘oliblarini imkon qadar suhbatdan o‘tkazishga harakat qilgan. Har holda hech narsa qilmagandan ko‘ra shu tahsinga loyiqroq, shunday emasmi?!

Agar AQShning Toshkentdagi elchixonasi o‘zi bayonot berganidek, oktyabrdan to fevralgacha DV dasturi g‘oliblarini koronavirus pandemiyasi tarqalishi bilan bog‘liq cheklovlar sababli suhbatga chaqirmagan bo‘lsa, nega ayni shu davlatning boshqa mamlakatlardagi elchixonasi faoliyatini davom ettirdi? Vaholanki, pandemiya butun dunyoda kuzatildi va mantiqan epidemiologik cheklov AQShning barcha davlatlardagi vakolatxonalariga birday taalluqli bo‘lishi kerak emasmidi? Yoki 4 oylik tanaffus Toshkent elchixonasining o‘zidan chiqqan tashabbus edimi?

“7000 gacha bo‘lgan keys egalari suhbatga chaqirilgan...”

Qoidaga ko‘ra, grin-karta g‘oliblari ma’lum qilingach, ulardan DS-260 shakl bo‘yicha anketa to‘ldirib yuborilishi so‘raladi. Shundan so‘ng anketa ma’lumotlari va vizaga talabgorlar hujjatlari ko‘rib chiqilib, suhbat kuni belgilanadi.

Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan hozirgacha keys raqami 7000 gacha bo‘lgan talabgorlar suhbatga chaqirilgan. Agar jarayon shu maromda davom etsa, iyun oyigacha 9000, iyulgacha 11000, avgustgacha 13000, sentabrgacha 16000 gacha bo‘lgan keys egalari suhbatga taklif qilinishi mumkin. Bu shunchaki prognoz xolos, deylik, qaysidir oyda suhbatga chaqiriluvchilar soni kamayib ketsa, bu raqamlar ham o‘zgarib ketishi hech gapmas.

Suhbatga chaqirilgan DV-2022 dasturi g‘oliblarining keyslari tahlili

“Dastavval elchixona katta va kichik raqamli keyslarni aralash chaqirayotgandi. Shuning uchun ham hozirgacha suhbatga chaqirilgan keyslarning raqami endigina 7 mingga borgan bo‘lsa-da, yuqori raqamli keyslardan ham bir qancha g‘oliblar suhbatga kirib-chiqishga ulgurgandi. Nazarimda, bu adolatdan bo‘layotgandi. Keyinchalik advokatlar suhbat keys raqamlari bo‘yicha belgilanmayotgani ustidan shikoyat qilishdi va shundan so‘ng g‘oliblar keys raqamlari bo‘yicha tartib bilan suhbatga taklif olmoqda. Ammo bu katta keysli nomzodlarning zarariga ishlamoqda. Elchixona bu yog‘iga keys raqamlarini aralash chaqira olmas ekan, hech bo‘lmasa suhbat o‘tkaziladigan kunlarni ko‘paytirishi hamda suhbatga chaqiriluvchilar limitini oshirishi shart. Shunda boshqalarning huquqlari poymol bo‘lmaydi. Chunki keys raqami katta yoki kichikligidan qat’i nazar barcha g‘olib va teng huquqlidir”, deydi DV-2022 dasturi g‘olibi bo‘lgan o‘zbekistonlik erkak.

Ma’lum bo‘lishicha, AQShning Toshkentdagi elchixonasi aprel oyida 140, may oyida esa 120 keys egasini oila a’zolari bilan birga suhbatga chaqirgan. Hozirgacha suhbatga chaqirilganlar soni 1431 nafar, bundan kelib chiqib iyun-sentabr oyida 1500 kishi suhbatga chaqirilgan taqdirda, grin-karta yutganlarning 50 foizigina viza olishi, qolgan 50 foizi esa bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

“Agar ish shu tarzda davom etsa ko‘plar viza ololmaydi”

DV-2022 dasturi bo‘yicha viza olish muddati 2022 yil 30 sentabrgacha davom etadi. Kun.uz suhbatlashgan DV-2022 dasturi g‘oliblari vizaga talabgorlarni suhbatdan o‘tkazish juda sekin kechayotgani, agar barchasi shu zaylda davom etsa, ko‘pchilik suhbatga kira olmay vizasiz qolishini ta’kidlamoqda.

“Biz oilaviy DV-2022 g‘oliblarimiz. Grin-karta xo‘jayinimga chiqqan. Keys raqamimiz (individual ro‘yxat raqami) 20 minglik. AQShning Toshkentdagi elchixonasi oktyabrdan g‘oliblar ishini ko‘rib chiqishni boshlashi kerak edi, ammo bizga noaniq sabablarga ko‘ra hujjatlarni ko‘rib chiqish fevral oyidan boshlandi. Buning ustiga bir oy davomida o‘tkazilayotgan suhbatlar soni juda kam. Elchixona risoladagidek ishlagan paytida har haftada 2 marta suhbat uyushtirgan va ko‘p suhbat belgilangan. Hozir esa oyiga 4 kun suhbat belgilayapti va o‘tkazilayotgan suhbatlarning soni ham juda kam. Bu ketishda keys raqami 14-15 ming bo‘lgan g‘oliblargacha ham navbat yetib bormasligi mumkin.

O‘zimiz haqimizda ma’lumot beradigan bo‘lsam, 10 yildan beri Rossiyadamiz. AQShga ketish azaliy orzumiz. Rossiyada millatchilik kuchayib bormoqda, shu sababli bu yerda qolgimiz yo‘q. O‘g‘lim 4-sinfda o‘qiydi, a’lochi, lekin maktabda boshqa davlatdan kelgan bolalarga yaxshi baho qo‘yishni xohlashmaydi. Migrantlarga bo‘lgan munosabat boshqa masalalarda ham yaqqol ko‘rinadi. Rossiyada mahalliy xalq vakillarining qovoq-tumshug‘iga qarab yashash jonga tegdi. AQShda esa odam ajratish yo‘q. Qolaversa, Ukrainaga bostirib kirgani uchun qo‘llangan xalqaro sanksiyalar ta’sirida Rossiyada yashash kundan kunga qiyinlashib bormoqda. Shuncha yil grin-karta o‘ynab, endi og‘zimiz oshga yetganda, orzumizdan mahrum bo‘lishni istamaymiz. Elchixonadagi mas’ullar bizni to‘g‘ri tushunib, barcha g‘oliblarning suhbatga kirishiga imkon berishidan umidvormiz”, deydi shaxsiy sir qolishini istagan o‘zbekistonlik DV-2022 g‘oliblaridan biri.

“2021 yil 1 oktyabrda DV-2022 g‘oliblari elchixonaga suhbatga chaqirila boshlashi kerak edi. Ammo oktyabr, noyabr, dekabr, yanvar – ya’ni to‘rt oy davomida bir kishi ham suhbatga chaqirilmadi. Elchixona pandemiya davrida to‘planib qolgan boshqa viza turlari berish bilan bandmiz deb bayonot bergandi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi Facebook’dagi rasmiy sahifasida grin-karta g‘oliblaridan birining savoliga javob berib, DV-2022 g‘oliblari bilan suhbatlar noyabr oyidan yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi. Biroq bunday bo‘lmadi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasining Facebook’dagi sahifasi tomonidan DV-2022 g‘olibining savoliga berilgan javob

Suhbat tashkil qilinmagan oylarning o‘rni keyingi oylarda qoplab ketilsa kerak, ya’ni suhbat kunlari va suhbatga chaqiriluvchilar soni bir necha barobarga ko‘paytirilib, barchaga teng sharoit yaratiladi deb o‘ylagandik. Lekin bunday bo‘lmayapti. Mart oyida atigi to‘rt kun davomida suhbat bo‘lib o‘tdi. Hozirgacha juda kichik raqamli keyslar chaqirildi. Bizning keysimiz 14 mingdan yuqori. Sentyabrgacha navbat yetib keladimi-yo‘qmi, noma’lum.

DV dasturi g‘oliblarining hujjatlarini qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan Kentukki konsullik markaziga ham, AQShning Toshkentdagi elchixonasiga ham suhbatlarni ko‘paytirishni so‘rab bir necha marta e-mail orqali murojaat qildik. Men va boshqa talabgorlarning murojaatlarimizga bir xil – “Navbatingiz kelsa, suhbatga chaqirilasiz” degan javob kelgan. Bizning keysimiz-ku 14 va 15 ming orasida, shunga qaramay xavotirdamiz. Keys raqami 20-21 ming bo‘lganlar ham bor, ularga navbat yetib boradimi-yo‘qmi, hech kim bilmaydi”, deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan o‘zbekistonliklardan biri.

“Har oy faqat 4 kun suhbat o‘tkaziladigan bo‘lsa, ko‘pchilik viza ololmasligi aniq va bu adolatdan bo‘lmaydi. AQSh butun dunyoga adolatli jamiyati va qarorlari bilan mashhur bo‘lgan. Konsullik xodimlaridan keys raqamidan qat’i nazar barchaga teng nazar bilan qaralishi, buning uchun esa suhbat kunlari va suhbatga chaqiriluvchilar sonini ko‘paytirishlarini iltimos qilamiz.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi Kun.uz tahririyatining savollariga javoban immigratsion vizalar bilan bog‘liq ishlarni Davlat departamentining ustuvorlik jadvaliga muvofiq ko‘rib chiqishni davom ettirayotgani, ushbu jadvalga ko‘ra DV vizalari ustuvorlik bo‘yicha eng quyi o‘rinda ekanini ma’lum qilgandi. Axir bu adolatdan emas-ku!

Boshqa turdagi vizalarning vaqti chegaralanmagan, ularni istalgan vaqt olish mumkin. Lekin DV Lottery dasturi orqali beriladigan vizalar qat’iy muddatlarga ega va agar ruxsat olish muddati o‘tkazib yuborilsa, ariza beruvchi dastur bo‘yicha AQShga ko‘chib o‘tish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin. To‘rt oy davomida suhbat tashkil etilmaganini inobatga olib, hech bo‘lmasa sentabrgacha DV vizalarga ustuvorlik berilsa, qolgan vizalar bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish kechiktirib yoki qisqartirib turilsa, bundan juda ko‘pchilik minnatdor bo‘lardi”, – deydi arizasi ko‘rib chiqilishidan xavfsirab, ismi sir qolishini so‘ragan vatandoshlardan biri.

“Yemagan somsamizga pul to‘layapmiz”

Kun.uz’ga murojaat qilgan o‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra, AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan 2021 yilning oktyabridan 2022 yilning fevraligacha DV-2022 dasturi g‘oliblarining hujjatlari ko‘rib chiqilmagani va nomzodlarni suhbatdan o‘tkazmagani DV-2021 dasturi g‘oliblariga viza berishni tezlatishga oid sud qarori ijrosi bilan bog‘liq.

“Elchixona fevralgacha sud tomonidan zaxiraga olingan DV-2021 dasturi g‘oliblari ishini ko‘rib chiqamiz degandi va shu bilan band bo‘ldi. Qolaversa, bilishimizcha, AQSh Davlat Departamenti ham Toshkentdagi elchixonasiga DV-2022 dasturi g‘oliblarini suhbatdan o‘tkazishga ruxsat bermadi.

Keyinroq suhbat qachon o‘tkazilishini so‘rab yo‘llagan bir qancha murojaatlarimizga ham elchixona konsullik bo‘limidan DV-2021 dasturi g‘oliblarining ishini ko‘rib chiqish bilan bandmiz degan javob oldik.

Biroq ma’lum bo‘lishicha, shuncha oy davomida DV-2021 dasturi g‘oliblarining ishi ham juda qoyilmaqom darajada ko‘rilmabdi. O‘tgan yil davomida atigi 17 ta keys bo‘yicha suhbat o‘tkazilgan xolos.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan DV dasturi g‘oliblarining ishini ko‘rib chiqish statistikasi

Sud qaroriga ko‘ra DV-2021 dasturi g‘oliblarining ishini ko‘rib chiqish uchun berilgan qo‘shimcha vaqt hisobiga DV-2022 dasturi g‘oliblarining hujjatlarini ko‘rib chiqish 4 oyga kechikdi. Natijada 2021 yilning oktyabridan 2022 yilning apreligacha 156 ta keys bo‘yicha viza berilgan xolos.

DV-2022 dasturi g‘oliblari o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatga ko‘ra aybsiz aybdor bo‘lib qolishdi. Xalqona tushuntirganda, yemagan somsamiz uchun pul to‘layapmiz. Mana shularni inobatga olib elchixonaning konsullik bo‘limi bizga ham qo‘shimcha vaqt ajratishi, buning imkoni bo‘lmagan taqdirda, sentabrgacha bo‘lgan muddatda suhbatlar sonini eng kamida ikki barobarga ko‘paytirishi maqsadga muvofiq”, deydi o‘zbekistonlik DV-2022 g‘oliblari.

Hamyurtlarimiz AQShning Toshkentdagi elchixonasiga videomurojaat ham tayyorlashgan. YouTube, Facebook, Twitter, Instagram’da e’lon qilingan videomurojaatda suhbat kunlari va suhbatga chaqiriluvchilar sonini ko‘paytirishni so‘rashgan. Hozircha AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bu murojaatga hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.

Jamshid Niyozov,
jurnalist

Mavzuga oid