Ortiqxo‘jayev xushmuomala YPX xodimlarini Lacetti bilan mukofotlamoqchi
YPX xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazgan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentda «Eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi» tanlovi o‘tkazilishini ma’lum qildi. 3 nafar g‘olib haydovchilarning ovoz berishi orqali aniqlanadi.
«Iltimos, shu bir hafta tajriba nuqtasidan, o‘zgartirib ko‘ringlar, odamlar sizlarga muomalasini keskin ravishda o‘zgartirishiga 100 foiz ishonchim komil. Agar men 800-900 nafar GAI xodimi bilan o‘tirib, ularning dunyoqarashini o‘zgartira olmasam, o‘tirganimning nima foydasi bor? Agar 50 ming kishilik tarkibinglar bo‘lganida ham qiyin edi.
Homiylarimiz tomonidan bizga 3 ta mashina berildi, hurmatli general (Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Toshpo‘latovga murojaatan – tahr). 1-o‘ringa Lacetti, 2-o‘ringa Nexia, 3-o‘ringa Spark. Toshkent shahar hokimligida «Eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi» – ochiq konkurs o‘tkazamiz. Haydovchilarimiz ovoz bersin, homiylarimiz yordamida har yili shunday qilishga harakat qilsak. Mana birinchisini… Mustaqillik kuni kelyapti», — degan Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt YPX xodimlari bilan uchrashuvda.
Shuningdek, hokim poytaxtda xizmat qilayotgan xodimlar o‘zgacha bo‘lishi hamda xulqi, odobi va mehnati bilan ajralib turishi kerakligini, YPX xodimlarining shaxsiy muammolarini tinglash uchun ularni shaxsan o‘zi qabul qilishini aytgan.
«Bugundan boshlab har oyda bir marta shu 900 nafar DAN xodimlari uchun qabul kuni qilaylik. Dardini eshitaylik, bularning ham shaxsiy masalalari va muammolari bor. Bular ham bizga o‘xshagan odamlar, faqat ish vaqtida kiyimi boshqa.
… DAN xodimlarining mehnati Toshkent shahrida eng og‘ir mehnatlardan bittasi. Bular 3 million insonning kayfiyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan odamlar. Men ularni oyda bir marta xodimlarigacha qabul qilishga tayyorman. Lekin menga bugun sizlar shunaqa so‘z beringlarki, odamlarga muomalasi va dunyoqarashini o‘zgartirish, odamlar huquqbuzarlik qilishidan oldin, «amakijon yoki ukajon, sen bu yerda to‘xtamagin, deb»… Chet ellarda ko‘p bo‘lganmiz, ularda shunaqa yo‘l tutishadi.
Hamma o‘z muammosi bilan chiqadi, agar siz ham nimadir desangiz yonib ketadi, battar. Yaxshi muomala qilsangiz, bularning hammasi — mehmonlar ham, sayyohlar ham yaxshi insonlar», — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimi fuqarolarga ham murojaat qilib, YPX bilan muomala qilishda og‘irroq bo‘lish va beodoblik qilmaslikka chaqirdi.
Mavzuga oid
09:43 / 11.08.2024
Samarqandda YPX xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi qo‘lga olindi
17:55 / 26.05.2024
Qoraqalpog‘istonda YPX xodimini urib tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi
20:36 / 02.03.2024
«Pulni o‘zi sizni quvsin». Jahongir Ortiqxo‘jayev Superliga startidan oldin «Paxtakor» jamoasi bilan uchrashdi
09:24 / 17.02.2024