Kiyev atrofida ishlayotgan sapyorlar, Mariupolda yongan avtobuslar, kemalar va masjid. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 55-kuni o‘tdi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya o‘z kuchlarini Donbassda jamlashda davom etmoqda. BMT hisoblariga ko‘ra, urush boshidan buyon Ukrainaning tinch aholisi orasidagi qurbonlar soni ikki mingdan oshgan. «Ukrainskaya pravda» gazetasi Kiyev oblasti politsiyasi rahbariga asoslanib yozishicha, oblast hududini rossiyaliklar tark etgach topilgan jasadlar soni mingdan oshgan. Mariupolda «Azovstal» shturmi davom etmoqda.
Ukrainadagi urush. So‘nggi ma’lumotlar
Ukraina bosh shtabining ertalabki ma’lumotlariga ko‘ra, frontda jiddiy o‘zgarishlar yo‘q. Rossiyaliklar Donbassda ukrainaliklarning pozitsiyalarini doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda, bombalamoqda, hujum qilmoqda va yorib o‘tish uchun zaif nuqtani qidirmoqda, region shimolida yurish davom ettirilmoqda, ammo katta muvaffaqiyatlarsiz.
Mariupolda so‘nggi kuchlari bilan qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan Ukraina dengiz piyodalari brigadasi komandiri Sergey Volin AQSh, Britaniya, Turkiya va Ukraina yetakchilarini Rossiya bilan kelishuvga erishib, uning jangchilari va «Azovstal»dagi tinch aholini qutqarishga chaqirdi.
Pentagon Ukraina jangovar samolyotlarga ega bo‘lganini ma’lum qildi - ular AQShdan emas, NATOning boshqa mamlakatidan yetkazib berilgan. Gap aynan qanday samolyotlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden yaqin kunlarda 800 mln dollarlik yana bir harbiy yordam paketini tasdiqlaydi, bu paket artilleriya va snaryadlar yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.