O‘zbekiston | 15:31 / 20.04.2022
6484
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘kdala tumaniga prokuror, soliq va IIBga boshliq tayinlandi

Yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanining to‘rtligi tasdiqlangan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumaniga prokuror, davlat soliq inspeksiyasi va ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tayinlangan.

Jumladan, Bahrom Bo‘tayev tuman prokurori lavozimiga tayinlangan. B.Bo‘tayev 1985 yilda Qamashi tumanida tug‘ilgan. Mazkur tayinlovgacha u Shahrisabz shahar prokurori lavozimida ishlagan.

Sherzod Shokirov tuman IIB boshlig‘i etib tayinlangan. Sh.Shokirov 1980 yilda Koson tumanida tug‘ilgan. Mazkur tayinlovgacha Sh.Shokirov Nishon tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Faxriddin Muhammadiyev tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlangan. F. Muhammadiyev 1972 yilda Kitob tumanida tug‘ilgan. Mazkur tayinlovgacha u viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 aprel kuni Ko‘kdala tumaniga hokim tayinlandi. Avval Chiroqchi tumani hokimi vazifasida ishlagan Xurram Jo‘rayev Ko‘kdala tumani hokimi etib tayinlandi. Uning o‘rniga viloyat hokimining moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev Chiroqchi tumani hokimi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil oktyabr oyida prezident Qashqadaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda Chiroqchi tumanining aholisi ko‘pligi va hududi kattaligini inobatga olib, tumanni ikkiga bo‘lish va uning bir qismida Ko‘kdala tumanini tashkil etish taklifini bildirgandi.

2022 yil 17 mart kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida senatorlar Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqqan va uning tegishli qarori qabul qilingandi.

Mavzuga oid