O‘zbekiston | 14:04 / 20.04.2022
77379
6 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vaziri davolanishdan qaytmayapti. Bu vaqtda uning vazirligida kutilmagan tajriba o‘tkazilishi mumkin

Ikki vazirlik birlashtirilishi va unga Sardor Umrzoqov rahbar etib tayinlanishi haqida xabarlar tarqaldi. Har ikkala vazirlik matbuot xizmati ham bundan bexabar. Bu gaplar Abdulaziz Komilovning Ukraina bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasiga oid bayonotidan so‘ng tarqalgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Kun.uz / kollaj

Gazeta.uz jurnalisti Shuhrat Latipov o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirilishi, yangi vazirlikka rahbar sifatida Sardor Umrzoqov nomzodi ko‘rilayotgani haqida xabar berdi. Uning manbalariga tayanib yozishicha, tegishli hujjat prezident administratsiyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda, yaqin kunlarda e’lon qilinishi mumkin.

Bu ma’lumotlar bo‘yicha rasmiy doirada munosabat bildirilmadi, shuningdek rad etilgani ham yo‘q.

Kun.uz bilan gaplashgan Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bu masalada hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi. Vazirlik rasmiylaridan 18 martdan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bermayotgan Abdulaziz Komilovning salomatligi borasida ham ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatidagilar ham kutilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha «hozircha hech qanday ma’lumotga ega emas».

Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov oxirgi marta 17 mart kuni Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni esa tan olmasligini ma’lum qilgan, shuningdek, O‘zbekiston Ukrainadagi harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi tarafdori ekanini aytgandi. 18 mart kuni esa Dominikana va Janubiy Koreyaning yangi elchilarini qabul qilgan.

Shundan so‘ng 29 mart kuni 75 yoshli vazir o‘n kun davomida surunkali kasalliklari tufayli O‘zbekistonda tibbiy muolajalar olgani, keyin davolanish uchun xorijga ketgani xabar qilindi.

O‘tgan vaqt mobaynida TIV doirasidagi xalqaro uchrashuv tadbirlarida O‘zbekiston nomidan Sardor Umrzoqov qatnashib kelmoqda.

Xususan, 30-31 mart kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar vazirlari uchrashuvida hamda o‘sha tadbir doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda O‘zbekiston hukumati nomidan Umrzoqov qatnashgan.

Shuningdek, joriy yil 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishida ham bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov qatnashdi.

Bunday muhim vaziyatda hukumat sukut saqlayotgani sabab jamoatchilik turli fikrlarni bildira boshladi.

Masalan, davletov.uz telegram kanali vazirliklarni qo‘shib yuborish bo‘yicha «eksperiment»larni Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qo‘llamaslik kerakligini aytib, buning oqibatlaridan ogohlantirgan.

«To‘g‘ri, O‘zbekistonda vazirlik tuzish, ularni bir-biriga qo‘shish va ajratishdan oson ish yo‘q bo‘lib qoldi. Bunga 2016 yildan beri bir necha marta o‘zgargan vazirlik va idoralar, yangi tashkil etilib, tugatib yuborilgan agentliklar yaqqol misol bo‘ladi.

Lekin nazarimizda, O‘zbekistonning mintaqadagi siyosiy o‘rni va qaysidir ma’noda mamlakatni himoya qilib kelayotgan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi prinsiplaridan kelib chiqqan holda yuqoridagi «eksperiment»larni Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qo‘llamagan ma’qul. Chunki hozirgi sharoitda vorisiylikni ta’minlash, mavjud va qimmatli kontaktlarni saqlab qolish juda muhim. Afg‘onistondagi beqarorlik, Pokistondagi siyosiy kuchlarning o‘zgarishi, Ukraina urushi tashqi siyosatda yanada e’tiborli bo‘lishni talab qiladi.

Diplomatiya sokinlikni xush ko‘radi. Iqtisodiy diplomatiyaning hozirgi ritmini saqlagan holda puxta-pishiq, oqibatlarini inobatga olgan holda qaror qilish kerak bo‘ladi. Keyin yana bir narsa borki, dunyo tajribasida Tashqi ishlar vazirligi qancha o‘zgartirilmasin, yana ko‘p o‘tmay eski maqomiga qaytib kelavergan. Bizda ham xuddi shunday bo‘lishi aniq.

Va oxirgisi, tashqi siyosat mahkamasidagi o‘zgarishlar senatdagi bayonot natijasi sifatida tarixda qolmasligi kerak, hech qursa», — deb yozadi muallif.

Ma’lumot uchun, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2019 yilda «Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni asosida Investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat qo‘mitasi va Tashqi savdo vazirligini qo‘shish yo‘li bilan tashkil qilingan.

Vazirlik davlatning chet el investitsiyalarini, birinchi navbatda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni muvofiqlashtirish, xalqaro moliya institutlari (boshqaruv ofislari) va chet el hukumatga qarashli moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda davlatning yagona investitsiya siyosatini amalga oshirish, shuningdek tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Sardor Umrzoqov haqida vazirlik rasmiy saytida ma’lumot yo‘q. Boshqa ochiq manbalarga ko‘ra, Umrzoqov 1977 yil 23 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1994-1998 yillarda Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetida o‘qib bakalavr, 1998-1999 yillarda Buyuk Britaniyadagi Reding universitetida tahsil olib magistr darajasini olgan.

U 2019 yil 28 yanvarda prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan. Shuningdek, 2019 yil yanvar oyidan buyon Savdoni tarif va notarif tartibga solish kengashining raisi va Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyasining raisi hisoblanadi. 

Mavzuga oid