Jahon | 15:03 / 20.04.2022
42322
8 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy «Donbass uchun jang» boshlanganini aytgandi. Amalda nimalar bo‘lmoqda?

Dushanba kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rossiyalik harbiylar Donbassda hujum boshlagani haqida aytgandi. Seshanba kuni Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov «maxsus amaliyotning keyingi fazasi boshlangani»ni ma’lum qildi. Ekspertlar esa Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli hujumi boshlangani haqida aytishga hali erta deb hisoblamoqda.

Foto: Getty Images

Rossiya va Ukraina hukumati nimalar degan
Rossiya «Donbass uchun jang boshlagani» haqida Zelenskiy har kuni kechasi qiladigan videomurojaatida aytgan. «Rossiya qo‘shinlarining salmoqli qismi u yerda hujumga o‘tish uchun to‘plangan. Ular u yerga qancha harbiy olib kelmasin, biz himoyalanamiz. Kurashamiz. Ukrainaning hech narsasini berib qo‘ymaymiz», degan u.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov India Today telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaga qarshi «maxsus amaliyot»ning navbatdagi fazasi boshlanganini ma’lum qildi. «Ushbu amaliyot davom etmoqda. Hozirda amaliyotning navbatdagi fazasi boshlanmoqda. Ishonchim komilki, bu butun maxsus amaliyot uchun muhim lahza bo‘ladi», degan u. Lavrov maxsus amaliyot «Donetsk va Lugansk Respublikalarini to‘liq ozod etish»ga qaratilganini ta’kidladi.

Rossiya hukumati bungacha ham asosiy e’tibor Donbassga qaratilishi haqida aytib kelayotgandi. Bu haqda Ukraina hukumati va g‘arblik ekspertlar ham ogohlantirgan.

Seshanba kuni so‘nggi uch hafta ichida ilk bor ko‘rinish bergan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi urushning borishi haqida gapirdi, ammo u o‘z chiqishida yangi faza boshlangani haqida eslab o‘tmagan. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni «ozod qilish rejasini izchil amalga oshirayotgani», AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari esa urush «maksimal darajada cho‘zilishi» uchun hamma ishni qilayotganini aytgan.

Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov jurnalistlarning Lavrov aytgan «maxsus amaliyotning yangi fazasi» deb nimani nazarda tutgani borasidagi savoliga izoh bermadi va buni mudofaa vazirligidan so‘rash kerakligini aytdi.

Ukraina sharqida nimalar bo‘lmoqda?
19 aprel tongida Ukraina mudofaa vazirligi mamlakat sharqidagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni Rossiyaning markaziy va sharqiy regionlaridan Ukrainaga qurollar va harbiy texnikalarni olib kelishda davom etmoqda. Shuningdek, rossiyalik harbiylar Donetsk va Tavr yo‘nalishlarida butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab harakatlarni faollashtirgani qayd etilgan.

«Raqibning asosiy sa’y-harakatlari bizning harbiylarning Lugansk va Donetsk oblastlaridagi mudofaa chiziqlarini yorib o‘tishga, shuningdek Mariupol shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga qaratilgan», deyilgan vazirlik hisobotida. Unda shuningdek, rossiyalik harbiylar Zaporojye oblastining ham ayrim hududlarida o‘z bo‘linmalarini jamlayotgani keltirilgan.

Eng og‘ir vaziyat Mariupolda, bu yerda «Azovstal» uchun jang ketmoqda - amalda shahar ichidagi shaharcha bo‘lgan bu hududda ukrainalik himoyachilarning oxirgi o‘chog‘i qarshilik ko‘rsatmoqda.

Rossiya mudofaa vazirligi bu yerdagi ukrain harbiylariga taslim bo‘lishni taklif qildi, ammo himoyachilar qurolni tashlamadi.

Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov 19 aprel kungi brifingda Rossiya aviatsiyasi Ukrainadagi 60 ta harbiy obektlarga zarba yo‘llaganini ma’lum qilgan.

Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham seshanba kuni oblast hududida vaziyat yomonlashayotganini aytdi. «Keskinlik boshlangan, vaziyat og‘ir. Ammo bizning himoyachilarimiz himoyani ushlab turishibdi, Rubejnoye va Popasnayaga hujumlar qaytarilmoqda», degan u. 

Rossiya-Ukraina muzokaralari muzlab qolgan - buni ikki tomon ham tan olmoqda. «Keyingi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar qachon bo‘lishini aytish qiyin», dedi seshanba kuni Ukraina muzokarachilari vakili Mixail Podolyak.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich esa Rossiya hukumati Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralarigacha kelib, buni urushdagi g‘alaba sifatida e’lon qilishni ko‘zlayotgani haqida gapirgan. Uning fikricha, Rossiya qurolli kuchlari zaif joylarni izlamoqda va bunday nuqtalar topilsa, asosiy kuchni shunday nuqtalarga yo‘naltirmoqchi.

Ukraina bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, Donetsk oblastining Marinka shahri atrofida rossiyalik harbiylar Ukraina armiyasining qarshi hujumidan keyin katta yo‘qotishga uchrab, chekingan.

Shuningdek, Ukraina armiyasining «Vostok» operativ-taktik guruhi 19 aprel kuni o‘zlari turgan yo‘nalishda raqibning uch hujumi qaytarilgani va 30 nafar rossiyalik askar, ikki tank, sakkizta zirhli mashinalar va bir vertolyot yo‘q qilingani haqida xabar bergan.

Bu raqamlar shov-shuv bilan e’lon qilingan «Donbass uchun jang»ning ko‘lamiga mos emas. Ko‘plab manbalar esa hali jiddiy janglar oldinda ekani - rossiyaliklar hozircha ukrainlar mudofaasini paypaslab ko‘rayotgani va artilleriyani tayyorlayotganini aytishmoqda.

Ekspertlar nima deydi?
Ukraina hukumati mamlakat sharqida Rossiya keng ko‘lamli hujumga o‘tgani haqida aytayotgan bo‘lsa-da, ekspertlarning hisoblashicha, hozirgi vaziyat ko‘proq harbiy harakatlarni faollashtirishga tayyorgarlik ko‘rishga o‘xshamoqda.

Ular Rossiya tomonidan o‘t ochishlar ko‘paygani va harbiylarning yangi manzillarga o‘tkazilishini keng ko‘lamli hujum boshlanishi arafasidagi harakatlar deb baholashmoqda.

Arlingtondagi CNA institutining Rossiya bo‘yicha tadqiqotlar markazi direktori Maykl Kofman New York Times uchun bergan intervyusida Rossiya armiyasi holdan toygani va katta ehtimol bilan «navbatdagi yurish hozir tuyulayotganidek dadil bo‘lmasligi»ni aytgan.

Mutaxassislar fikricha, sovetlar davridagi taktika va tajribalardan foydalanadigan Rossiya armiyasi qo‘qqisdan hujum qilmasdan, raqib mudofaa tizimlari joylashuvini aniqlab olish uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi kerak bo‘ladi.

2017 yilda Rossiya mudofaa vazirligining «Armeyskiy sbornik» jurnalida razvedka jangi deb ham ataladigan bunday taktika uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan mudofaaga qarshi samarali deb ta’riflangan.

Rossiya harbiylari Donetsk va Lugansk oblastlarida so‘nggi yillarda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRga qarshi turgan va mudofaasi ko‘p yillar davomida tayyorlangan Ukraina armiyasiga qarshi jang qilishiga to‘g‘ri keladi.

Materialda aytilishicha, bunday sharoitda oldindagi mudofaa pozitsiyalari aldamchi bo‘lishi va faqat hujum boshlangunicha qo‘riqlov punktlari vazifasini bajarishi, hujum boshlanganda bu pozitsiyalardan chekinilishi mumkin.

Haqiqiy mudofaa pozitsiyalari esa ancha ichkarida joylashadi va havo hujumlari hamda kosmik razvedkadan yaxshi yashirilgan bo‘ladi.

«Raqib bo‘linmalari ataylab ortga chekinishi bu orqali bizning bo‘linmalarni ichkariroqqa jalb etib, keyin oldindan belgilangan hududda ularni yo‘q qilishi varianti istisno etilmaydi», deyilgan «Bugungi sharoitlarda razvedka jangi» nomli maqolada.

Material mualliflari razvedka jangi mudofaalanuvchi armiya minomyotlar, artilleriya va tankka qarshi raketa majmualari pozitsiyalarini tez-tez o‘zgartiradigan vaziyatda qo‘llanishi mumkinligini qayd etishgan.

Ukraina armiyasi chindan ham urushning birinchi bosqichida mobil mudofaa texnikasidan keng foydalanib, pistirmalar qo‘ydi va kutilmagan joydan raqib kolonnalariga hujumlar uyushtirib, rossiyalik harbiylarga jiddiy zarar yetkazdi.

Mavzuga oid