Sport | 18:52 / 21.04.2022
32098
16 daqiqa o‘qiladi

«Eng yaxshi revizor» - Manchesterdagi eng foydali olti oy haqida

Foto: Getty Images

Virtual reallik ko‘p fantastik filmlarning mavzusi bo‘lgan. Inson biror masalada o‘z fikriga, xulosasiga ega bo‘lishi uchun o‘sha holatni boshdan kechirishi kerak. Shunda simulyatorlar yordamga keladi, odam o‘zi bilmagan holda, mazkur vaziyatlarni haqiqiydek boshdan kechiradi. Yoki biror narsani o‘rganish, aytaylik, mashina haydash uchun simulyatorlar bor – reallikka yaqin sharoitlarda boshqarish, tezlikda qaror qabul qilish orqali boshqarishni o‘rganish mumkin.

Xo‘p, shuning teskarisi bo‘lsa, nima deysiz? «Manchester Yunayted»ning joriy mavsumi xuddi shunday simulatsiyada kechgandek, klubdagi haqiqiy vaziyatni o‘rganish aynan shunday sistema zaruriyatini paydo qilib, Ralf Rangnik shu ro‘lga o‘tirgandek taassurot bo‘lmadimi? Keling, bir boshdan. Yo‘q, avval eng oxiridan...

Kim nima desa, desin-u, «Manchester Yunayted»ning axborot bo‘limi yaxshi ishlaydi. Rasman yangi murabbiy e’lon qilindi – tabiiy, klub atrofidagi negativ muhit mana shunday ijobiy xabarlar bilan almashib turishi kerak. Muxlislarda umid paydo bo‘ladi, kechagi «Arsenal»ning «Chelsi» ustidan g‘alabasidan keyin shundog‘am yakuniga yetgan mavsumga rasman qo‘l siltanadi-da, muxlislar o‘zlarining «kal boshli sehrgar»ini kuta boshlashadi. Ajoyib.

Aslida Erik ten Hag birdaniga Pochettino bilan raqobatda yutib, asosiy favoritga aylanib qolganigayam, bukmekerlar uning Manchesterga kelishiga to‘lov qabul qilmay qo‘yganigayam ancha bo‘ldi. Bugun esa, jamoa eng tubga tushgan pallada rasmiy e’lon yangradi – «Ayaks»ni boshqarayotgan Erik ten Hag kelasi mavsumdan boshlab uch yil, yana bir yil uzaytirish sharti bilan «Manchester Yunayted»ni boshqaradigan bo‘ldi.

Ten Hag haqida hali batafsilroq yoziladi, bu shubhasiz. Hozir Ralf Rangnikning Manchesterdagi misli ko‘rilmagan missiyasi va balkim o‘zi bilmagan holda, kutilganidan katta ishni amalga oshirib qo‘ygani haqida fikrlashamiz. Buning uchun bir necha oy oldinga, «Manchester Yunayted» safarda «Uotford»ga 1:4 hisobida yutqazayotgan davrlarga qaytamiz.

Qizig‘i, hozirgi biz kelib qolgan nuqta ham u qadar farq qilmaydi – Liverpuldagi yirik mag‘lubiyat, umuman, o‘sha kungi o‘yin «Manchester»ning men ko‘rgan tarixdagi eng chuqur tubi edi. Xo‘sh, unda Ralf Rangnikning klubdagi faoliyati navbatdagi xato bo‘lib chiqdimi?

Menimcha, yo‘q. Ha, aslida, o‘sha tayinlov ham katta xato edi, bo‘lishi mumkin, lekin ancha foydali bo‘lib chiqqani ham haqiqat.

Sulsher Uotfordda, undan oldin «Siti» va «Liverpul»ga yirik hisoblarda mag‘lubiyatga uchraganida, bir yaxshi jamoada nimadir buzilib qolgani, hatto Ronalduning transferi shu paytgacha qurilgan imoratning qulashiga olib kelgani haqidagi fikrlar balandroq chiqayotgandi. Bugungi nuqtada esa, muammo juda chuqurligi, jamoadagi asosiy muammo albatta, Ronaldu emasligi ham ko‘rinib qoldi.

Endi tasavvur qiling, o‘sha kunlarda Sulsher o‘rniga vaziyatni qutqarish uchun Mark Hyuz yoki hatto Maurisio Pochettino keladi va balkim Sulsherning o‘ziga yil oxirigacha imkoniyat berilardi. Katta ehtimol bilan vaziyat biroz o‘nglanishi, tarkibda saviyali ijrochilar bo‘lgan jamoa yaxshiroq taktika bilan kuchli to‘rtlikka mustahkam joylashishi ham mumkin edi. Bunday mavsumlar ko‘p bo‘ldi, o‘sha Sulsher to‘liq boshqargan yillarni eslang – dastlab, muvaffaqiyatsiz natijalar, keyin ko‘tarilish, kuchli uchlikka kirish va yaxshi emotsiyalar bilan keyingi mavsumning kutilishi. Bunday ssenariy tabiiyki, Manchesterdagi islohotlarni ortga surar, hatto umuman islohot emas, bir necha transfer hammasini hal qilib qo‘yishi mumkindek tasavvur uyg‘otib qo‘yardi. Xuddi oxirgi yozda, Sancho va Varanning kelishi «MYu»ni chempionlik uchun raqobatda favoritlardan biri sifatida ko‘rsatib qo‘ygandek.

Rangnikka qaytamiz.

U aslida murabbiy emas. Oxirgi o‘n yilda to‘laqonli bosh murabbiy sifatida atigi bir yil ishlagan. Shu bilan birga futbolni, aynan o‘yinning o‘zini nazariy tomondan yaxshi tushunadi. Zamonaviy futbol, zamonaviy klub strukturasini juda yaxshi biladi. Rejalashtirish, tahlil qilish va eng asosiysi, fikrini asoslab berishga qodir. U zamonaviy futbol xo‘jaligini yarata olgan. O‘z kompaniyasi ham bor. Qaysidir ma’noda, futbol sohasidagi auditorlarga qiyoslash mumkin. Ma’lum haq evaziga futbol klubi strukturasi, transfer siyosati, asosiy g‘oyalar borasida tahlil va yo‘nalish taqdim etadi.

Ha, bir qaraganda, Sulsherdan keyin mavsumni qutqarib qolish, Ronaldu va Kavanini yangi futbolga moslashtirish nuqtayi nazaridan eng yomon variant. Ammo so‘nggi yillardagi xaosni ham futbol, ham menejyerlik tilida «Yunayted» bosslariga tahlil qilib berish uchun aynan Rangnik zarur bo‘lib chiqdi. 

Odatda, har qanday yomon tajriba yoki muvaffaqiyatsizlik keyingi qarorlarni qabul qilishda yordam beradi, bu xatolarni boshqa qilmaslikka sabab bo‘ladi. Rangnik qisqa vaqtda shunday tajribalar o‘tkazdiki, ularning muvaffaqiyatsizlik bo‘lib chiqishi bilan birga, muammoning haqiqiy ildizini topishda katta oyna bo‘ldi. Muammoni o‘rganish Ronalduning transferi yoki Reshfordning jarohati, Maguayrning xatolari darajasidan chuqurroq va kengroq darajaga o‘tdi.

Birinchisi. Uslub.

Masalan, aytaylik, Ralf Rangnik kelishi bilan «MYu»da o‘z futbolini qura boshladi. Yuqori pressing, turli sxemalar va rejalarni sinab ko‘rdi. Odatda, bu davrda keladigan murabbiylar bor uslubini tarkibdagi ijrochilarga moslashtirishga, ularning ustunliklarini natijaga aylantirishga urinib ko‘rishlari talab qilinadi, to‘g‘rimi? Rangnikning ters yo‘ldan borishi shuni ko‘rsatdiki, jamoa tarkibi jismoniy, mental, ruhiy va mahorat tomonidan bunday o‘zgarishlarga tayyor emas ekan. Endi, Yevropadagi kuchli klublarga, «Bavariya», «Siti», «Liverpul» yoki «Chelsi»ga qarang – ularni umumlashtiruvchi asosiy jihat shundaki, jamoa o‘yini strukturaviy jihatdan ma’lum talablar va yuklamalar jamlanmasiga ega. Pozitsion harakatlanish, tartib, universallik, pressing, to‘p nazorati – bu aspektlar bo‘yicha «Manchester Yunayted» tarkibi nafaqat top-klublar, balki o‘rtacha holatdan ham uzoqligi oydinlashib qoldi.

Bu tabiiy, chunki Joze Mourino ham, Sulsher ham asosan tarkibdagi futbolchining ustun jihatlarini ro‘yobga chiqarish va kamchiliklarini yopishga qaratilgan, ya’ni futbolchilarga eng qulay bo‘lgan uslubni joriy qilib kelishgan. Natijada, biroz noqulaylik, yuklama va vazifalardagi o‘zgarishlar deyarli barcha futbolchilarning o‘yin darajalarini tushirib yuborganiga guvohi bo‘ldik.

To‘g‘ri, «Real» yoki «PSJ» ham ijrochilarning ustunliklariga tayanib, uslub tanlashadi, ko‘pincha muvaffaqiyat qozonishadi ham, ammo bu klublarda Yevropaning eng kuchli futbolchilari to‘p surishini ham inobatga olish kerak. Manchesterdagi futbolchilar hali u darajaga chiqishmagan, YeChL o‘lchovida o‘rtamiyona sanalishadi. O‘z o‘zidan, o‘rtamiyona yulduzlarning ustunligi yoki kamchiligiga barchasini moslasangiz, o‘rtamiyona jamoaga ega bo‘lasiz. Omad kelib qolganda, hammasi favqulodda o‘xshab qolsa, «Lester» yoki «Vilyarreal»ning omadli mavsumlarini takrorlash mumkin, lekin bu ham vaqtincha va kafolatli emas.

Tizimli futbol yo‘lidan borib, futbolchilarning aynan ushbu tizim ichidagi darajasini oshiruvchi, ularning ma’lum shart va yuklamalarda o‘sib borib, mahoratli ijrochiga aylantiruvchi uslub tanlanganda esa, ko‘rinib qoldiki, futbolchilar har tomonlama tayyor emas. Bu ham Rangnikka, ham undan keyingi keladigan murabbiyga asosiy signal bo‘lib xizmat qildi. Ralf «Liverpul»ga qarshi o‘yindan keyin jamoa islohotlarga muhtoj ekani, yangi jamoa qurish uchun hatto o‘nlab yangi futbolchi kelishi kerakligini bejiz aytmadi.

Ikkinchisi. Xo‘jalik

Rangnik ochiq tilga olgan yana bir jihat – transferlardagi xatolar. Klub mana shu tarkibini yig‘ish uchun «Liverpul» o‘z tarkibi uchun sarflagan mablag‘dan ancha ko‘p ishlatdi, lekin yakuniy natija, jamoalar o‘rtasidagi farqni seshanba oqshomida ko‘rdingiz. Ertasigayoq «MYu» bosh skauti Jim Loulor iste’foga chiqarildi.

«Liverpul» har bir transferini nishonga urayotgan bir paytda, «Yunayted» van de Bek, Fekundo, Amad Traore uchligiga 100 million yevro sarfladi. Bu futbolchilar jami bo‘lib APLda asosiy tarkibda maydonga tushgan o‘yini 10 ta chiqmaydi. Depay, Blind, Shnayderlin, Shvaynshtayger, Mxitaryan, Bayi, Sanches, van de Bek, Dalot, Darmiyan, Amad – so‘nggi yillarda katta pul sarflangan va yakunda asosiy tarkib a’zosiga ham aylana olmagan nomlar. Shu futbolchilar uchun ham klub 300 million yevrodan ortiq pul sarflagan.

Uchinchisi. Falsafa.

Nemis mutaxassisi Manchesterdagi yo‘nalishni o‘zgartirib yuborgan uchinchi jihat, tanlovni Maurisio Pochettinodan Erik ten Hag tomonga keskin o‘zgartirib yuborganidir. Aynan niderlandiyalik murabbiy tarafga og‘ish Ralf Rangnikdan boshlandi, zero ungacha Pochettino bu o‘rin uchun yaqqol favorit sifatida tilga olingan, futbolchilar, ayrim rahbarlar va hatto ser Aleks ham ko‘proq argentinalik mutaxassisni ustun ko‘rayotgandi. Ammo aynan Rangnik boshqaruvchilar fikrini o‘zgartira olgani ehtimoli katta.

Maurisio emas, Erik tanlanganining asosiy sababi ham, «Manchester Yunayted» o‘yinida tubdan islohot amalga oshirish ehtiyoji bo‘lib, Ralf mana shu zarurat haqida ko‘p gapirib keladi. Odatda Pochettino ten Hagga nisbatan moslashuvchanroq, katta ehtimol bilan bugungi «MYu» tarkibi bilan ham, ayrim tuzatishlar va xaridlar yordamida yaxshiroq, barqarorroq natija ko‘rsatishga qodir bo‘lishi mumkin. Ammo «Yunayted» APL peshqadamlari bilan raqobat qilmoqchi bo‘lsa, barqarorlikning o‘zi yetarli emas. Klub shu darajada ortda qoldiki, shunchaki, salohiyatini namoyish qilishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, endi xuddi Klopp kelib, «Liverpul»da amalga oshirgandek sehr kerak. Bunday sehr esa, yangi g‘oyalar, oqimga qarshi borish, perfeksionizm kerak bo‘ladi. Pochettino bu ta’rifdan biroz uzoq, ten Hag esa, Yevropada o‘z uslubi, o‘yini va prinsiplari bilan kirib kelayotgan yangi qon.

«Yunayted» rahbariyatida o‘zlari uchun qulay bo‘lgan, ishonchli, tajribali Pochettino emas, biroz riskli, ammo romantika ko‘proq bo‘lgan ten Hagga nisbatan qaror paydo bo‘lganida Rangnikning imzosi ko‘rinib turibdi.

Foto: NESIMAGES/GETTY IMAGES

To‘rtinchisi. Muloqot.

Va yana bir muhim jihat. «Manchester Yunayted» tizimida ishlash bir ma’noda Erik ten Hagga noqulaylik tug‘dirishi mumkin. U butun tizimni boshqaradigan, futbol bilan birga xo‘jalik ustida ham bosh qotiradigan toifaga kirmaydi. Ten Hagning muvaffaqiyatlari zamirida «Ayaks»dagi sport direktorlari, personalning ham hissasi juda katta. Edvin van der Sar, Mark Overmars kabi mutaxassislar murabbiy uchun ideal sharoit yaratib bera olishgan. Mana shu jihatdan ten Hag o‘rganib qolgan sharoitning butunlay teskarisiga, balki Yevropadagi eng yomon, eng nofutbol boshqaruvga ega bo‘lgan klubga kelmoqda. Murabbiy uchun ham, «Manchester Yunayted» uchun ham eng katta risk aynan shu – bir qaraganda bir-biriga u qadar mos bo‘lmagan ikki tomonning qanday ishlab ketishi bo‘lib qolmoqda.

Mana shu pallada Ralf Rangnikdan samarali foydalanish katta ahamiyatga ega. Yuqorida aytilganidek, u ham futbolni, ham biznesni yaxshi tushunadi. Har ikki tilni o‘zlashtirgan. Ten Hag bilan futbol tilida, Gleyzerlar bilan esa, menejyer tilida suhbatlasha oladi. O‘ziga yarasha futbol «gik»i bo‘lgan ten Hagning futbolni tushunish darajasi Edvin van der Sardan yer va osmon qadar farqli bo‘lgan Gleyzerlarga jamoaga aytaylik, Reshford emas, Erediviziyadagi Entoni foydaliroq bo‘lishini tushuntira olishini tasavvur qilish juda qiyin, to‘g‘rimi? Rangnik esa, juda yaxshi tarjimon bo‘la oladi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Rangnikning so‘nggi intervyularida vaqtinchalik hissiyoti kamaygan, ko‘proq jamoa qurish, bo‘lajak transfer oynalari haqida ko‘p gapira boshladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, klubning keyingi faoliyatida ham Rangnikning so‘zi bo‘ladi va bu faktor ten Hag bilan muzokaralarda ham alohida o‘rin tutgan.

Xulosa.

Xullas, «Manchester Yunayted» rahbarlari mavsum o‘rtasida Ralf Rangnikni tayinlab, go‘yoki, futbol o‘lchovlarida eng mantiqsiz qarorni qabul qilgan bo‘lishsa-da, oqibatda, klub uchun balkim eng foydali tanlovga aylanish ehtimoli bor. Rangnik jamoa bilan bir qozonda qaynab, sovrinli o‘rinlar yoki kuboklar uchun kurashib, tom ma’noda murabbiylik qilish o‘rniga, tekshiruvga kelgan auditor misoli klubni ham ichkaridan, ham tashqaridan tahlil qildi. Fikrlarining ko‘pini futbol jamoatchiligiga, undan ham ko‘prog‘ini klub rahbariyatiga yetkazdi. U «MYu»ga murabbiy etib tayinlangan bo‘lsa-da, deyarli bu ishni qilmadi.

Ralf Manchester klubini real rejimda o‘rganib berdi.

Ba’zida murabbiylar, ba’zida yomon boshqaruv jamoani eng tubga tushirib yuboradi. Balki «Yunayted» anchadan beri tubda bo‘lgan, lekin goh aldamchi natijalar, gohida murabbiy va futbolchilarning mahorati buni sezdirmagandir. Ralf rahbariyatni ana o‘sha aldamchi hissiyotlardan xalos qildi va klubning qanchalik tubda ekanini namoyish qilib berdi. Bundan badtari bo‘lmaydi. Bundan keyin faqat yuqoriga chiqiladi.

«Yunayted» bungacha ham juda ko‘p muammolarga duch kelgan. Uning muammolari haqida gapirmagan mutaxassis, jurnalist, tahlilchi qolmagan. Grem Sunes deysizmi, Gari Nevil yoki Karragermi, Skoulz, Lineker, Roy Kin, Berbatov... Ular ko‘p. Rangnik mana shunday tahlillarni boshqa darajaga olib chiqdi, professional ravishda o‘z hisobotini tayyorlab berdi. Zo‘r-a?

Bundan yaxshi auditor bormi?

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid