O‘zbekiston | 13:40 / 23.04.2022
19457
10 daqiqa o‘qiladi

9 kvadrat farq: Toshkentda quruvchi va xaridorlar o‘rtasidagi nizo yillarga cho‘zilmoqda

Toshkentda quruvchi firma va uch nafar xaridor o‘rtasidagi nizo 2 yildan beri yechim topmayapti. Xaridorlar yangi xonadonlarning bitganidan keyingi maydoni shartnomadagidan kichikroq ekanidan shikoyat qilmoqda, kompaniya esa ichki devorlarni shartnomada bo‘lmasa-da yordam tariqasida o‘z hisobidan ko‘tarib bergani, xonadon maydoni shuning uchun kamayganini aytmoqda. Prokuratura holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 4-mavzeda “OS MINORA” MChJ qurilish firmasi tomonidan 2019 yilda qurilgan ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olgan uch nafar fuqaro quruvchi tashkilotidan norozilik bildirmoqda.

Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan fuqarolar – Nurxon Saidov, Javohir Iskandarov va Ziyoda Olimovaga ko‘ra, qurilish firmasi ularga hajmi shartnomada ko‘rsatilganidan sezilarli darajada kichik bo‘lgan kvartiralarni topshirgan.

Masalan, rafiqasi Shahnoza Sobirova nomiga uy olgan Nurxon Saidovning bildirishicha, quruvchi tashkilot undan 44 mln 600 ming so‘m ko‘p pul olgan. Xususan, “OS MINORA” MChJ va Shahnoza Sobirova o‘rtasida 2019 yil 13 fevralda tuzilgan shartnomada sotib olinajak kvartiraning umumiy maydoni 75,8 kv metr ekani, narxi esa 379 mln so‘mni tashkil etishi belgilangan.

Qurilish yakunlangach, kvartiraga berilgan kadastr hujjatida kvartiraning umumiy maydoni 66,88 kv metr (– 8,92 kv.m) ekani qayd etiladi.

 

Quruvchi firma bilan beshinchi qavatdagi 75,8 kv metrli kvartirani har bir kv metriga 5 mln so‘mdan to‘lab, jami 379 mln so‘mga sotib olishga kelishdik. Pulini kelishilgan vaqtda to‘liq to‘ladim. Ammo qurilish bitganidan so‘ng, borib ko‘rsam, kvartira maydoni kichikroqday tuyuldi. Keyinroq kadastr hujjati berilganida rostdan ham umumiy maydoni kelishilganidan salkam 10 kv metrga kichik ekaniga amin bo‘ldim. Ortiqcha to‘langan pulni qaytarishini so‘rab quruvchi firma nomiga ariza yozdim. Biroq arizamga javob bo‘lmadi”, – deydi Nurxon Saidov.

Shartnomaning 2.5-bandida kadastr xizmatidan keyin xonadonning shartnomada ko‘rsatilgan maydonidan 5 foizdan ortiq farq aniqlansa, kompaniya tomonidan qayta hisob-kitob qilinib, ortiqcha to‘langan summa qaytarib berilishi belgilangan.

Murojaatchilarga ko‘ra, bu farq hanuzgacha to‘lab berilmagan.

Hujjatlardan ko‘rinishicha, xaridorlar shartnomani “OS MINORA” MChJ bilan tuzgan bo‘lsa-da, ulardan pulni “ZARAFSHON BUILDINGS” MChJ hisobraqamiga o‘tkazish so‘ralgan. Aslida, hayron qoladigan joyi yo‘q – ikkala firmaning ham ta’sischisi “ZARAFSHON GOLDEN GROUP” MChJ hisoblanadi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “ZARAFSHON GOLDEN GROUP” MChJning 91,5 foiz ulushiga Qiziltepa tumani hokimi, senator Ulug‘bek Fayziyev egalik qiladi.

Jamiyatning qolgan ulushi uning akasi Oybek Fayziyevga tegishli.

Ayni vaqtda “OS MINORA” MChJning faoliyati tugatilgan. Ammo Toshkent shahri prokuraturasining fuqarolarga yo‘llangan javob xatida “ZARAFSHON BUILDINGS” MChJ “OS MINORA” MChJning huquqiy vorisi deb ko‘rsatilgan.

Prokuratura fuqarolarni aldamoqdami?

Endi ushbu xatga batafsil to‘xtalsak.

Kvartira egalari holat bo‘yicha prokuraturaga murojaat qilgan. 2021 yil 20 sentabrda Toshkent shahri prokurori o‘rinbosari A.Po‘latov imzosi bilan yo‘llangan javob xatida 7ta kvartirada haqiqiy maydonlar kam chiqqani ortidan xaridorlardan 441 mln so‘m ortiqcha pul undirilgani qayd etiladi. Shunga asosan “OS MINORA” MChJ va uning huquqiy vorisi “ZARAFSHON BUILDINGS” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida mansabdor shaxslarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, xatda ortiqcha to‘lovlarni undirish bo‘yicha xonadon egalari manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritilgani aytiladi.

Murojaatchilarning aytishicha, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi va fuqarolik sudiga kiritilgani aytilgan da’vo arizalari bo‘yicha hanuzgacha yangilik yo‘q.

Toshkent shahri prokuraturasi axborot xizmati xodimi Xurshida Rahmonova biz bilan suhbatda jinoyat ishi tergovi bo‘yicha ma’lumot berilishini, da’vo arizalari bo‘yicha esa sudga murojaat qilishimiz lozimligini bildirdi.

Ammo so‘rov yuborilganidan 10 kun o‘tibdi hamki, prokuratura ma’lumot bergani yo‘q. Keyingi so‘rovlarimiz javobsiz qoldirildi.

Toshkent shahri sudlari axborot xizmati esa fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida bunday mazmundagi ish ko‘rib chiqilmaganini bildirdi.

Quruvchi nima deydi?

“ZARAFSHON GOLDEN GROUP” vakili Lochin Xo‘jayev xaridorlarning e’tirozi noo‘rinligini aytmoqda.

Birinchi domni ichki devorlarsiz qurib topshirganimizda odamlar 9-qavatgacha g‘isht, sement olib chiqishga juda qiynaldi. Bundan tashqari, xaridorlar ipoteka qilmoqchi bo‘lsa, bo‘sh xonadonga kredit bermayapti. Biz shularni ko‘rgandan so‘ng, keyingi qurilishlarimizda kvartiralarni ichki devorlar bilan bo‘lib berib topshirdik. Shartnomada ham yozilgan kvartira umumiy maydoni 98,1 kv metr deb. Sababi, biz ularga “korobka” topshirganmiz. Xonalarga bo‘linganidan keyin kadastr kelib o‘lchayapti-da, xonalarning ichining kvadraturasini qo‘shib chiqarib beryapti – 88 kv metr chiqyapti. Xonalarga bo‘linganidan keyin shaxta va ichki devorlar egallagan joy hisobiga kamroq chiqyapti.

U yerda 144ta kvartira bor. Agar biz haqiqatan ham hammadan 10 kvadrat metrdan urib qolganimizda kompaniyamizni yopvorishgan bo‘lardi. Ulardan 17tasi prokuraturaga ustimizdan yozgan bo‘lsa, biz ular bilan gaplashib, muammolarini hal qilganimizdan so‘ng 14tasi da’vom yo‘q deb arizasini qaytib oldi. Ammo sizlarga murojaat qilgan 3 nafar kvartira egasi hamon qaysarlik qilyapti. Uyning kvadratini o‘lchaylik, haqiqatdan farq chiqsa, pulini to‘lab beramiz deb uyiga mutaxassislar bilan borsak, uylariga kirgazishmayapti. O‘zi notariusda shartnoma imzolayotganda kvadraturasi kamroqligini ham ko‘rgan, qabul qilish-topshirish dalolatnomalarini ham imzolab, e’tirozim yo‘q deb qabul qilib olgan.

Shartnomada ichki devorlarni o‘rnatib berish majburiyatini olmagan bo‘lsak ham o‘z hisobimizdan o‘rnatib berganmiz. Endi bo‘lsa, kvadraturasi kam chiqyapti deb ustimizdan yozib yurishibdi. Biz shartnoma bo‘yicha korobka holida topshirishga kelishganmiz. Ichki devorlar egallagan maydon uchun pul to‘lamaymiz. Agar ichki devorlardan tashqari maydonni hisoblashda xatolik ketib, kvartira maydoni kam ko‘rsatilgan bo‘lsa, biz farqni to‘lab berishga tayyormiz”, – dedi Lochin Xo‘jayev.

Shuningdek, kompaniya yuriskonsulti Mirzohid G‘aniyev ham holat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Kompaniya mijozlar bilan tuzilgan shartnomada kvartiralarni “korobka” holida topshirishga kelishgan. Bundan ortiq majburiyatni o‘z zimmasiga olmagan. Kvartiralarning hajmi ham tabiiyki, “korobka” holatidagi kvadraturasidan kelib chiqib shartlashilgan. Shunday bo‘lsa-da, kompaniya mijozlarga yengillik bo‘lsin deb, bonus sifatida ichki devorlarni ham o‘zi tortib bergan. Ammo ayrim xaridorlar o‘sha ichki devorlar egallagan qanchadir maydonni ro‘kach qilib “bizni aldashdi” deb jar solmoqda. Boshida bizga e’tiroz bildirgan fuqarolarning ko‘pchiligiga e’tirozlari noo‘rinligini tushuntirdik, ular tushunib, arizalarini qaytarib olishdi. Ammo 3 nafar xaridor haligacha tushunishni istamay, muammo qilib yuribdi”, – dedi Mirzohid G‘aniyev.

Shuningdek, u holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi noto‘g‘ri bo‘lgan deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.

Bu yerda toza fuqarolik nizosi edi. Hech qanday jinoyat tarkibi yo‘q. Chunki, shartnoma bo‘yicha buyurtmachi va bajaruvchi o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqyapti. Men “prokuratura fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritdi” deb eshitganimda buni to‘g‘ri qabul qilgandim. Sudda hammasini isbotlab berishga tayyor edim. Ammo da’vo arizasi sudga kiritilmagan bo‘lib chiqdi. Sudga kiritilganida biz xabar topgan bo‘lardik.

Sudga da’vo arizasi kiritish o‘rniga prokuratura kompaniya mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atib yubordi. Bu esa noto‘g‘ri bo‘ldi”, – deydi kompaniya yuriskonsulti.

Quruvchi kompaniyaning fuqarolar bilan muammosi o‘zaro kelishuv asosida yechim topishiga umid qilib qolamiz.

Poytaxt prokuraturasi axborot xizmati takroriy so‘rovlarimizga qaramay, ma’lumot bermayotgani ayrim savollarni ochiq qoldirmoqda. Nega shahar prokuraturasi o‘z xatida fuqarolarni chalg‘ituvchi ma’lumot bergani hozircha bizga qorong‘i.

Abbos Salaydinov

P.S.: Poytaxt prokuraturasi matbuot xizmati (Xurshida Rahmonova) Kun.uz saytining ko‘plab so‘rovlarini javobsiz qoldirib kelmoqda. Shuning oqibatida Toshkent shahar prokuraturasi Kun.uz uchun yopiq tashkilotga aylanib qolgan. Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi hamda AOKAdan mazkur holatga e’tibor qaratishni so‘rab qolgan bo‘lardik.

Аббос Салайдинов
Muallif Аббос Салайдинов
#uy
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid