Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryoda bir yilda 30 ta mahallaning elektr ta’minoti dastur asosida yaxshilanadi
2022 yilda Surxondaryo viloyatidagi 30 ta mahalla fuqarolar yig‘ini “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan. Aynan ushbu mahallalarda elektr ta’minotini ham yaxshilash rejalashtirilgan bo‘lib, 110,8 km elektr tarmoqlari va 30 dona transformator punktlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunga qadar jamiyat tomonidan Muzrabot, Oltinsoy, Termiz, Sho‘rchi tumanlari va Termiz shahri iste’molchilarining elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha rekonstruksiya va yangi qurilish ishlari olib borilmoqda.
Hukumat qarorlari hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan belgilangan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish maqsadida, “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tarkibiy bo‘limlari tomonidan elektr tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini bajarish uchun zarur ehtiyot qismlar va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishdan tortib loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya jarayonlarini o‘z ichiga olgan klaster tizimi tashkil etilgan.
Bugungi kunda jamiyat tasarrufida ishlab chiqarish quvvati bir yilda 27 456 dona bo‘lgan temir-beton tayanch ishlab chiqarish zavodi qurilishi yakunlanib, 23 ta yangi ish o‘rin yaratildi. Natijada belgilangan rekonstruksiya ishlari uchun tayanch ishlab chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yildi va 2021 yilda qariyb 11,2 mlrd so‘m mablag‘ tejab qolindi.
Shu bilan birgalikda rekonstruksiya va yangidan qurish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish uchun maxsus guvohnoma olinib, jamiyat qoshida tashkil etilgan loyiha bo‘limi tomonidan 0,4-6-10 kVli va 35-110 kVli kuchlanishdagi elektr qurilmani loyihalashtirish ishlari davom etmoqda.
Natijada 2021 yilda 1067 km tarmoq va 284 dona transformator punktlarining loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash orqali 8,1 mlrd so‘m mablag‘ni tejab qolishga erishildi.
Ochig‘ini aytish kerak, tizimga bunday yondashuv o‘z samarasini bermoqda. Birgina loyihalashtirish va qurilish bo‘limlari tomonidan joriy yil boshidan beri 110/35/10-6 kVli “Sharq” podstansiyasi RP-4 va 110/35/6 kVli “Termiz” podstansiyasi RP-2 tarqatish punktlaridagi 6 kVli jismonan eskirgan moyli o‘chirgichlar zamonaviy o‘chirgichlarga almashtirildi. Shuningdek, Denov tumanini kompleks rivojlantirish qaroriga asosan, 35/10 kVli “Bunyodkor” podstansiyasida qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi.
Avvallari, maxsus avtomashinalar bo‘lmagan. Oxirgi 2 yil ichida 16 ta “Yamabur” va boshqa zarur texnikalar hamda ekspluatatsiya ishlarini tashkillashtirish uchun 11 dona “Gazel” maxsus brigada mashinasi va 1 dona kabel laboratoriyasi qurilish-ta’mirlash ishlariga jalb etilmoqda.
Shuningdek, jamiyat qoshida iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘g‘risidagi savol va murojaatlarini qabul qilish hamda ularga tezkor axborot berish maqsadida qisqa 1154 raqamli “Call markaz” faoliyat olib bormoqda. Ushbu qulaylik ham elektr ta’minoti sifatining oshishiga samarali xizmat qilmoqda.
“Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ matbuot xizmati Ⓣ