O‘zbekiston | 16:01 / 27.04.2022
7968
6 daqiqa o‘qiladi

“Xalqaro til bilish darajasini baholash sog‘lom raqobat asosida bo‘lishi kerak” – Cambridge English imtihonlar markazi asoschisi bilan suhbat

Biror sohada monopoliyaga yo‘l qo‘ymaslik kerak

Biz yaqin yaqingacha xalqaro ingliz tili imtihonlari deganda faqat IELTS’ni yoki TOEFL’ni nazarda tutar edik. Bugungi davrda biror sohada monopoliyaga yo‘l qo‘yilishi kerak emas. Sifatni oshirish uchun juda ko‘p raqobatchi imtihonlar olib kirilishi kerak. Shu maqsadda O‘zbekistonga ilk marta 2018 yilda xalqaro Cambridge Assessment English imtihonlarini olib kirdik. Bu IELTS’dan farqli o‘laroq dunyoning 20 mingdan ortiq tashkilotlarida tan olinadi. IELTS esa 10 mingdan ziyod tashkilotlarda tan olingan. Cambridge Assessment English imtihonlari faqat o‘quvchi yoki talabalar emas, turli yoshdagi va qatlamdagi xodimlar uchun ham til bilish qobiliyatini aniqlab beradi.

2021 yilda prezident tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi. Bu bilan xorijiy tillarni o‘rganish va sertifikatga ega bo‘lish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Til o‘rganish faqatgina sertifikatga ega bo‘lish uchun emas, bevosita shu bilimlar o‘quv jarayoni bilan integratsiyalashuvi kerak. Shu maqsadda Cambridge Assessment English’ning ko‘p darajali testlarini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘qituvchilar uchun 50 foizli ustama haq olish imkoniyatini beradigan til bilish va uni amalda qo‘llash imtihonlari ham aynan shu dasturlar asosida amalga oshirilyapti.

Agentlik bilan hamkorlikda butun respublika bo‘ylab o‘qituvchilar uchun onlayn trening boshladik. Bunga respublikamizning chekka hududlarida o‘quvchilar va o‘qituvchilarning til o‘rganish uchun imkoniyat darajasi pastligi sabab bo‘ldi. Shahar sharoitida imkoniyatlar ko‘proq, ammo chekka qishloqlarda buning iloji yo‘qligini hammamiz yaxshi bilamiz. Shuning uchun biz o‘sha hududlarda kaskad tamoyili asosida mobil guruhlarni yo‘lga qo‘ydik. Olis hududlarda o‘quv markazlarini ochish xususida ham qator ishlar amalga oshiryapmiz. Chunki shahar markazidan 160 km uzoqda yashaydigan aholi uchun o‘quv markaziga qatnash imkoni yo‘q. O‘sha hududlarga Cambridge Assessment English dasturi asosida bepul o‘quv qo‘llanmalari va kitoblar yetkazib beryapmiz. Bu allaqachon o‘z samarasini bera boshladi.

Yaqinda Samarqandda o‘qituvchilarning til bilish darajasini aniqlash bo‘yicha tajriba o‘tkazmoqchimiz. Hokimlik bilan birgalikda viloyatda 4,5 ming nafar ingliz tili o‘qituvchilari bo‘lsa, ularning barchasini testdan o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Agar shu pilot loyihamiz yaxshi natija bersa, butunrespublika bo‘ylab tatbiq qilish ko‘zda tutilgan.

Sog‘lom raqobat bor joyda narxlar oshirilmaydi

Sun’iy intellekt yordamida til o‘rganish mumkin bo‘lgan Linguaskill dasturi ham joriy etilyapti. Bu faqat kompyuterda amalga oshiriladigan til o‘rganish kursi bo‘lib, dunyodagi eng aniq til bilish darajasini belgilaydigan dastur hisoblanadi. Chunki uning zaminida Cambridge Assessment English til bilish sohasining lideri turibdi. Har yili 7 mlndan ziyod odamlar bu imtihondan o‘tadi.

Qulaylik jihatlaridan biri shundaki, imtihon topshirish narxlari IELTS imtihonlaridan ikki marta arzon va bunda nomzod ingliz tilining qaysi bosqichida qiyinchilikka uchrasa, keyingi imtihonda faqat o‘sha bosqichni amalga oshiradi. Buni joriy etishdan maqsad kam daromadli aholi uchun ham til o‘rganishda yengilliklar yaratishdir. Imtihonlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularning narxlari ham oshmaydi. Shu kabi dasturlar yo‘lga qo‘yila boshlagach, so‘nggi 6 oyda IELTS imtihonlari narxlarida o‘sish bo‘lmayapti. Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan Linguaskill sertifikati ham abituriyentlar uchun imtiyoz beradigan sertifikatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Xorij bilan hamkorlik va o‘zbek tilidagi ilk til o‘rgatuvchi dastur

Cambridge Assessment English imtihonlari hozircha faqat Samarqand viloyatida o‘tkazilyapti. Ammo qo‘shni davlatlardan ham kelib bizda imtihon topshirishyapti. 2019–2020 yillarda – pandemiyadan avval 30 nafar xitoylik o‘quvchi kelib bizda imtihon topshirgan edi. Hozir mazkur imtihonlarni O‘zbekistonda topshirish bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston, Belarus kabi davlatlardan bizga juda ko‘plab takliflar tushyapti. Bu bevosita yurtimizda ta’limni eksport qilishni yo‘lga qo‘yadi.

Hozirda ingliz tilini o‘rganish uchun onlayn resurslar juda ko‘p. Yaqinda agentlik Yangi Zelandiya bilan hamkorlikda 30 kunga mo‘ljallangan dasturini integratsiyalashni boshladik. Har kuni beshtadan so‘z talaffuzi, ishlatilishi, misollari va 16 tilda tarjimasi bilan o‘rganish mumkin. Til – bu ko‘nikma, uni ishlata olish kerak. 200ta so‘zni bilish emas, 50ta so‘zni ishlata olish muhim hisoblanadi.

AKT vazirligi bilan birgalikda o‘zbek tilida ilk marta xorijiy tillarga ixtisoslashgan onlayn dastur yaratilyapti. Bu dastur butun respublikamiz aholisiga bepul taqdim qilinadi. Chunki xalqaro til bilish darajasini aniqlovchi imtihonlarga, umuman xorijiy tillarni o‘rganishga talab ortyapti. Bu borada resurslar masalasi dolzarb masala bo‘lib qolyapti.

Intervyu davomida xalqaro imtihonlar haqidagi 100ta so‘zdan iborat ingliz tilidagi eng yaxshi izoh muallifiga IELTS kitoblari mualliflaridan ularning dastxatlari tushirilgan kitoblar taqdim etiladi.