O‘zbekiston | 14:15 / 03.05.2022
15008
2 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi va Diniy qo‘mita raislari Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

Foto: Getty Images

Safar davomida 2022 yilgi Haj mavsumini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni Saudiya Arabistonidagi mutasaddi idoralar bilan kelishish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 3 may kuni O‘zMI matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan ikki yil davomida COVID-19 pandemiyasi tufayli Haj amallarini atigi bir necha ming nafar podshohlik fuqarolar va rezidentlari ado eta oldi xolos.

2022 yilda esa jami 1 million nafar chet ellik va mahalliy hojilarga Haj ibodatini amalga oshirishga ruxsat berildi. Taqqoslash uchun, 2019 yilgi Haj mavsumida 2,5 mln nafar musulmon qatnashgan.

2022 yilda Haj amallarini bajarish uchun 65 yoshdan oshmagan, COVID-19'ga qarshi ma’qullangan vaksinalardan biri bilan to‘liq emlangan va jo‘nab ketishdan oldin 72 soat ichida topshirilgan koronavirusga manfiy natijali PZR-test natijasiga ega fuqarolarga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvar oyidan boshlab o‘zbekistonliklarning Umra ziyoratiga borishlari qayta yo‘lga qo‘yildi. Musulmonlar idorasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt davomida 35 mingga yaqin vatandosh umra amallarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid