O‘zbekiston | 11:37 / 04.05.2022
2107
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda 5 kilogrammga yaqin giyohvandlik moddalarini sotish uchun saqlab kelayotgan shaxs ushlandi

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida, jami 4 kg 628 gramm giyohvandlik moddalari tarqalishiga chek qo‘yilgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat IIB hamda DXX boshqarmasi xodimlari hamkorligida Urgut tumanida narkotrafikka qarshi kurash yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Urgut tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan S.S. fuqarolardan biriga 600 dollar evaziga 6,76 gramm geroin giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tadbir davom ettirilib, S.S.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda u yerda 957,53 gramm geroin, 2 kilogramm 614,51 gramm opiy, 285,6 gramm gashish va 758,5 gramm marixuana giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, ular tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Shuningdek, S.S.ning jinoiy sherigi, Urgut tumanida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan X.A. yashash manzilida 2,84 gramm opiy giyohvandlik moddasi saqlab kelgani aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, S.S. va X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqand shahrida yashovchi shaxsning xonadonidan 5 kilogramm opiy va 1 kilogramm gashish giyohvand moddalari topilgandi.

Mavzuga oid