Iqtisodiyot | 19:01 / 11.05.2022
30948
5 daqiqa o‘qiladi

Bankomatlarda naqd pul yetishmovchiligi kuzatilyapti. Markaziy bank izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlarda naqd pul yetishmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank buni naqd pulga talab oshgani bilan izohlab, bu talabni qondirish uchun hamma imkoniyatlar borligi, yuzaga kelayotgan uzilishlar esa naqd pullarni joylarga yetkazib berish va bankomatga joylashtirish bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani / Foto: Telegram / Xolisfikr

Regulyatorga ko‘ra, mart oyi ikkinchi yarmidan boshlab milliy valuta – so‘mda naqd pulga bo‘lgan talab keskin ortgan. Natijada Markaziy bank tomonidan muomalaga mart oyida 1 trln 119 mlrd so‘m, aprel oyida 6 trln 343 mlrd so‘m, may oyining o‘tgan 11 kunida 1 trln 100 mlrd so‘m qo‘shimcha naqd pullar chiqarilgan.

“Mart-aprel oylarida qo‘shimcha chiqarilgan naqd pullarning 8 trln so‘mi aholining naqd chet el valutasini milliy valutaga ayirboshlashga bo‘lgan keskin oshgan talabini (ushbu 2 oylik talab odatdagi 11,1 trln so‘mdan 19,3 trln so‘mga yetgan), 4-4,5 trln so‘mi bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirishga bo‘lgan qo‘shimcha talabni (17 trln so‘mdan 22 trln so‘mga yetgan) qondirishga yo‘naltirilgan.

Mavsumiy iqtisodiy faollikning ortishi sababli 2021 yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha ravishda 2,5 trln so‘m naqd pul chiqarilgan bo‘lsa, joriy yil mart-aprel oylarining o‘zida (may oyini hisobga olmaganda) bu ko‘rsatkich 3 barobarga oshdi”, deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Qayd etilishicha, MB tomonidan joylardagi banklar filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan ta’minlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda va aholining naqd pulga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar mavjud.

“Yuzaga kelayotgan qisqa muddatli uzilishlar naqd pullarni joylarga yetkazib berish, ya’ni logistikasi va bankomatlarga joylashtirish bilan bog‘liq ekanligini hamda mazkur masala Markaziy bank tomonidan nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan aholining tovarlarni xarid qilishlarida va xizmat ko‘rsatishda bank kartalari orqali hisob-kitoblarda to‘lov terminallaridan to‘laqonli va uzluksiz foydalanishlari ushbu muammolarga barham berilishiga ko‘mak beradi”, deya qo‘shimcha qilingan regulyator axborotida.

Iqtisodchi Otabek Bakirov naqd pul tanqisligiga ta’sir qilayotgan ehtimoliy omillarni sanab o‘tdi.

Birinchi omil, iqtisodiy faollik oshib bormoqda, faollik oshishi doim likvidlikka va naqdlikka yuqori darajada talab hosil qiladi. Taklif esa o‘sib borayotgan talab ortidan ulgurmayapti.

Ikkinchi omil, mart oyiga nisbatan aprelda va mayning dastlabki o‘n kunligida pul o‘tkazmalari miqdorining keskin oshayotgani bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘tkazma qabul qiluvchilar mablag‘larni dollar yo rublda emas, so‘mda olishni ma’qul deb hisoblashmoqda. Chunki mana 40 kundan oshdiki, so‘mning kursda va marjinal afzalligi yuqori bo‘lib turibdi.

Uchinchi omil, banklarda naqd pul chiqimi ortayotganiga qaramay naqd pul kirimida o‘sish kuzatilayotgani yo‘q, balki vaziyat kirim doim bir muddat ortda qolishi bilan yoki norasmiy iqtisodiyot kengayib borayotgani bilan bog‘liqdir. Nima bo‘lgandayam, sifatliroq xulosa qilishga hali yana vaqt kerak.

To‘rtinchidan, bu omil doim bo‘lib kelgan – banklarning, ayniqsa davlat banklarining bankomatlarni naqdlik bilan to‘ldirishda, taqsimot va tarmoq boshqaruvida texnik va logistik jihatdan ortda qolayotganiga borib taqaladi. Naqdlikka talab birmuncha ortishi bilan bu muammo yuzaga chiqib qolmoqda (bayramlar, dam olish kunlari, hayitlar arafasida ayniqsa). Demak, ayrim hududlarda bankomatlar tarmog‘i naqdlik bilan kuniga bir necha marta to‘ldirilishi zarur. Albatta bunda tariflarning erkin bo‘lishi banklarga yuqoriroq stimul rolini taqdim etgan bo‘lardi”, deya yozadi iqtisodchi.

Bakirov Markaziy bank bayonotidan kelib chiqib, yaqin orada aholi va biznes naqd pul yetishmovchiligi masalasida ijobiy o‘zgarishni sezishini taxmin qildi.

“Abzatslar orasida keltirilgan signallardan ham sezish mumkinki, naqd pulga talabning keskin ortib ketishida naqd pulsiz hisob-kitoblardagi paydo bo‘layotgan muammolarning ham o‘rni yo‘q emas. Soliq ma’murchiligi deyilganda soliq tushumlarini va yukini uzluksiz oshirishni tushunish siyosati biznesni soyaga yetaklamoqda yo shunga majbur qilmoqda. Tabiiyki, bank kartalari va to‘lov terminallaridan foydalanishdan chetlanilgan har bir holat naqdlikka zaruriyatni oshirib boraveradi”, – deydi u.

Mavzuga oid