O‘zbekiston | 10:22 / 12.05.2022
1873
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat ishtirokidagi korxonalarning homiylikka sarflanadigan xarajatlari kamaytiriladi

“Homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjatda aytilishicha, so‘nggi yillarda davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ko‘rsatilayotgan homiylik yordamlari oshmoqda. Davlat ishtirokidagi 29 ta yirik korxona tomonidan 2020-2021 yillarda amalga oshirilgan homiylik yordamlari tahlil qilinganda, 2021 yilda ulardagi jami homiylik o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki barobarga ko‘paygani aniqlangan.

Bildirilishicha, amalga oshirilgan har bir homiylik mablag‘lari davlat ishtirokidagi korxonalar bevosita xarajatlari hisoblanib, ularning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir etadi va ular tomonidan davlat ulushi bo‘yicha hisoblanadigan dividendga ta’sir o‘tkazadi, korxonalar aylanma mablag‘lari maqsadsiz ishlatilishiga olib keladi.

Shunga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan homiylik yordamlariga ajratiladigan mablag‘larni tartibga solish va qisqartirish maqsadida ularning eng yuqori chegarasini kamaytirish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi 3-moddadan iborat bo‘lib, unda “Homiylik to‘g‘risida”gi qonun 5-moddasiga ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan (amalda 10 foiz) oshmasligi kerakligi, bundan O‘zbekiston prezidenti va hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasnoligi bilan bog‘liq o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi qabul qilinishi davlat ishtirokidagi korxonalarda homiylikni amalga oshirish tartibga solinishiga, jumladan davlat ishtirokidagi korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanilishiga, maqsadsiz va samarasiz yo‘nalishlarga homiylik mablag‘lari ajratilishi oldi olinishiga va korxonalar homiylikka yo‘naltiriladigan mablag‘lari uch barobargacha iqtisod qilinishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid