O‘zbekiston | 19:24 / 17.05.2022
9957
3 daqiqa o‘qiladi

Antimonopol qo‘mitasi UzIMEI bo‘yicha 20 kun ichida aniq xulosaga kelinishini ma’lum qildi

Antimonopol qo‘mitasi raisiga ko‘ra, UzIMEI, yagona imtihon markazi va radarlar kabi masalalarni nazorat qilish qo‘mita vakolatiga kirish kirmasligi borasida o‘rganish o‘tkazilmoqda.

16 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Kun.uz muxbirining qo‘mita har bir telefon uchun undirilayotgan 54 ming so‘mlik to‘lov kalkulyatsiyasi borasida tekshiruv o‘tkazishi ehtimoli bo‘yicha savoliga javob berdi.

Qo‘mita raisi Shohrux Shorahmedov UzIMEI va shunga o‘xshash holatlar (yagona imtihon markazi, radarlar) kun tartibidagi murakkab masala bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

“Chunki bizda UzIMEI va shunga o‘xshash boshqa davlat funksiyalarini bajarish davlat yoki xususiy kompaniyalarga berilganda raqobat qonuniga mosmi, mos emasmi, degan masala yuzaga kelmoqda. Bu holatni biz raqobat nuqtayi nazaridan nazorat qila olamizmi yoki yo‘qmi, bizning vakolatga kiradimi, degan masala ko‘ndalang turibdi.

Masalan, UzAuto’ni olaylik. Kompaniya mashina ishlab chiqaradi va bu – bozor. Ushbu holatda raqobat to‘g‘risida gapirsak bo‘ladi. Radar, UzIMEI yoki imtihonlarni qabul qilish masalasi tadbirkorlik masalasi emas, davlat funksiyasini boshqa davlat korxonasiga yoki xususiy kompaniyaga berish hisoblanadi. Davlat funksiyasi tadbirkorlik sub’yektlari yoki boshqa davlat korxonasiga berilganida bu bizning vakolatga kiradimi yoki  yo‘qmi, degan masala turibdi”, — dedi u.

Shohrux Shorahmedov metodik kengash tuzgan holda yuqoridagi kabi 3-4 ta holatga birdan yechim berilishini ma’lum qildi. 

“Radarni auksionda berish, UzIMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki “prava” berish tadbirkorlik faoliyati emas, davlatdan ruxsatnoma berish jarayoni. Shuning uchun davlat funksiyasi boshqa korxonalarga berilishini nazorat qilish bizning qonunimizga mosmi, uni nazorat qilish vakolatimizga kiradimi, yoki boshqa organning vakolatimi, ishlar to‘g‘ri amalga oshirilmoqdami, xizmatga olinayotgan mablag‘lar to‘g‘rimi, shu kabi  metodologik masalalar ustida ishlayapmiz.

20 kun vaqt bering, ma’lumot bo‘lishi bilan biz o‘z pozitsiyamizni bildiramiz”, – dedi rais.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida AKT vaziri Sherzod Shermatov Kun.uz'ga bergan intervyusida UzIMEI borasida pozitsiyasini bildirgan edi.

Mavzuga oid