Jamiyat | 20:01 / 17.05.2022
10990
5 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabz tumanining chekka tog‘li qishlog‘i BMT loyihasi doirasida suv bilan ta’minlandi

Ko‘pchilik shahar aholisi suv mavjudligini tabiiydek qabul qiladilar – jo‘mrakni burasa, oqib turaveradi. Ammo Chuqur qishlog‘ida yashovchi ayollar va qizlar unday fikrda emas – yaqin-yaqingacha ular kundalik maishiy ehtiyojlari uchun suv olgani har kuni xavfli tog‘ dovonlarini oshib chelaklarda suv tashishga majbur edilar.

Foto: BMT Taraqqiyot dasturi

BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik fond va Davlat ekologiya qo‘mitasi “Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim asosiy tog‘li hududlarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish” qo‘shma loyihasini amalga oshirmoqda. Uning doirasida Shahrisabz tumanining 1477 kishi yashovchi Chuqur qishlog‘ida 6,5 kilometrli suv quvuri yotqizilishiga erishildi. Hozirda bu quvur orqali 285 ta uy xo‘jaligiga suv yetib bormoqda.

Qishloq oqsoqoli Norbovo Shaymanov bu favqulodda mashaqqatli ish bo‘lgani, lekin sa’y-harakatlar uzoq istiqbolda o‘zini oqlashini aytadi.

“Quvur yotqizish ishlari anchayin og‘ir kechdi, chunki suv olish uchun tanlangan joy dengiz sathidan 1650 metr balandlikda, suv quvurining qishloqdagi yakuniy nuqtasi dengiz sathidan 1595 balandlikda joylashgan. Quvurdan yil-o‘n ikki oy foydalanish ko‘zda tutilgani sababli, uni muzlashdan asrash muhim edi, shu sababli chuqurligi yarim metrli tunel qazildi”, deya uning so‘zlarini keltiradi BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Chuqur qishlog‘ining yerlari hosildor bo‘lib, mahalliy aholi bog‘dorchilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullanishadi va sug‘orish hamda xo‘jalik ehtiyojlari uchun Qirqqiz Azizlar bulog‘idan suv olishadi. Bu chorvachilikning muqobili bo‘lib, yaylovlarga yuklamani kamaytirishi mumkin edi, biroq, suvdan, jumladan bog‘lar va sabzavotchilik uchastkalarini sug‘orishda foydalanishning cheklangani ushbu turdagi faoliyat rivojlanishida jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Foto: BMT Taraqqiyot dasturi

Chuqur qishlog‘i ichimlik va sug‘orish uchun suv bilan qisman ta’minlangan, ammo uylari yuqoriroqda joylashgan aholi bundan mustasno, bu esa 70 ta uy xo‘jaligida yashovchi taqriban 320 nafar aholi demakdir. Ular suv uchun qishloqdan 100 metr pastlikdagi daryoga tushishlariga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘p vaqt va kuch-g‘ayrat talab qiladi, qishda va yog‘ingarchilik paytida salomatlik uchun ham xavf tug‘iladi, chunki bu paytda moslashmagan yo‘llar orqali harakatlanish juda murakkablashadi.

Foto: BMT Taraqqiyot dasturi

Suv tashish bo‘yicha barcha og‘irlik ayollar va qizlar zimmasiga tushadi, chunki, an’anaga ko‘ra, oilani suv bilan ta’minlash (ayniqsa maishiy ehtiyojlar uchun) – bu ularning vazifalaridir. Shu bilan birga, ayollar va qizlar dala ishlarida qatnashadilar, molga qaraydilar, uy xo‘jaligini yuritadilar, bolalarni parvarishlaydilar, oilaning boshqa a’zolari xizmatlarini qiladilar.

Qishloq aholisidan biri, butun umri Hisori qishlog‘ida o‘tgan, o‘zi mahalliy maktabda adabiyotdan dars beruvchi, hozirda mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari bo‘lmish Fayziddinova Sharofat Savriddinovna shunday deydi:

“Oldinlari buloqdan suv olishda ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirardik. Qishda ham, yozda ham buloqqacha eshaklarda borardik yoki bir necha kilometr yayov yurardik. Odatda chelaklar juda og‘ir bo‘lib, ular bilan yuqoriga ko‘tarilishning o‘zi bo‘lmasdi. Shuningdek, suvni qozonlarda isitib, kiyim-kechakni o‘sha joyning o‘zida yuvishimizga to‘g‘ri kelardi. Sovunli suv buloqqa tushardi, bu, shubhasiz, ham biz – aholiga, ham mahalliy tabiatga zarar keltirardi. BMT TD loyihasi tomonidan quvurlar o‘rnatilganidan keyin hayotimiz sezilarli yengillashdi, oldinlari xayolimizga ham kelmagan imkoniyatlar ochildi, aholining kundalik-maishiy sharoitlari 100 foizga yaxshilandi”.

Quvurlarni yotqizish bo‘yicha barcha ishlar mahalliy aholi tomonidan hashar yo‘li bilan amalga oshirildi, bahamjihat ishlashda ularning qiyinchilik oldidagi sobitliklari namoyon bo‘ldi, chunki biz-u siz uchun odatiy ko‘ringan suv ta’minoti –aholi uchun haqiqiy bayram bo‘lib, ularning suvga bo‘lgan xo‘jalik-maishiy ehtiyojlarini qoplaydi va ularning turmush darajasini yaxshilaydi.

Mavzuga oid