O‘zbekiston | 10:45 / 17.05.2022
10175
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi laboratoriyalar bitta korxonaga berilgani yuzasidan vaqtida ma’lumot bermagan SSVga ish qo‘zg‘atildi - Antimonopol qo‘mita

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Toshkentdagi 178ta laboratoriya bitta korxonaga berilgani yuzasidan so‘ralgan ma’lumotlarni vaqtida taqdim etmagan Sog‘liqni saqlash vazirligiga nisbatan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Farrux Karabayev / Foto: Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi

16 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi mutasaddilari Kun.uz muxbirining “laboratoriyalar monopoliyasi”ga oid ish xulosalari nega hamon ma’lum qilinmaganiga oid savoliga javob berdi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Karabayevga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘ralgan hujjatlarni vaqtida taqdim etmagani uchun unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. 

“Toshkentdagi 178ta laboratoriya bitta operatorga berilgani yuzasidan bir qancha tadbirkorlik sub’yektlaridan bizga murojaat tushgan. Aynan laboratoriyalar funksiyasi muayyan bozor ishtirokchisiga berilgani yuzasidan va aynan mana shu davr mobaynida biz yuqorida ta’kidlab o‘tgan ma’lumotlar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lumotlar so‘raganmiz. Lekin bu ma’lumotlar so‘ralgan davrda berilmadi va shunga asosan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga asosan ish qo‘zg‘atildi. Shu hafta bu bo‘yicha chora ko‘riladi. Agar ma’lumotlar berilmasa, tegishli tartibda choralar ko‘riladi”, — dedi u.

Farrux Karabayev, aynan bu masala davlat sherikchiligi va davlat-xususiy sherikchiligi konsessiya shartlari asosida tuzilgan shartnomalar ekani, bu borada ma’lumotlar olingandan keyin xulosa chiqarilishini qo‘shimcha qildi.

“Aynan monopoliyaga qarshi tekshiruv o‘rganish vaqt talab qiladigan masala. Chunki ma’lum ma’muriy protseduralar bor, biz bundan chiqolmaymiz. Davlat siyosati darajasiga chiqqan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga oshiqcha aralashishga qonunan yo‘l qo‘yilmaydi va shu jihatdan biz muayyan byurokratiya shartlariga amal qilishimiz kerak. Bu ikki oy davomida qo‘mita hech narsa qilmadi degani emas, biz shug‘ullanyapmiz. Ammo ma’lum qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. Biz qonunbuzilish holatini o‘rganishimiz uchun hujjatlar kerak, lekin shu kungacha ular taqdim etilmadi. Agar qonunbuzilish holatlari aniqlansa, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga asosan choralar ko‘ramiz”, — dedi rais o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Kun.uz Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178ta laboratoriya bitta kompaniya – Intermed Innovation’ga tendersiz berilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, maqolaga tibbiy-laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatuvchi bir guruh tadbirkorlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurash va Sud-huquq masalalari qo‘mitasiga kiritilgan shikoyat xati ham ilova qilingandi.

Monopoliya qarshi kurashish qo‘mitasi holat yuzasidan o‘rganish boshlaganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid