Jamiyat | 23:17 / 18.05.2022
2296
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda sport anjomlarini o‘z bahosidan qimmat narxda sotib olganlarga jinoiy ish ochildi  

Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi hamda oldingi viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi moddiy javobgar shaxslari sport anjomlarini qimmat narxlarda sotib olib, davlat manfaatlariga qariyb 1,4 mlrd so‘m zarar yetkazishgan. 

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Jarayonda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va “I.A.” MChJ moddiy javobgar shaxslari “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda 8 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘m qimmat narxlarda xarid qilganliklari aniqlangan.

Shuningdek, departamentning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda oldingi viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi moddiy javobgar shaxslari 2021 yilning dekabr oyida 22 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 598,9 mln so‘m qimmat narxlarda sotib olganliklari ma’lum bo‘lgan. Qolaversa, 2021 yilning dekabr oyida 8 nafar o‘quvchining Moskva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro musobaqaga borib-kelish xarajatlari garchi ota-onalar tomonidan to‘lab berilgan bo‘lsa-da, soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, 80 mln so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid