O‘zbekiston | 20:48 / 18.05.2022
42663
24 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qanday qilib gaz eksport qiluvchi davlatdan import qiluvchi davlatga aylandi - «O‘ztransgaz» raisi bilan suhbat

Nima uchun davlat energetika islohotida shok-terapiyasi o‘tkazmaydi? Respublikaning hamma hududlariga gaz tortib borsa bo‘lmaydimi? Gaz masalasida Rossiya va Xitoy bilan tuzilgan bitimlarning asosiy shartlari qanaqa? O‘zbekiston nega gazini to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropaga sota olmaydi?

«O‘ztransgaz» raisi Behzod Normatov YouTube'dagi «Ular» loyihasiga bergan intervyusida yuqoridagi va boshqa qator savollarga oydinlik kiritdi.

— «O‘ztransgaz» qanday tashkilot, nima bilan shug‘ullanadi?

— 2019 yilda sohani transformatsiya qilish maqsadida qabul qilingan prezident qaroridan keyin, «O‘zbekneftgaz» tabiiy gazni qazib chiqaruvchi, «O‘ztransgaz» qazib chiqarilgan gazni tashib beruvchi, «Hududgazta’minot» esa yakuniy iste’molchilarga yetkazib beruvchi korxona sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi.

Tizimni bo‘lishdan maqsad – sohadagi samaradorlikni to‘g‘ri baholash edi. Hamma tarmoqni bitta monopolist qamrab olgan paytda, mayda muammolarni o‘rganishga va to‘g‘ri baholashga yetarli darajada vaqt ham, imkoniyat ham bo‘lmagan.

Magistral gaz quvurlari bo‘yicha bizning vazifamiz – yetkazib berish jarayonidagi yo‘qotishlarni kamaytirish, trubalarni modernizatsiya qilish, umuman olganda A nuqtadan B nuqtaga gazni minimal yo‘qotishlar bilan tashish hisoblanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, «O‘ztransgaz» o‘tgan yilni 2,5 trln so‘mdan ortiq zarar bilan yakunlagan. Bunga sabab nima?

— 2019 yilda sohani transformatsiya qilish jarayonida «O‘zbekneftgaz» va «Hududgazta’minot»ni moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish asosiy vazifalardan biri bo‘lgan. Shu sababdan gaz narxining oshishini oldini olishga qaratilgan barcha davlat subsidiyalari «O‘ztransgaz»ga to‘g‘ri kelgan. Hisobotga qarasangiz, «O‘zbekneftgaz» ham, «Hududgazta’minot» ham o‘tgan yilni foyda bilan yakunlagan. Faqat biz yilni zarar bilan yakunlaganmiz. Sababi – eng katta zarba bizga bo‘ladi. Gazni ishlab chiqaruvchilardan sotib olib, kerak bo‘lsa import qilib, uni arzon narxda sotamiz. Misol uchun, 200 dollarga gaz sotib olsak, aholiga 30 dollardan qayta sotyapmiz.

Gap faqat arzon olib, qimmat sotishimizda emas. Bundan tashqari, quvurlar va kompressor stansiyalarnini ta’mirlash uchun kreditlar olganmiz, o‘shalarga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishimiz kerak. Umuman olganda, 1 kub metr gazdan 150-160 so‘m zarar ko‘ramiz.

— Bundan kelib chiqsak, «O‘ztransgaz» doim yilni shunaqa katta zarar bilan yakunlayveradimi?

— Yo‘q, har doim bunday davom etishi mumkin emas. Bitta narsani hamma tushunib yetishi kerak: erkin bozor munosabatlariga o‘tmasak bo‘lmaydi.

Hamma rivojlangan davlatlarga qarasangiz, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi minimal darajada. O‘tish davri bo‘lgani uchun bizda kuchli ijtimoiy siyosat yuritib kelinyapti. Lekin hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ajratilayotgan subsidiyalarning atigi 20 foizi ijtimoiy muhtoj qatlam vakillariga to‘g‘ri kelyapti. Chunki ular shundoq ham gaz va elektrdan kam foydalanadi, uyida konditsioneri yo‘q, bir nechtalab gaz plitalar yo isitiladigan basseyni yo‘q.

Endi, tegishli qaror chiqdi, «O‘zbekneftgaz»ning 49 foiz aksiyasi sotilib, xususiy sektorga o‘tadi. Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi ham xususiylashtiriladigan bo‘lsa, oxir-oqibat davlat yuz foiz monopoliyani saqlab qoladigani – magistral gaz quvurlari bo‘ladi. Chunki bu strategik hisoblanadi, uni xususiy qo‘llarga berib bo‘lmaydi.

— Energetika sohasida erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish nega sekin kechyapti?

— Bizda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning ulushi haliyam katta darajada. Hukumat narxlarni oshirsa, buning oqibati qanday bo‘ladi, degan savol turadi. Umuman, bozor tamoyillariga birdaniga o‘tib, narxlarni keskin oshirish va tushgan puldan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatsa ham bo‘lardi, lekin islohotni mo‘’tadil ko‘rinishda bosqichma-bosqich amalga oshiryapmiz.

Davlat ham bizning katta ziyon ko‘rayotganimizni biladi, shu sababdan banklarga davlat kafolatini berish va to‘g‘ridan to‘g‘ri subsidiya shakllarida moliyaviy yordam berib turibdi. Ammo o‘zimiz uchun belgilab olganmiz, 2025-2026 yillarda bozor munosabatlariga o‘tadigan bo‘lsak, soha liberallashadi va narxlarni ham bozorning o‘zi shakllantiradigan bo‘ladi.

Aytganimdek, har qanaqa islohot qilinayotganda ijtimoiy zaif qatlam haqida o‘ylanadi. Menimcha, hozirgi sharoitda pog‘onali hisoblash tizimiga o‘tilib, ma’lum miqdordagi gaz iste’molidan keyin boshqacha narx belgilansa, adolatdan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Shunda odamlarda ham tanlash imkoniyati paydo bo‘ladi: energiya tejovchi texnologiyalarga o‘tib, to‘lovlarni kamaytirish yoki ko‘proq to‘lash.

Hozirda siz uyingizga quyosh batareyasi qo‘yadigan bo‘lsangiz, xarajatlaringizning 30 foizini davlat qoplab beradi. Men o‘zim uyimga o‘rnatganman, natijada yozda suv isitish uchun gaz ishlatmayman. Agar gazning narxi oshadigan bo‘lsa, odamlarda shu kabilarga qiziqish ortadi, iste’mol madaniyati paydo bo‘la boshlaydi, qish paytida uyini yaxshilab izolyatsiya qiladi, imkoniyati bor odamlar uyini energotejamkor qiladi.

Rivojlangan mamlakatlarga nisbatan, birgina Toshkentning o‘zida 1 kub metr maydonni isitish uchun 4 barobar ko‘proq energiya sarflanadi.

— Biz muammo nimadaligini bilsak, nima uchun butun xalqqa: “O‘rtoqlar, davlat subsidiyalari kamayadi, gaz qimmatlashadi, shuning hisobiga hammaga yetkazib berish imkoniyati bo‘ladi”, deb tushuntirib, shuni targ‘ibot qilib, islohotni qisqa vaqtda o‘tkazib yuborsa bo‘lmaydimi?

— Gruziyada shunaqa bo‘ldi. Shok terapiyasi deyiladi. Endi, siz bir narsani inobatga olishingiz kerak: Gruziyada 4 mln aholi yashaydi, biz esa 30 milliondan oshdik. Gruziyada norozilik kelib chiqsa, 4 mln odam norozi bo‘ladi, bizda esa 30 mln odam norozi bo‘lishi mumkin.

Shok terapiyasining o‘ziga yarasha risklari bor. To‘g‘ri, islohotni tezda o‘tkazib, boshqalarga yetib olib, uyog‘iga hosil bo‘lgan mablag‘dan tizimdagi muammolarni yechish mumkin. Ikkala variantning ham plyus-minuslari bor.

Hozir bosqichma-bosqich, ijtimoiy silnikishlar kamroq bo‘ladigan yo‘l tanlangan. Ya’ni odamlarning iqtisodiy ahvolini sekin-sekin ko‘tarib, ularda to‘lov qobiliyatini yaratib boramiz deyilgan.

Davlat maksimal darajada qo‘llab-quvvatlab kelyapti, o‘ylaymanki, yetarli miqdorda oyoqqa turib bo‘ldik. Endi asta-sekinlik bilan narxlar reformasi ustida ishlasak ham bo‘ladi. Chunki busiz iloji yo‘q. «O‘ztransgaz» qaramog‘idagi 13 ming km magistral gaz quvurlarining 61 foizi 30 yildan ko‘proq muddatdan beri ekspluatatsiya qilinyapti. Rossiyaning standartlariga qaraydigan bo‘lsak, 20 yil ichida gaz quvurlari 100 foiz almashtirilishi kerak – shunda ham lozim darajada ekspluatatsiya qilingan bo‘lsa, ya’ni toza gaz haydalgan bo‘lsa, elektr-kimyoviy himoyasi bo‘lsa, korroziyaga qarshi choralar yuz foiz ko‘rilgan bo‘lsa.

Mustaqillik yillarida ancha yaxshi o‘zgarishlar qilindi, lekin energetika sohasiga e’tibor nisbatan sust bo‘ldi. Ayniqsa, yangi quvurlar qurilgan bo‘lsa-da, eskilarini almashtirish bo‘yicha unaqa ko‘p ish olib borilmagan. Energetika sohasini modernizatsiya qilishga kiritilgan mablag‘larning 70-75 foizi oxirgi 5-6 yilga to‘g‘ri keladi.

Quvurlar eskirgani sari tashish qobiliyati pasayadi. Ba’zi joylardagi quvurlarni ochib, tekshirganimizda, qog‘ozdek hil-hillab ketgan bo‘ladi. Tabiiyki, bunaqa quvurdan 40-45 atmosfera gaz haydab bo‘lmaydi, portlash riski bor. Ishlab turadi, lekin kamroq gaz tashiydi.

Soha islohoti bizga ko‘proq imkoniyat yaratadi. Islohotni oxirigacha yetkazadigan bo‘lsak, “O‘ztransgaz” gaz quvurlarining yagona milliy operatori bo‘lib qoladi. Ya’ni bizdan yaqin kelajakda oldi-sotdi funksiyalari chiqarilsa, bizning vazifamiz faqat A nuqtadan B nuqtaga gazni minimal yo‘qotishlar bilan olib borib berish bo‘ladi.

— O‘zbekiston o‘zining gaz zaxiralaridan to‘liq foydalana olmaydi, chunki bu huquqlar uzoq muddatga Rossiyaga sotilgan degan gaplar yuradi. Bu qanchalik asosli?

— Bu ma’lumot mutlaqo noto‘g‘ri. Hozirgacha O‘zbekiston hududida ishlayotgan eng katta kompaniya «Lukoyl» bo‘lsa, umumiy hisobda ushbu sohaga 7 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritgan. To‘g‘ri, inkor eta olmayman, «Lukoyl»ga yaxshi konlar berilgan. Lekin bu kompaniyaning O‘zbekistonda ko‘rayotgan foydasining 60 foizi davlatniki. Ya’ni ular 100 so‘m topadigan bo‘lsa, 60 so‘mi davlatga qaytib keladi. Adashmasam, 2042 yilgacha «Lukoyl» bilan mahsulotni taqsimlash bo‘yicha bitim tuzilgan. Shu muddatgacha konlarni ekspluatatsiya qilib, gaz qazib chiqarib, tozalab, yetkazib beradi. Agar gazni eksport qiladigan bo‘lsa ham, mablag‘ning 60 foizi g‘aznamizga kelib tushadi. Qolaversa, «Lukoyl» tomonidan uch mingta odam ish bilan ta’minlangan.

Qolgan kompaniyalar ham O‘zbekistonga keladigan bo‘lsa, mahsulot taqsimlash kelishuvlari qilinadi. Olayotgan daromadi 50 foizdan ziyodi o‘zimizda qoladi. Bu O‘zbekiston hududida ishlayotgan Xitoy va Rossiyaning boshqa kompaniyalariga ham taalluqli.

Bizda Rossiyaning ikkita gaz kompaniyasi ishlaydi: «Lukoyl» bilan «Gazprom». «Gazprom» Ustyurtda faoliyat olib bormoqda, ularning ham olgan mahsulotidan 50 foizi davlatniki. Davlat xohlasa eksport qiladi, xohlasa ichki bozorga beradi. Ya’ni davlat bir tiyin pul tikmayapti; kompaniya o‘zi pul tikib, qazib chiqaryapti, o‘z xarajatlarini qoplayapti – o‘ziga yarasha investitsion kelishuvlar bor – foydasining bir qismini davlatga beryapti.

O‘zbekistonning o‘z zaxiralaridan foydalana olmasligini ko‘zda tutuvchi hech qanaqa kelishuv yo‘q, kompaniyalar faqatgina o‘zlariga belgilab berilgan kon va hududning ichida, davlat bilan kelishgan shartlar asosida faoliyat yuritishadi.

2001 yilga qaytadigan bo‘lsak, o‘sha paytda qilingan kelishuvlar, masalan, «Lukoyl» bilan qilingan kelishuv va investitsiyalar o‘zini oqlayapti, deb o‘ylayman. Men o‘zim neft-gaz sohasi mutaxassisi bo‘lganim uchun shunday deb hisoblayman. Kimdir aytishi mumkin, shu ishlarni o‘zimiz qilsak bo‘lmasmidi, deb. Lekin o‘sha paytga qaytadigan bo‘lsak, bizda yetarli darajada moliyaviy imkoniyat ham, yetarli mutaxassislar ham bo‘lmagan.

— Aytaylik, Norvegiya kompaniyasi kelib, shartnoma tuzmoqchimiz, sizlardan gaz qazib olmoqchimiz desa, biz ular bilan shartnoma tuza olamizmi?

— Ha, tuza olamiz.

—Bizda gaz qazib chiqaruvchi xorij kompaniyalari asosan Xitoy va Rossiyaniki, shundaymi?

— Ha, bizda ishlayotganlari Xitoy va Rossiya kompaniyalari.

— Asosiy tranzitlarimiz ham Rossiya bilan Xitoygami? Aytmoqchimanki, nima uchun Yevropa bozoriga kirishga, tranzitni buyoqqa burishga harakat qilmaymiz?

— Gap tranzitni burishda emas. Masalan, Xitoy O‘rta Osiyoda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘istonning neft-gaz qazib chiqarish sohalariga investitsiya qilgan, chunki ular o‘sib borayotgan iqtisodiyotini gaz va energiya resurslari bilan ta’minlashi kerak. Har qanday o‘saman degan iqtisodiyot energoresurslarni kafolatli olishga ehtiyoj sezadi. Ko‘p narsalarda, masalan, Yevropaning kompaniyalari kelmasa ham, Xitoy shu shart-sharoitlarga ko‘z yumib, biz juda qattiq talablar qo‘ygan bo‘lsak-da, kirishgan, pul tikishgan.

Masalan, Turkmanistondan Xitoyga o‘tgan quvurlar O‘zbekiston hududidan ham o‘tgan. Bular – yangi qurilgan quvurlar. O‘zbekistonda “Asia Trans Gaz” degan qo‘shma korxona bor, shu quvurlarning O‘zbekiston hududidan o‘tgan qismini ekspluatatsiya qilib keladi. Turkmanistondan Xitoyga gaz tranzitining O‘zbekistondan o‘tadigan va o‘tmaydigan qismlari bor. Bu – Xitoy o‘zi uchun qurgan infrastruktura. Ya’ni bu quvurlardan ketayotgan gaz Qozog‘istonda ham, Qirg‘izistonda ham qolmaydi, to‘g‘ri Xitoyga yetib boradi.

Xuddi shunaqa quvurlar Qozog‘istonning janubiy qismidan g‘arbiy qismidan janubiy qismigacha kelib ulangan, uni ham xitoylar qurgan, u orqali ham Xitoyga gaz ketadi. Ya’ni uzoq muddatli kelishuvlar bo‘lgan, Xitoy investitsiya qilib uni yaratgan. Quvurlarning O‘zbekistondan o‘tayotgan har bir kilometridan O‘zbekistonga foyda qoladi.

Rossiyaga kelsak, SSSR davridan qolgan Buxoro–Ural quvurlari bor, o‘z paytida gaz ikkita yo‘nalish bo‘yicha O‘rta Osiyodan Rossiyaning Markaziy qismlariga tashilgan. Sovet ittifoqi ajralib ketganidan keyin mavjud eksport marshrutimiz faqat shu bo‘lgani uchun, o‘z navbatida «Gazprom»ning Yevropa davlatlari bilan kontraktlari bo‘lgani uchun, «Gazprom» biz bilan kelishib, Netback degan formula bor: masalan, Yevropaning chegarasidagi narx olinadi, transportirovka narxlari ozgina foydasi bilan olinib, o‘sha narxni bizga to‘lab berishadi. Bular ham uzoqli muddatli kelishuvlar.

Aytmoqchimanki, biz nega Yevropaga to‘g‘ridan to‘g‘ri gaz eksport qilolmayapmiz deyilsa, qanday qilib olib borasiz Yevropaga? Rossiyaning gaz quvurlari tizimi orqali olib borishga majbursiz. Bu – iqtisodiyotdan yuqoriroq turadigan, siyosat aralashadigan narsa. Chunki ular ham o‘z geopolitik manfaatlarini himoya qiladi. Shu bilan bir qatorda, Yevropa bilan kelishilgan holda O‘zbekistonga va Turkmanistonga narxni belgilab berishadi. To‘g‘ri, biz xohlaganday bo‘lmasligi mumkin, lekin bizning yagona marshrutimiz bo‘lgani uchun...

Undan keyin bizda Xitoy paydo bo‘ldi. Raqobatbardosh, ya’ni Rossiya taklif qilayotgan sharoitlardan yaxshiroq bo‘lgani uchun o‘sha paytda takliflar qabul qilingan. Bu o‘z navbatida Rossiyani ham biz bilan munosabatlarda narxlarni ham qayta ko‘rib chiqishiga o‘ziga yarasha ta’sir ko‘rsatgan. Narxlar orasida muvozanat paydo bo‘lgan, ya’ni biz bozornikiga yaqinroq, o‘zimiz eksport qilganimizda qanday bo‘lardi deganga yaqinroq narxlar bo‘lishiga erishganmiz.

Agar bizda ham dengizga chiqish imkoniyati bo‘lganida, xuddi shu tabiiy gazimizni suyultirilgan gazga aylantirib, Xitoyga yoki Yevropaga sotishimiz mumkin edi.

— O‘zbekiston qanday qilib gazni eksport qiladigan davlatdan, import qiladigan davlatga aylanib qoldi?

— Bu yerda ikkita faktor bor: qazib chiqish imkoniyatlari va ichki talab.

Mustaqillikka erishganimizda 19 mln aholimiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 35 mlndan oshdi. Iqtisodiyotimiz o‘syapti: kichik va o‘rta biznes rivojlanyapti, qurilish materiallari, kimyo sohasi va hokazo sohalar o‘ziga yarasha o‘sib ketdi. Bu talabni qondirish kerak. Yangi katta konlar topilmayapti, ichki zaxiralar ham cheksiz emas.

Grafikda tasavvur qiladigan bo‘lsak, qazib chiqarish pasayyapti, talab esa o‘syapti – shu ikki chiziq kesishganidan keyin import qilishni boshlashimiz kerak bo‘ladi. Agar umuman import qilmay, faqat o‘zimizning gazimizni ishlatamiz desak, cheklangan resurslarga bog‘lanib qolamiz va natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Xalqaro standartlar bo‘yicha, agar biz YaIM o‘sishini ta’minlab bermoqchi bo‘lsak, iqtisodiyotimizga kerak bo‘ladigan energoresurslardan 10 foiz ko‘proq qo‘shimcha zaxiramiz bo‘lishi kerak.

Koreyani oling, gazi bormi? Yoki Yaponiyani. Gazi bo‘lmasa ham, rivojlangan davlatlar. Ularda gazga, elektr energiyasiga munosabat bizdan farq qiladi, juda tejamkor texnologiyalarni rivojlantirishgan. Shu bilan birga, neft-kimyo bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallashadi.

Gazni yoqilg‘i sifatida yoqib yuborish bu yaxshi emas. Xuddi shu yoqayotgan gazimizni qayta ishlaydigan bo‘lsak, undan qancha narsa olsa bo‘ladi. Import qilishdan hech qachon qo‘rqish kerak emas. Iqtisodiyotimizning to‘xtamasligini xohlasak, kafolatlangan energiya resurslari bilan ta’minlab berishimiz kerak. Zaxirasi bilan birga.

Bizda respublikaning hamma hududlariga gaz yetkazib berish imkoniyati bormi?

— Imkoniyat mavjud, faqat qars ikki qo‘ldan chiqishi kerak. Energiya tejamkorligini, iste’mol madaniyatini oshirishimiz kerak. Ayrim odamlarda insof ham bo‘lishi kerak: gaz o‘g‘irlaydiganlar, noqonuniy sotadiganlar xalqning narsasi uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham javob berishini tushunib yetishi kerak.

Biz tomonimizdan qilinadigan ish esa, gaz tarmoqlari infratuzilmasini talab darajasida qayta loyihalashtirib, yetkazib beradigan holatga keltirish. Sir emas, yangi tashkil etilgan ayrim mahallalarda davlatning quvur tortib berishga imkoniyati bo‘lmagan, odamlar o‘zlari pul yig‘ib, quvur tortishgan. Ammo moliyaviy imkoniyatlari cheklangani uchun standartlarga mos keladigan truba yotqizilmagan. Natijada mahallaning boshidagi xonadonlar gazdan yaxshiroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishsa, chekkaroq qismidagi xonadonlarga gaz yetib bormaydi. Agar biz hammaga yetadigan miqdorda gaz beramiz desak ham, quvur kichkinaligi sabab bu ishni amalga oshira olmaymiz.

Hozirda aylanma yopiq tizim yaratish ustida ish olib borilyapti. Bunda kichik bosimdagi tarmoqlarni o‘rta bosimga o‘tkaziladi, mahallalardagi “GRP” gaz taqsimlash uskunalari olib tashlanadi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, hozirgi zamonaviy ASKUG hisoblagichlari qo‘yilayotganda yoniga regulyator – me’yorlovchi uskuna qo‘yib ketilyapti. Yopiq tizimga o‘tkazilgan mahallada gaz bir me’yorda aylanib, hammaga bir xil yetib boradigan qilinadi. Aylanma gaz quvuri bilan o‘rab olingan mahallada ichkaridagi nuqtalar bir-biriga ulanib ketgan holatda, bir joyda iste’mol katta bo‘lsa, u yerga boshqa joylardan ham gaz kelaveradi. Ya’ni bu tarmoqni boshi berk emas, aylanib har tarafdan gaz kelaveradi. Shunda quvurlarda balans bo‘ladi.

Endi shuni butun respublika masshtabida tasavvur qiling. 30 yil mobaynida mahallalarni gazlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalarning 50 foizi ham jahon standartlariga javob bermaydi. Buyog‘iga endi “Hududgazta’minot” to‘g‘ri loyihalashtirib, kerak bo‘lsa investitsiya qilib, chet eldan mutaxassislarni olib kelib, shu narsalarni hal etishi kerak.

Menimcha, ham energotejamkorlikka e’tibor qaratsak, ham shu zamonaviy texnologiyalarni joriy qiladigan bo‘lsak, hozirgi yetkazib berayotgan gaz hajmlarimiz ham yetadi.

Aholiga uzatilayotgan gaz hajmi 4-5 yil oldin 9 mlrd kub metr bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu raqamlar 12,5 mlrd kub metrga yetgan. Yetkazib berish tizimimiz bunga javob berishi kerak.

— OAVda katta hajmda gaz o‘g‘irlangani haqida tez-tez xabarlar chiqadi. Gazni umuman o‘g‘irlab bo‘lmaydigan qilib qo‘yishning qandaydir yo‘li yo‘qmi?

— 90-yillarda O‘zbekistonda mashina o‘g‘riliklari juda ko‘payib ketgan, shundan so‘ng bu jinoyat uchun 10 yillik qamoq jazosi joriy qilingan, natijada o‘g‘riliklar o‘z-o‘zidan to‘xtagan. Hozirgi kunda gaz o‘g‘irlagan odam qo‘lga tushsa, yetkazilgan zararni qoplab bersa bo‘ldi, yana ish faoliyatini davom ettiraveradi. Bu borada Turkiyada tajriba almashib keldik. Ularda aniqlangan muddat davomida o‘g‘irlangan gazning qiymatini 3 barobar qilib to‘laydi. Bu – administrativ jazo. Shuningdek, bu ishda kim qatnashgan bo‘lsa, jinoiy ish qo‘zg‘alib, o‘g‘rilik uchun qamaladi. Bu borada biz ham hukumatga takliflar kiritganmiz.

O‘zimiz tomondan olsak, aholining ASKUG tizimi bilan qamrab olish 70 foizdan oshdi. Bu raqamlashtirish va inson omilini maksimal kamaytirish imkonini beradi. Hozir magistral quvurlarda o‘lchov uskunalari faqat gaz taqsimlash punktlari va bir hududdan ikkinchi hududga o‘tayotgan joylarda bor, shunday uskunalarni ko‘paytirsak, elektron tizim bizga avtomatik aytib beradi: mana bu yerda noodatiy tarzda gaz kamayib boryapti, u yerda yo teshik bor, yo o‘g‘irlik bor.

Buning uchun kompaniya tomonidan dasturlar sotib olingan, bu dasturlar faqat gaz yo‘qotilayotgan joylarni emas, iste’molchilarning iste’moli oshib borishini prognoz qilish qobiliyatiga ega. Hozirda o‘quv ishlari boshlanish arafasida turibdi, bosh mutaxassislarimizni shunga o‘rgatamiz. Bu kelajakda bizga boshqa masalalarda, masalan yangi ishlab chiqarish zonasi uchun joy tanlashda ham qo‘l keladi.

— Sohada korrupsiya bormi?

— Bor. Unga qarshi kurashish yo‘li – raqamlashtirish. Inson omilini mutlaqo kamaytirish.

— Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekistonda 10 yildan keyin gaz ta’minoti qanaqa holatda bo‘ladi?

— “Pushti ko‘zoynak” taqib javob berishdan yiroqman. Hozirgi talabdan kelib chiqib qilishimiz kerak bo‘lgan ishlarni oladigan bo‘lsak, menimcha, yarmiga yaqinlashib qoldik. Uchqo‘rg‘ondagi qishloqda gazga yetarlicha talab bo‘lsa, soha xususiylashganidan keyin, tadbirkor gazni o‘zi tortib borib, uyingizga kelib: “Aka, qancha ko‘p gaz olsangiz, shuncha yaxshi, resursimiz ham bor” deydi. O‘zi borib, resursini ham hal qilib qo‘yadi. Resurs esa davlat miqyosida kafolatli ta’minlab beriladi – jumladan import hisobiga; xuddi Xitoy, Yevropa davlatlariga o‘xshab. Ta’minot yetarli bo‘lgach, ichkaridagi yetkazib berish tizimi rivojlanib boraveradi.

— Siz shularning hammasi amalga oshishiga ishonasizmi?

— Men o‘zim ishonmasam, bu lavozimda o‘tirmagan bo‘lardim.

Mavzuga oid