Sodiq Safoyev - JST, YeOII, o‘zgarayotgan Konstitutsiya va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilmaydigan O‘zbekiston qonunlari haqida
Senat raisi o‘rinbosari “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasi” to‘plami taqdimoti yakunida OAV vakillarining qator savollariga javob berdi.
24 may kuni Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” to‘plami va “Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir yakunlanarkan, taqdimot spikerlaridan biri, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev OAV vakillarining qator savollariga javob berdi.
Kun.uz:
Sodiq Salixovich, sizningcha, O‘zbekistonning 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan rejalarga qanchalik erishildi?
Sodiq Safoyev:
Menimcha, savolingizga javobni xalqimiz prezidentlik saylovlar paytida berib bo‘ldi. Undagi muhokama va bahslarda odamlar prezidentimiz boshlagan islohotni nafaqat qo‘llab-quvvatladi, balki davom ettirish va chuqurlashtirish uchun ham vakolat berdi.
Shu bilan birga, bugungi tadbir haqida gapirsam. Fikrimcha, birinchi besh yillikda o‘zbek jamiyati oldida turgan birlamchi muammolar yechilgan bo‘lsa, endi fundamental masalalarni yechish, shu bilan bog‘liq huquqiy, tashkiliy masalalarni hal qilish vazifasi turibdi.
Bu haqda bugungi tadbirda so‘z olgan notiqlar ham aytib o‘tdi. Albatta, mamlakatni, jamiyatni zamonaviylashtirish hamda raqobatbardosh qilish birgina da’vat yoki shior bilan amalga oshmaydi. Bu hammamizdan katta harakatni talab qiladi.
Men ko‘p marotaba aytganman va yana bir bor qaytaraman, islohotlar yengil bo‘lmaydi. Yengil-yelpi bo‘ladigan islohotlarni hech bir jamiyat, hech bir tarix ko‘rmagan.
Islohotlar shuningdek, jamiyatda turli ziddiyatlarni ham kuchaytiradi. Bunga hozir misol keltirib o‘tirmayman. Bu yerda bir narsani anglash kerak, ya’ni islohotlarni buyruq bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Islohotlar samarali va muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun jamiyatdagi aksariyat insonlar, ayniqsa islohotlarni bevosita amalga oshiradigan hukumat xodimlari, parlament a’zolari tayyor bo‘lishi kerak.Ular islohotlarning muqarrar ekanligiga ich-ichidan ishonishi kerak, bu birinchidan.
Ikkinchidan, ular bilimga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni islohot qilish uchun faqat harakatlarni kuchaytirish emas, balki aqlga, fanga, innovatsiyaga asoslangan harakatlar kerak.
O‘ylaymanki, bugungi tadbir mana shunday g‘oyalarni, “Taraqqiyot strategiyasi” bilan bog‘liq fikrlarni, dasturlarni ommaga yetkazish uchun bo‘lib o‘tmoqda. Ya’ni jamiyatimizda shu islohotlarga ishongan va unga intilgan qatlamni yetakchi qatlamga aylantirish bilan bog‘liq.
Kun.uz:
“2022-2026-yillarga mo‘ljallangan “Taraqqiyot strategiyasi”da O‘zbekistonning dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari haqida ham so‘z boradi. Shu ma’noda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqidagi bugungi tafakkuri qanday?
Sodiq Safoyev:
Biz O‘zbekiston uchun Jahon savdo tashkiloti qanchalik muhimligini yaxshi tushunamiz. Bu borada katta mamnuniyat bilan ma’lumot bermoqchimanki, 23 may Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JST bilan birgalikda shu tashkilotning kafedrasini ochdik. Buning asosiy maqsadi –tashkilot bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlarni olib borish.
Bunda Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonlarini qanday qilib yengillashtirishimiz mumkinligi, u bizga qanday muammolarni yoki qanday imkoniyatlarni keltirishini o‘rganamiz.
Shaxsan men ishonamanki, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishi kerak. Bu haqda davlat rahbarining tegishli ko‘rsatmalari ham bor.
Bu tashkilotning ichida mamlakatimiz manfaatlarini himoya qiladigan ichki mexanizmlar bor. Bu albatta, bizga katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ammo tashkilot bizga imkoniyatlar bilan birga, alohida sektorlarimizga qandaydir muammolar ham tug‘dirishi mumkin. Umuman olganda, shu tashkilotga kirmagan sanoqli davlatlar qoldi. Va biz u yerda bo‘lmasligimiz, biz o‘zimizning iqtisodiy va milliy manfaatlarimizni himoya qilish uchun vositalardan foydalanmayotganligimizni bildiradi. Menimcha, JSTga kirish bizning oldimizda turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Siz aytgan ikkinchi tashkilot bo‘yicha (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi) o‘rganish jarayonlari davom etyapti. Barchamiz yaxshi anglaymiz: hozir bu yerda murakkab bir jarayonlar ketyapti. Buni kuzatib borish, O‘zbekiston uchun buning ham ijobiy, ham salbiy tomonlarini o‘rganib, taroziga solish oldimizda turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
Kun.uz:
O‘zbekiston rasmiylari xuddi siz kabi bu masalani va unda ishtirokchi bo‘lgan qo‘shni davlatlar tajribasini o‘rganish haqida ko‘p gapiradi. Lekin ko‘ryapmizki, qo‘shni davlatlar bu tashkilotga a’zolik va undagi noteng shartlardan mamnun emas.
Sodiq Safoyev:
Bilasizmi, mamnuni ham mamnun emasi ham bor. Agar ularning hammasi mamnun bo‘lmaganda, balki, holat boshqacha bo‘lardi. Biz bularni o‘rganib boryapmiz.
Ingliz tilida shunday ibora bor: “Testing the water”, ya’ni tushayotgan suvni tekshirib ko‘rish kerak. Shunda bilinadi suvning qanchalik sovuq yoki issiqligi. Hozir bizda shu jarayon ketyapti. Buning uchun faqatgina folbinlik emas, ichiga kirib bilish evaziga natijaga erishishimiz mumkin.
Daryo.uz:
Siz bugungi tadbir davomida qonunlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishiga erishish haqida gapirdingiz. Bugun O‘zbekistondagi qonunlar qanchalik to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilmoqda?
Sodiq Safoyev:
Bizda hozirgi kunda, afsuski, qonunlar to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilmaydi. Bizda eskidan qolgan ayrim udumlar bor. Bu faqatgina bizning muammo emas. Bu muammo ko‘plab mamlakatlarda bor va kamdan kam mamlakatlarda uning metodologiyasi rivojlangan.
Bu nihoyatda katta ilmni, fanni talab qiladi. Masalan, men o‘z vaqtida Germaniyadagi elchixonamizda ishlaganman va bilamanki, u yerda har bitta qonun bevosita amal qiladi. Lekin bu qonunlar katta 600 varaqli qonunlar hisoblanadi. Biznikiga o‘xshab 5-6 varaq emas. Buni qabul qilish uchun ham ekspertlar, ham olimlar ishlashi kerak, umuman butun tizim ishlashi kerak.
Hozir bizda har bitta qonun qabul qilinganidan keyin uni yurituvchi qonunosti hujjatlarni ham qabul qilishimiz kerak. Bu ham yomon emas, lekin shu bilan birga, u qonunning ta’sirini tushiradi. Shuning uchun bizning oldimizda turgan masala – shuning metodologiyasini fan orqali o‘rganib chiqishimiz kerak. Bu borada biz germaniyalik olimlar bilan birga ish olib boryapmiz.
Men ishonaman, kelajakda biz ham shu yo‘lga o‘tamiz.
Daryo.uz:
O‘zbekistonning o‘zgarayotgan Konstitutsiyasi borasida fikringiz qanday?
Sodiq Safoyev:
Biz hozir juda katta o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turibmiz. Bularning amalga oshishi esa Konstitutsiyaning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Biz bugun masalan, 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiya asosida barcha kutilgan o‘zgarishlarni amalga oshirolmaymiz.
Investitsiyalar va iqtisodiyotning rivojlanishi, yer islohoti yoki xususiy mulkni himoya qilish, inson huquqlarini kafolatlash – buning hammasi konstitutsion o‘zgarishlarni talab qiladi.
Yoki aytaylik, hukumatning roli va uning xalq oldidagi hisobdorligi va oxirgisi mahalliy hokimiyat… Xalq uchun eng muhimi – markaziy emas, mahalliy hokimiyat.
Qachongacha, hokim ham ijro hokimiyati, ham vakillik hokimiyatining rahbari bo‘lishi kerak? Bu – ochiq gap, noto‘g‘ri. Konstitutsiya bu masalani yechib qo‘yishi kerak.
Konstitutsiya bu – asosiy qonun. Shuning uchun kelinglar, birgalikda shu konstitutsion o‘zgarishlarni muhokama qilamiz. Mana bu yerda OAV faol bo‘lishi kerak, mening fikrimcha. Dovyurak bo‘lishi kerak va eng muhim masalalarni ko‘tarishi kerak.
Ba’zilar bu nima uchun kerak, demoqda. Asosiy maqsad – biz huquqiy va qonun tarafdan ustuvor bo‘lgan davlatni barpo etmoqchi bo‘lsak, zamonaviy va zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyani tuzishimiz kerak.
Mavzuga oid
14:38 / 07.11.2024
«Turkiy davlatlar tashkiloti YeOIIga raqobatchi bo‘ladi» – qirg‘iz siyosatshunosi
15:20 / 26.10.2024
«O‘zbekistonning BRICS'ga a’zo bo‘lishi kun tartibida emas» – Sodiq Safoyev
22:40 / 19.10.2024
Million dollarlik litsenziya, YeOIIga rad javobi va 2x YaIM prognozi - hafta dayjesti
21:12 / 17.10.2024