Jamiyat | 16:33 / 25.05.2022
21265
5 daqiqa o‘qiladi

“Nurota SITI”: aslida holat qanday bo‘lgan?

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Nurota tumanida qurilayotgan “Nurota SITI” ko‘p qavatli uylar devorlari yorilib ketgani, qurilish ishlari sifatsiz amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri holatni joyiga borib o‘rgandi, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan suhbatlashib, ularning fikrini tingladi.

Vaziyat tarqalgan videoda aks etganidek emasligini bilgan Kun.uz muxbiri surishtiruvni yakunlab ortga qaytmoqchi edi. Ammo hokimlik vakillari “Kun.uz faqat negativ bo‘lsa yoritadimi, masalaning ijobiy tomonlarini ham yoritmaydimi” deya malomat qilganidan so‘ng holatni yoritishga qaror qildi.

Nurota tumani markazi asosan hovlilardan iborat. Eshon Sudur mahallasidagi mazkur ko‘p qavatli uylar “Nurota yig‘ma beton” MChJ tomonidan qurilmoqda. Uylar kanalizatsiya tarmog‘iga ulangan va Nurota chashmasidan ichimlik suvi tortib kelingan. Imkoniyatlar va yashashga qulayligi markaziy shaharlardagi ko‘p qavatli uylarnikidan kam emas. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda uy devori yorilganligini, yuvinish xonasidagi kafellar ko‘chganligini ko‘rish mumkin. Lavhani ko‘rgan insonda bunday avariya holatidagi uyda yashash qanchalik xavfli ekanligi haqidagi taassurot uyg‘onadi. Ammo o‘rganishimiz jarayonida holat aslida boshqacha ekanligining guvohi bo‘ldik. 

Uy loyihasiga ko‘ra, yuvinish xonasi va hojatxona bitta xonada joylashgan. Shodlik ko‘chasi 59-uyning 1-qavatida yashovchi fuqaro Behruz Fayzullayev ularni alohida xonaga ajratish va hojatxonaga eshik ochish maqsadida yuk ko‘tarmaydigan devorni buzgan. Qo‘shimcha qurilish ishlari jarayonida yon tomondagi yuk ko‘tarmaydigan devorning kafellari ham biroz ko‘chgan. Fuqaro uyda yo‘q payti va ustalar ham tashqariga chiqqanida qo‘shni ayollardan biri holatni tasvirga olgan. Shu tariqa, lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.

Holat yuzasidan xonadon egasi Behruz Fayzullayev shunday deydi:

Bu uyni 2021 yilda sotib olganman. Biror kamchiligi yo‘q. Yuvinish xonasidan biroz suv ketdi. Shuni ta’mirlash jarayonida birdan yuvinish xonasi va hojatxona o‘rtasini yopmoqchi bo‘ldik. Yuk ko‘tarmaydigan devorni buzishga to‘g‘ri keldi. Ustalar ishlayotgan paytda kimdir kelib, tasvirga olibdi va tarqatib yuboribdi”.

MChJ direktori Aslam Islomov holatni shunday izohlaydi: 

O‘ttiz yildan beri qurilish sohasida ishlayman. Hohlagan tashkilot, idora yoki bloger kelib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin va keyin xulosasini aytsin. Kecha ijtimoiy tarmoqlarga chiqqan lavha firmamizga ham, ish faoliyatimizga ham ta’sir qilyapti, uy egalari bezovta bo‘lyapti. Bu bir yillik tadbirkorlik emas, 70 ta xonadonni foydalanishga topshirdik, yaqinda yana 30 tasi topshiriladi. 200 nafardan ortiq inson mehnat qilayotgan firmaning obro‘sini bitta lavha bilan yo‘qqa chiqarish noto‘g‘ri. 78 ta xo‘jalik ko‘chib kelib yashayapti bu yerda. Hozircha birortasi norozi bo‘lgan emas”.

Kuzatuvimiz jarayonida har bir pod’yezdga, uyning yerto‘la qismiga, boshqa xonadonlarga kirib ko‘rdik. Biror devorda yorilgan yoki sifatsiz ish bajarilgan holatning guvohi bo‘lmadik. Ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar ham qurilish ishlariga e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilishdi.

Bu ko‘p qavatli uyga 2021 yilning iyul oyida ko‘chib kelganmiz. Shundan beri yashab kelyapmiz. Uylar devorlari yorilishi, suv oqish holatlari bizda bo‘lmagan. O‘tgan bir yil davomida qurilish sifati bilan bog‘liq biror holat kuzatilmagan. Shu yil qishda maza qilib yashadik. Ichimlik suvida, tabiiy gaz yoki elektr-energiyasida ham biror kamchilik bo‘lmagan”, — deydi xonadonlardan birining egasi Malohat Navro‘zova.

Holat yuzasidan Qurilish vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda ma’lum qilinishicha, holat Navoiy viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan ham joyiga borib o‘rganilgan va xonadon devori tashqi ta’sir oqibatida yorilganligi, binoning umumiy holatiga ta’sir etmasligi  aniqlangan.

Mavzuga oid