O‘zbekiston | 11:03 / 25.05.2022
6847
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya Bosh prokuraturalari o‘zaro hamkorlik masalasida kelishib oldi

Bosh prokuraturada O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Turkiya Oliy kassatsiyasi bosh prokurori Bekir Shaxin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, muloqotda tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildi va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdi.

Uchrashuvning asosiy voqeasi Bosh prokuratura va Turkiya Oliy kassatsiya sudi Bosh prokuraturasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangani bo‘ldi.

Ushbu hujjat prokuratura organlari faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Uchrashuv yakunida Bekir Shaxin idoralararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston prokuraturasining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

So‘ngra, Turkiya delegatsiyasi a’zolari uchun Bosh prokuratura muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi. 

Keyingi manzil Bosh prokuratura Akademiyasi bo‘lib, delegatsiya a’zolari akademiyaning faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Turkiya delegatsiyasi a’zolari istiqlol o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslan Davletov va Oliy sud raisi Kozim Komilov ham Turkiya Oliy kassatsiya sudi bosh prokurori Bekir Shaxin bilan uchrashdi.

Mavzuga oid