Jahon | 11:43 / 25.05.2022
38335
16 daqiqa o‘qiladi

Putinning yana bir kuyovi Igor Zelenskiy: OAVda yana Rossiya prezidentining qizlari haqida yozishmoqda

Rossiya prezidentining qizlari haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q, ammo ularning kim ekani haqida juda ko‘p manbalar bir xil ma’lumotlar tarqatgan va shu sabab aynan Katerina Tixonova hamda Mariya Voronsova Rossiya prezidentining qizlari deb qaraladi.

Katerina Tixonova Rossiya prezidentining kichik qizi ekani aytiladi. Mustaqil nashrlar oxirgi vaqtlarda u haqda yana yoza boshladi. Ularga ko‘ra, Putinning qizi ekani aytiladigan Tixonova oxirgi yillarda Germaniyada faoliyat yuritayotgan rossiyalik balet raqqosi Igor Zelenskiy bilan yaqin munosabatda, juftlikning 2017 yilda tug‘ilgan qizi ham bor. Oldinroq Putinning katta qizi Mariya Voronsovaning hayotida ham yangi yo‘ldosh paydo bo‘lgani, undan farzandi borligi haqida yozishgandi.

Putinning kuyovi Zelenskiy

Putinning qizi bilan bog‘liq surishtiruvni rossiyalik va germaniyalik jurnalistlar olib borgan. Rossiyada xorijiy agent deb topilgan «Vajnaya istoriya» hamda Germaniyaning Der Spiegel nashrlari o‘tkazgan surishtiruvda yozilishicha, «Sibur» boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan birinchi eri Kirill Shamalov bilan ajrashgach, Katerina Tixonova 52 yoshli Igor Zelenskiy bilan uchrasha boshlagan. U bir necha yil Germaniyadagi Bavariya davlat balet dastasi badiiy rahbari bo‘lib ishlagan.

Igor Zelenskiy Myunxen teatrida. 2018 yil
Gisela Schober / Getty Images

Zelenskiy aprel oyida balet dastasi rahbarligidan ketgan. Surishtiruvda aytilishicha, katta ehtimol bilan urush sababli.

Bu ma’lumotlar qayerdan paydo bo‘lib qoldi?

Surishtiruv o‘tkazgan jurnalistlar ixtiyoriga 2019 yil 9 dekabrda Moskvadagi «Vnukovo» aeroportining VIP-terminaliga qo‘ngan reysning yo‘lovchilar ro‘yxati borib tushgan. Unga ko‘ra, samolyotda Tixonova, Zelenskiy, ularning o‘shanda ikki yashar bo‘lgan qizi, ikki enaga, fortepiano bo‘yicha o‘qituvchi va Rossiya Prezident xavfsizlik xizmatining uch nafar xodimi bo‘lgan. Mualliflarning aytishicha, bu yo‘lovchilar ro‘yxatini ularga aeroportda ishlaydigan odam yuborgan.

Mualliflarning yozishicha, ularning qo‘lida Tixonovaning parvozlar tarixi haqida hujjat ham bor. Unga ko‘ra, Putinning qizi ekani aytilayotgan ayol Myunxenga oxirgi ikki yilda 50 marta uchgan. Igor Zelenskiy aynan shu shaharda ishlaydi.

Jurnalistlarga ikki yil avval Tixonovaning sobiq eri Shamalovning yozishmalarini yuborgan manba bu gal ham eksklyuziv ma’lumotlar ulashgan. Mualliflarga yuborilgan hujjat Rossiya prezidenti xavfsizlik xizmati xodimi, bir vaqtning o‘zida Tixonovaning tansoqchisi ekani aytilgan insonning pochta yozishmalari ekani aytiladi. Bu yozishmalarga ko‘ra, tansoqchi Tixonova, uning eri va sharifi Igorovna bo‘lgan qiziga chiptalar sotib olgan.

Der Spiegel jurnalisti Bavariya davlat balet dastasida ishlovchi manbaga qo‘ng‘iroq qilib, Igor Zelenskiy haqida ma’lumot so‘raydi. Jurnalist hali Putinning qizi haqida so‘rashga ulgurmay, suhbatdosh Zelenskiy katta ehtimol bilan Rossiya prezidentining kuyovi ekanini aytadi.

Katerina Tixonova. 2021 yil
Yevgeniya Novojyenina / Reuters / Scanpix / LETA

2022 yil aprel oyi boshida Bavariya opera teatri rasmiy saytida Igor Zelenskiy balet dastasi badiiy rahbarligidan ketgani haqida xabar paydo bo‘lgan. Unda aytilishicha, Zelenskiy bilan 2026 yilgacha tuzilgan kelishuv bekor qilingan. Raqqosning o‘zi esa shunday bayonot bergan: «Balet truppasi rahbarligi to‘liq e’tibor va ishchanlik talab qiladi. Hozir esa mening xayolim shaxsiy hayot, oilam bilan band». Bu vaqtda rasman Zelenskiyning xotini bo‘lgan Yana Serebryakova Bavariya teatrida ishlashda davom etayotgani ma’lum bo‘lgan. Zelenskiy xotini bilan rasman ajrashmagan, ularning ikki nafar farzandi bor. Juftlik Mariinskiy teatrida tanishgan.

Igor Zelenskiyni Bavariya teatrida qattiqqo‘l, klassik sovet san’atkori deb ta’riflashadi. U juda ko‘p so‘kinib gapiradi. Teatrga borishi bilan bavariyaliklar yoqimtoyi bo‘lgan yulduz Lyuchiya Lakarruni ishdan bo‘shatgani bilan tilga tushgan. Germaniyada Zelenskiyni qattiqqo‘lligi bilan birga kuchli san’atkor deb bilishadi. Tanqidchilarning aytishicha, uning davrida teatrda ko‘plab yaxshi san’atkorlar yetishib chiqqan. Uning repertuarlari esa klassik va zamonaviy uslubning uyg‘unlashgani bilan ham mashhur.

Mualliflar Zelenskiy hamda Tixonova qayerda, qanday tanishib qolganini aniqlay olmagan. Ammo Tixonova 2017 yildan buyon Myunxenga tez-tez parvoz qila boshlagani ma’lum.

Hozirda 52 yosh bo‘lgan Igor Zelenskiy sobiq ittifoq davrida ham balet raqqosi bo‘lib ijod qilgan. 2016 yilda Bavariya davlat balet dastasi badiiy rahbari bo‘lib ishlay boshlagan. Faoliyati davomida Nyu-York, London va Berlinda ishlagan. 2016 yilga qadar Rossiyadagi Novosibirskdagi opera va balet teatri badiiy rahbari bo‘lgan.

Zelenskiy 2018 yildan buyon «Milliy madaniy meros» fondi nazorat kengashi a’zosi hisoblanadi. Rossiya hududida yirik madaniy obektlar qurish bilan shug‘ullanuvchi bu fond shaxsan Putinning tashabbusi bilan tuzilgan. Fond ta’sischilari Rossiyadagi mashhur madaniy obektlar – Katta teatr, Tretyakov galereyasi, Ermitaj va Mariinskiy teatri hisoblanadi. Pudratchi sifatida Putinning yaqin do‘sti Arkadiy Rotenbergga qarashli «Stroygazmontaj» kompaniyasi ko‘rsatilgan.

Mariinskiy teatrining badiiy rahbari, dirijyor Valeriy Gergiyev va Igor Zelenskiy madaniy klasterlar tuzish bo‘yicha yig‘ilishda. 2019 yil
Vitaliy Nevar / TASS

Ukraina istilo qilingan deb hisoblovchi Sevastopolda opera va balet teatri qurilayotgani haqida Putin 2018 yilda ilk marta gapirgan. «Meduza» e’lon qilgan surishtiruvda aytilishicha, Zelenskiy katta ehtimol bilan ushbu teatrni boshqaradi. «Meduza» surishtiruviga ko‘ra, Zelenskiy va Tixonova raqqos Moskvadagi musiqa teatri truppasini boshqargan vaqtda tanishgan. Zelenskiy truppani 2011-16 yillarda boshqargan. Nashr bilan suhbatlashgan manbalarning aytishicha, juftlikni spektakllardan keyin teatrda birga ko‘rishgan, Zelenskiy spektaklga Tixonova boradigan kunlari jamoani «Bugun taniqli odamning qizi keladi» deb ogohlantirgan.

O‘z vaqtida Zelenskiy ishlagan teatrga Medvedev va Putinning rafiqalari ham borib turgani ma’lum. Katerina Tixonova esa aynan Zelenskiy truppa rahbari etib tayinlangach, Moskva musiqa teatriga serqatnov bo‘lib qolgan. Teatr xodimlaridan birining aytishicha, Tixonova odatda hamma tomoshabinlar joyiga o‘tirib bo‘lganidan keyin borgan va uni joyiga Zelenskiy kuzatib qo‘ygan. Tixonova joyiga chiqib olgunga qadar teatrda chiroqlar o‘chirib turilgan.

Igor Zelenskiyni Rossiyadagi eng mashhur madaniy obektlardan biri bo‘lmish Katta teatrga boshliq qilib qo‘ymoqchi bo‘lishadi, ammo uning rahbari Vladimir Urin bilan shartnoma ikki bor uzaytiriladi.

Surishtiruvda aytilishicha, Katerina Tixonova 2013 yil fevralda Shamalovga turmushga chiqqanidan keyin ham Zelenskiy bilan munosabatlarini saqlab qolgan. O‘z navbatida, Shamalov 2018 yil Tixonova bilan ajrashgandan keyin ham uning yaqinlari, xususan, Zelenskiy bilan aloqalarni uzmagan.

Surishtiruvda yana bir qiziq ma’lumot keltiriladi. Tixonovaning sobiq eri Shamalov Zelenskiyning rasmiy xotini Yana Serebryakova bilan ham tez-tez gaplashib turgan. Hatto o‘z xotini Tixonova bilan gaplashganidan ham ko‘proq. Ba’zan u Tixonova va Serebryakovaga ketma-ket qo‘ng‘iroq qilgan. Qizig‘i, Shamalov telefon qilganda Tixonova va Serebryakova doim bir yerda – Shveytsariya, Britaniya yoki Peterburgda bo‘lgan.

Igor Zelenskiy va Yana Serebryakova
Bertrand Rindoff Petroff / Getty Images

Xususan, Shamalov 2017 yil 17 aprel tunda Germaniyada bo‘lib turgan Serebryakovaga qo‘ng‘iroq qiladi, bir soat o‘tmay esa Moskvada bo‘lib turgan Tixonovaga. Bu suhbatdan bir hafta o‘tib esa Shamalov bir qator kelishuvlarga kirishadi. Masalan, «Sibur»dagi 17 foiz ulushini sotadi. Bu gaplardan 7,5 oy o‘tib Tixonova Zelenskiydan farzand ko‘radi. 2018 yilda esa Shamalov bilan ajrashadi.

2018 yilgi Rossiya prezidentligi uchun saylovda Igor Zelenskiy Myunxenda turib ovoz beradi. Rossiyaning Myunxendagi konsulligi Facebook'dagi sahifasi Igor Zelenskiyning suratini e’lon qilib, uni tanishtiradi ham. 2012 yildagi saylovlarda esa Zelenskiy Putinning saylovdagi ishonchli vakillaridan biri bo‘lgan.

Zelenskiy saylovda ovoz bermoqda

2018 yil saylovdan ikki kun avval Moskvadagi «ZAGS» Putinning nabirasi ekani aytilayotgan bolani ro‘yxatdan o‘tkazadi. Jarayonda rasman nikohda bo‘lmagan Igor Zelenskiy hamda Katerina Tixonova ishtirok etadi. Navbatdagi marta bobo bo‘lgan Putin esa aynan o‘sha kunlarda Sevastopolda opera va balet teatri qurishga ko‘rsatma beradi.

Putinning ikkinchi qizi

Aprel oyi boshida Rossiyada xorijiy agent deb e’lon qilingan «Meduza» va «Nastoyashcheye vremya» nashrlari Putinning to‘ng‘ich qizi ekani aytiladigan Mariya Voronsova haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Voronsovaning yangi umr yo‘ldoshi moskvalik menejyer Yevgeniy Nagorniy ekani aytiladi. Aynan o‘sha surishtiruvda Voronsova 42 yoshli niderlandiyalik Yorrit Faassen bilan aloqani uzgani aytilgandi. Ammo urush boshlangandan keyin ham Faassen Moskvada qolgan. Mualliflar Putinning qizi ekani aytiladigan Voronsovaning Yevgeniy Nagorniy bilan yaqin munosabatda ekanini aviaparvozlar tarixidan bilib olishgan. Shuningdek, uni dugonasining to‘yida Nagorniy bilan birga ko‘rishgan. O‘sha surishtiruvda juftlikning ular bilan doimiy dunyo kezadigan farzandi ham borligi aytilgan. Bola otasining familiyasini olgan.

Yevgeniy Nagorniy Moskva moliya va huquq universitetining bojxona fakultetida o‘qib, «Rossiya mudofaa eksporti» bojxona brokerida ishlagan. Keyinchalik «Yevroxim» kompaniyasida bosh mutaxassis bo‘lgan. Surishtiruv mualliflari Nagorniy Voronsova bilan yaqin munosabatda bo‘la boshlaganidan keyin «Novatek» kompaniyasi menejyeriga aylanganiga e’tibor qaratgan. Bu korxona rahbarlaridan biri Putinning yaqin do‘sti Gennadiy Timchenko hisoblanadi. Voronsova bilan uchrashgunga qadar muxolif kayfiyatda fikrlagan Nagorniy keyinchalik o‘z qarashlaridan voz kechgani aytiladi.

Mariya Voronsova nomi OAVda shu kunlarda yana bir sabab bilan qayta-qayta tilga olindi. Shaxsi sir qolgan manba jurnalist Dmitriy Kolezevga Moskva davlat universiteti fundamental tibbiyot fakulteti bitiruvchilarining yopiq chatdagi suhbatidan olingan skrinshotlarni yuboradi. Reuters 2011 yilda Voronsova aynan shu fakultetni tamomlagani haqida yozgan. Jurnalistga skrinshotlarni yuborgan manba chatda «Maria V» niki bilan aynan Mariya Voronsova yozishini aytgan.

Skrinshotlarda «Maria V» niki bilan kirgan foydalanuvchi siyosiy muhokamalarda faol bo‘lib, urushda Rossiyaga agressor deb emas, jabrdiyda deb qarash kerakligini iddao qiladi. Chatda urush uchun javobgarlik Putinning gardaniga tushishi haqida muhokama borganda «Maria V» nikli foydalanuvchi xususan shunday deb yozgan: «AQSh va G‘arb Rossiyani kuchsizlantirib, xomashyo davlatiga aylantirib qo‘ymoqchi».

Sanksiya ostidagi birinchi oila

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rasman faqat bir marta oila qurgan. Uning Lyudmila Putina (hozirda Lyudmila Ocheretnaya) bilan ikki nafar qizi bor. Ularning ismi-sharifi, qayerda ishlashi rasman oshkor etilmagan. Ammo G‘arb razvedka xizmatlari aynan Mariya Voronsova va Katerina Tixonova Putinning qizlari ekani haqida yozgan. Bu ikki ayol Rossiya davlat telekanallarida ham bir necha bor ko‘rinish bergan.

Putinning qizlari ekani aytiladigan bu ikki ayol ham AQSh, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya sanksiyalariga uchragan. AQSh moliya vazirligi Katerina Tixonova ba’zi o‘rinlarda Shamalova familiyasi bilan ham qayd etilgan deb hisoblaydi. Voronsova esa OAVda Faassen hamda Putina familiyalari bilan qayd etilgan.

13 may kuni Britaniya Putinning ikkinchi turmushi ekani aytiladigan Alina Kabayevaga qarshi sanksiya e’lon qilgandi. Kabayeva Putinning jiyanlari va sobiq xotini Lyudmila Putina bilan bitta sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan. Tarmoqda bunday sanksiya ro‘yxatini britancha yumor deb ataganlar ham topildi. Bu sanksiya e’lon qilinishidan avval Wall Street Journal nashri Kabayeva Putindan kamida uch nafar bola ko‘rganini yozgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Kabayevaga qarshi sanksiya kiritish rejasi AQShda ham bo‘lgan, ammo oxirgi daqiqalarda «Putinning jig‘iga tegmaslik uchun» bu band sanksiyalardan olib tashlangan.

Putin Katerina Tixonova hamda Mariya Voronsova uning qizlari ekani haqidagi ma’lumotlarga hech qachon munosabat bildirmagan. Shu yil aprel oyida Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Voronsova hamda Tixonova sanksiya ro‘yxatiga kiritilganiga munosabat bildirar ekan «oila a’zolariga qarshi cheklovlarni tushunmasligi»ni aytgandi.

Kremlda Kabayevaning Putinga aloqasi bor yoki yo‘qligi haqida hech qachon munosabat bildirishmagan. Ammo Britaniya unga qarshi sanksiya qo‘llaganidan bir necha soat o‘tib Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rossiyaliklarga Britaniyaga bormaslik, bu davlatga viza olishdan tiyilishni tavsiya qildi.

BBC muxbiri Andrey Zaxarov Putinning yaqinlari haqida ma’lumot nega muhimligi haqida shunday deydi:

Dunyo jurnalistikasida davlat rahbarlarining oila a’zolariga oid har qanday ma’lumotlar ikki xil kayfiyatda tarqatilishi bilan xarakterli. Birinchidan, oila a’zolari o‘zlarining kimligidan foydalangan holda boylik orttirayotgan bo‘lsa, bu boradagi ma’lumot jamiyat uchun muhim. Ikkinchi usuldagi ma’lumot tarqatish bir qadar «sariqlashgan» usulda amalga oshiriladi. Bunda, aytaylik, yetakchining xotini ko‘chada mast bo‘lib yurgani haqidagi ma’lumot ham qiziq ko‘rinaveradi.

Putin oilasi haqida ma’lumotlarni har qancha yashirishga urinmasin, baribir ba’zi ma’lumotlar gumonlarni kuchaytirib turaveradi. Masalan, Putinning qizi ekani aytiladigan Katerina Tixonova «Innopraktika» ilmiy fondini boshqaradi. Bu fond davlat tashkilotlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri davlatdan katta-katta subsidiyalar olishi ma’lum.

Putinning uchinchi qizi ekani aytiladigan Svetlana Krivanogixning onasi «Rossiya» banki aksionerlaridan biri hisoblanadi. AQSh Moliya vazirligi bu bankni Rossiya prezidentining atrofidagilarga tegishli bank deb atagan. Alina Kabayeva bilan ham shunday holat: u «Milliy media guruh»ni boshqaradi. Bu kompaniyaning asosiy hissadori «Rossiya» banki hisoblanadi. Urush boshlanganidan keyin esa Kabayeva holdingda ishlashi haqida ma’lumot tashkilot saytidan g‘oyib bo‘lgan.

Zelenskiy Germaniyadan ketdi

Ketma-ket surishtiruvlar qahramoniga aylangan Igor Zelenskiy Germaniyani tark etishga ham ulgurdi. Bu haqda germaniyalik va rossiyalik jurnalistlarning surishtiruvidan ko‘p o‘tmay Bild nashri xabar tarqatdi. Surishtiruv o‘tkazgan jurnalistlarning Igor Zelenskiy bilan bog‘lanishga urinishlari samarasiz ketgan.

Mavzuga oid