O‘zbekiston | 07:45 / 25.05.2022
4672
3 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi ikki yilda 366 kishi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan

Joriy yil 24 may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yigirma oltinchi yalpi majlis oldidan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Senat.uz

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2020 va 2021 yillarda hamda 2022 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish holatlari oldini olish maqsadida mamlakatda 8 milliondan ortiq xonadonlarda isitish tizimlari, dudburonlar ko‘rikdan o‘tkazilgan va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan 105 ta tekshirish o‘tkazilgan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 30 dan ortiq taqdimnoma, 25 tadan ziyod ogohlantiruvlar kiritilib, 25 nafar shaxs intizomiy va 4 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Senatorlar qayd etishicha, o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermagan. Oqibatda 2020 yildan 2022 yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan.

“Iste’molchilarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda muqobil turdagi yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlik madaniyatining shakllanmagani, gazda ishlovchi qurilmalarning dudburon va shamollatish kanallari soz holatda emasligi, sifatli tozalanmagani va belgilangan muddatlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmayotgani is gazidan zaharlanish holatlari hamon ko‘pligicha qolishiga asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda”, deyiladi ma’lumotda.

Shuningdek, milliy qonunchilikda is gazi chiqishi, uni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, aholini muhofaza qilish, xususan, zaharlanish holatlari oldini olish borasidagi munosabatlarni o‘zida ifoda etuvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ham tarmoqda ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotganligiga bir sabab sifatida aytib o‘tildi.

Amaldagi qonunchilikda is gazidan zaharlanish holatlari oldini olishga mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Natijada bu borada amaliyotda tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Ta’kidlanishicha, is gazining chiqishi bilan bog‘liq holatlar asosan ko‘p kvartirali uylarda yuzaga kelmoqda.

Mavzuga oid