O‘zbekiston | 13:47 / 26.05.2022
12266
2 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov - kambag‘allik darajasi 5 yil ichida qanday qilib 2 barobarga kamaytirilishi haqida

Buxoroda O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi boshlandi.

Bugun, 26 may Buxoro shahrida kambag‘allikni qisqartirish mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Rasmiylarga ko‘ra, anjumanda 250 dan ortiq mahalliy va xorijiy iqtisodchilar, hamkor davlat va xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga murojaati o‘qib eshittirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbarining forum ishtirokchilariga murojaatini prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomov o‘qib eshittirdi. / Foto: Kun.uz

Ochilish tadbirida bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda 2026 yilgacha kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish uchun ko‘riladigan choralarni sanab o‘tdi:

  • xususiy sektorni, jumladan kichik va o‘rta biznesning rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlash va shu orqali barqaror ish joylarini yaratish;
  • inson kapitalini rivojlantirish va mehnat unumdorligini oshirish;
  • energiya resurslari narxlarini liberallashtirish va samarasiz subsidiyalar hajmini kamaytirish hisobiga ijtimoiy loyihalarga yo‘naltiriladigan davlat resurslari miqdorini ko‘paytirish; mazkur jarayonda, asosiy e’tiborni, kam ta’minlangan oilalarni himoya qilishga qaratish;
  • davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xususiylashtirishni jadallashtirish, mazkur jarayonda raqobat va biznes muhitini yaxshilab borish;
  • qishloq xo‘jaligida unumdorlikni oshirish, bunda eng avvalo yer islohotlarini chuqurlashtirish;
  • yashil va raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini tezlashtirish.
Foto: Kun.uz

Forum doirasidagi tadbirlar ertaga, 27 may kuni ham davom etadi.

Mavzuga oid