Jahon | 21:22 / 26.05.2022
7036
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova sobiq prezidenti 30 kunlik uy qamog‘iga hukm qilindi

Prokuratura sud qaroriga nisbatan shikoyat kiritishini bildirdi. 

Foto: AP

Kishinyov shahri Chokan sektori sudi prokuratura so‘rovini qisman qanoatlantirib, Moldova sobiq prezidenti Igor Dodonni 30 kunlik uy qamog‘iga hukm qildi.

"Sud prokurorlar so‘rovini qisman qanoatlantiradi, Igor Dodonga nisbatan 30 kunlik uy qamog‘i ko‘rinishidagi dastlabki chora qo‘llanilsin", - deyiladi sud hukmida.

Prokuror Petru Yarmolyuk ayblov tomoni sud qaroriga nisbatan shikoyat kiritishini aytdi.

"Biz uning 30 kunga hibsga olinishini so‘ragandik. Sud prokuratura so‘rovini qisman qanoatlantirdi, biz bu qarorga nisbatan shikoyat kiritamiz", - dedi Yarmolyuk.

Dodon passiv korrupsiya, noqonuniy boylik orttirish, partiyani jinoiy tashkilot tomonidan moliyalashtirish va davlatga xiyonat qilishda gumonlanib 24 may kuni aksilkorrupsiya prokuraturasi xodimlari tomonidan 72 soatga hibsga olingandi.

Igor Dodon 2016 yil dekabridan 2020 yil dekabriga qadar Moldova prezidenti bo‘lgan. U Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilishga intilgan va rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan.

Mavzuga oid