Jahon | 19:12 / 26.05.2022
25848
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: may oyi boshida Shimoliy Donni kechib o‘tishga urinish chog‘ida 400 nafar atrofidagi rossiyalik harbiy halok bo‘lgan

Foto: Getty Images

The New York Times gazetasi ukrain harbiylariga asoslangan holda 8 may kuni Shimoliy Don daryosini kechib o‘tishga urinish chog‘ida 400 nafar atrofidagi rossiyalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani haqida yozdi.

Ukraina qurolli kuchlari vakili nashr muxbiriga aytishicha, rossiyalik harbiylar may oyining ilk o‘n kunligida Shimoliy Donni Belogorovka qishlog‘i hududida kechib o‘tib, Severodonetskdagi ukrain harbiy guruhini qurshab olishga harakat qilgan. Ammo buning o‘rniga RF harbiy xizmatchilarining o‘zi qurshovga tushib qolgan — ular daryoning janubiy sohiliga o‘tishiga imkon berilgan, keyin esa yoppasiga artilleriyadan o‘t ochilgan, daryo o‘zaniga minalar uchirilgan, kechuv moslamalari portlatilib, chekinish yo‘li to‘sib qo‘yilgan.

Ushbu jang kechgan hududda bo‘lgan NYT muxbiriga ukrain harbiylari yakson etilgan rossiyaliklar texnikalarini ko‘rsatishgan — bu yerda kamida 15 ta zirhli mashina qoldiqlari bo‘lgan, o‘rmonzorda «daraxtlarda rossiyaliklar uniformasi» parchalari osilib turganini ko‘rish mumkin edi, atrof «chiriyotgan jismlarning chidab bo‘lmas hidi» bilan to‘lgandi.

Ukraina qurolli kuchlari polkovnigi Dmitriy Kashenko NYT muxbiriga ukrain harbiylari radiokarnay orqali rossiyaliklarga taslim bo‘lishni taklif etgani, ammo ular bu chaqiriqni eshitishganiga ishonchi komil emasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim rossiyalik harbiylar qurshovdan chiqishga muvaffaq bo‘lib, daryoni kechib o‘tgan va ortga qaytib ketgan.

Rossiya harbiylari tez orada portlatilgan ponton kechuvlarini tiklashgan va Shimoliy Donni kechib o‘tish uchun navbatdagi urinishni amalga oshirishgan, ammo ularni ukrain kuchlari qarshi olgan.

NYT nashriga ko‘ra, qurbonlar soni bo‘yicha Belogorovkadagi hodisa Rossiya armiyasi uchun Ukrainaga bosqin boshidan buyon eng yirik mag‘lubiyat bo‘lgan.

Rossiya armiyasi Belgorovka hududida Shimoliy Donni kechib o‘tishga urinishda katta muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida 12 may kuni xabarlar tarqalgandi. Ammo o‘shanda qurbonlar soni ma’lum qilinmagandi.

  • NYT maqolasi muallifi — Endryu Kramer 2017 yilda boshqa jurnalistlar bilan birgalikda Rossiyaga aloqador surishtiruvlar uchun Pulitser mukofotini olgan. O‘shanda mukofot jyurilari qarori rossiyalik jurnalistlarda savollar tug‘dirgandi.

Mavzuga oid