O‘zbekiston | 19:20 / 27.05.2022
33282
3 daqiqa o‘qiladi

Go‘zallik axlatga botirilganda. Bu – tabiatni sevishmas, “layk” yig‘ish hirsi

Toshkent shahridan 80 kilometrcha uzoqlikda Xo‘jakent o‘rmon hududi bor. U yerga toza havosi, soyi va go‘zal manzarasini ko‘rish uchun har yili minglab odamlar boradi. Ammo har mavsumda dam oluvchilar kelib-ketishgach, Xo‘jakent dam olib bo‘lmas holga keladi.

Foto: KUN.UZ

Shahar shovqini va havosidan zerikkan odamlar salqin va toza havosi bor maskanlarga yuguradi. Shunday joylardan biri – Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi, poytaxtdan 2 soatlik masofadagi Xo‘jakent o‘rmon xo‘jaligi hududi.

Foto: Uforum.uz
Foto: Uforum.uz

Toshkent shahridan 80 kilometrcha uzoqlikda joylashgan Xo‘jakentga odamlar yengil mashina yoki Toshkent–Xo‘jakent yo‘nalishidagi elektr poyezd bilan yetib olishadi.

Xo‘jakent ba’zi manbalarda Hojikent deb ham ataladi. Har yoz-kuz mavsumida turli hududlardan minglab dam oluvchilar bu yerga keladi.

Ana shu minglab odamlar dam olib ketishgach, Xo‘jakent qarovsiz qolgan chiqindixonaga aylanadi. Kelganlar o‘zlari bilan olib kelgan yegulik qadoqlarini tabiatga “sovg‘a qilib” ketishga odatlanishgan.

Chiqindilarning asosiy qismi – sellofan paketlar, bir marta foydalaniladigan idishlar va turli ichimlik idishlari.

Dam olish maskani hududiga chiqindi tashlash uchun qutilar o‘rnatilgan. Shunga qaramay, odamlar chiqindi mahsulotlarini to‘g‘ri kelgan joyga uloqtirib ketishgan.

Dam oluvchilarning tabiatga e’tiborsizligi ilk marta bo‘layotgani yo‘q. Bunday holat har mavsumda takrorlanaveradi. 2022 yilning aprel oyida Toshkent viloyati Krasnagorsk shaharchasi hududi dam oluvchilardan keyin qolgan chiqindilar bilan to‘lgani surati tarqalgan edi. Shundan keyin hudud Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tozalab qo‘yilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish – ekoturizm ommalashayotgani ijtimoiy tarmoqlarning ommalashayotgani bilan ham bog‘liq. Tabiat qo‘ynida tushilgan suratlar internetga joylangach, ko‘pchilikka yoqyapti va ekoturistlar soni ortyapti. Biroq bundan tabiat aziyat chekmasligi kerak.

Sof manzaradan bahra olib, u yerni chiqindixonaga aylantirganlarning aksariyati turgan gapki, hasharga chaqirishsa borishmaydi.

Boshqacha aytganda, chiroyli joylarni axlatga qorishtirib, u yerlarda tushilgan surat orqali ijtimoiy tarmoqlarda “layk” yig‘ish – tabiatni sevish emas, tabiatdan xudbinlarcha o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishdir.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Suratlar muallifi – Sitora Elboyeva

Mavzuga oid