O‘zbekiston | 15:49 / 27.05.2022
8262
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda haydovchilardan mashinalarni daraxt ostida qoldirmaslik so‘raldi

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati aholidan avtomobillarni daraxt yoki kuchli shamolga chidamsiz vositalar yaqinida qoldirmaslikni so‘radi. FVV esa kuchli shamol vaqtida amal qilish zarur bo‘lgan xavfsizlik choralarini eslatib o‘tdi.

Foto: IIV YHXX

O‘zbekistonning ayrim hududlarida, shu bilan birga poytaxt Toshkentda ham shamol tezligi kuchaymoqda. Shu munosabat bilan IIV YHXX fuqarolar va haydovchilarga murojaat bilan chiqdi.

«Barcha haydovchilardan yo‘llarda ehtiyotkor bo‘lishlarini, transport vositalarini daraxt yoki kuchli shamolga chidamsiz vositalar yaqinida qoldirmasliklarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa kuchli shamol vaqtida amal qilish zarur bo‘lgan xavfsizlik choralarini eslatib o‘tdi:

  • yashash joylarida eshik-derazalar, chordoq va havo aylanish tizimlarini mahkam berkitish;
  • elektr va gaz vositalarini o‘chirish;
  • ko‘chalarda daraxt va elektr ustunlari tagida turmaslik;
  • ko‘p qavatli binolar balkonlarida, deraza tokchalari hamda tashqaridagi buyumlarni imkon qadar xavfsiz joylarga olib qo‘yish yoki mustahkamligini tekshirish;
  • shamol kuchayganda, mustahkam qurilgan binolar, yer osti o‘tish yo‘llari va boshqa yashirinish mumkin bo‘lgan joylarda muhofazalanish;
  • ochiq maydonda yurgan hollarda pastliklar, chuqurliklar va barcha xavfsiz yerlarga yotgan holda himoyalanish;
  • buzilgan binolarga kirish, xavfli ustunlar, reklama ustunlari va daraxtlar ortiga yashirinish taqiqlanadi;
  • kuchli shamoldan so‘ng elektr va gaz jihozlaridan ular tekshirilgandan keyin foydalanish talab etiladi.

FVV ham avtomobillarni daraxtlar ostida qoldirmaslikni tavsiya qildi.

Avvalroq, «O‘zgidromet» 27−29 may kunlari respublika bo‘ylab ba’zi joylarda shamol tezligi 18−23 m/s.gacha kuchayishi, ba’zi tumanlarda chang-to‘zon tushishi kutilayotgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid