Zelenskiy Xarkov oblastidagi front chizig‘iga bordi
Bu uning urush boshidan buyon Kiyev oblastidan tashqariga ilk bor chiqishi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrain harbiylarining Xarkov oblastidagi oldingi pozitsiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda 29 may kuni uning ofisi xabar tarqatdi.
Reuters agentligi qayd etishicha, bu Ukraina prezidentining urush boshlanganidan buyon ilk bor Kiyev oblastidan tashqarida ko‘rinish berishi hisoblanadi.
«Zelenskiy harbiy xizmatchilarga davlat mukofotlari va qimmatli sovg‘alar topshirdi, shuningdek Ukraina himoyachilari bilan muloqot qildi», — deyiladi xabarda.
Zelenskiy oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov, Xarkov shahri meri Igor Terexov va boshqa hududiy rahbarlar bilan ham uchrashgan. Sinegubovning xabar qilishicha, regionda harbiy harakatlar vaqtida 2229 ta ko‘p qavatli uy shikastlangan, Xarkov shahrining o‘zida aholi turar joy fondining 30 foizdan ortiq qismi jabrlangan.
Yig‘ilish davomida Zelenskiy «butun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa vayron qilingan hududlarda panelli uylarni buzib tashlash imkoniyatini ko‘rib chiqish» va ularning o‘rniga bombapanagohlar va boshpanalarga ega «zamonaviy turar joylar qurish»ni taklif qilgan.
Keyinroq Zelenskiy Xarkov oblastiga safari davomida Ukraina xavfsizlik xizmatining oblast boshqarmasi rahbari Roman Dudinni ishdan olgani, u urushning ilk kunlarida mudofaa bilan shug‘ullanmasdan, «faqat o‘zini o‘ylagani»ni aytdi.
Zelenskiy aynan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan.
Tungi murojaatida Zelenskiy Xarkov oblastida harbiylar, politsiya, Xarkov meri va oblast ma’muriyati birgalikda «g‘alaba uchun» harakat qilgani, ammo «Ukraina xavfsizlik xizmatining mahalliy rahbariyati haqida ham shunday deb bo‘lmasligi»ni aytgan.
«Men keldim, o‘rgandim, oblast xavfsizlik xizmati rahbarini ishdan oldim, u urushning ilk kunlarida shahar himoyasi uchu ishlamagan. Qanday sabablarga ko‘ra bunday yo‘l tutganini huquq-tartibot idoralari xodimlari aniqlaydi», — degan prezident.
Mavzuga oid
14:15 / 10.11.2024
Tramp Zelenskiy bilan «iliq va yoqimli» suhbat o‘tkazgan. Unda Mask ham ishtirok etgan
14:41 / 26.04.2023
Zelenskiy Chernobil avariyasi 37 yilligi munosabati bilan AES bo‘yicha shantajga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi
08:29 / 21.04.2023
Zelenskiy: «Ukraina NATOdan alyansga qabul qilish bo‘yicha aniq qadamlar kutmoqda»
07:50 / 19.04.2023