Energetika qanday isloh qilinsa, xalqqa foyda bo‘ladi?
Energetikaga budjetdan subsidiyalar aslida “xalqqa yordam bo‘lsin” niyatida joriy qilingan, biroq mutaxassislarning fikricha, bunaqa tizim sohaning achinarli ahvolda qolishiga, resurs va vositalarning samarasiz istifoda etilishiga, mamlakat budjeti nomuvofiq sarflanishiga olib keladi. Xo‘sh, yaqin 4 yilga deb va’da qilinayotgan energetika islohoti qanday bo‘lishi kerak?

Modomiki, mavjud subsidiya tizimi noqis ekan, uni isloh qilish qanday tartib va tamoyillarga asoslanishi kerak? Bu islohot qanday o‘tkazilsa, xalqqa foyda bo‘ladi-yu, qanday o‘tkazilsa, zarar bo‘lib qolishi mumkin?
Katta islohotga tayyorgarlik puxta bo‘lishi kerak
Yevropa Ittifoqi yordami bilan amalga oshirilgan, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Moldova va Ukraina mamlakatlariga energetika sohasini isloh qilishda yordamlashish maqsadi ko‘zlangan “Sharqiy hamkorlik mamlakatlari iqtisodiyotini ekologiyalashtirish” nomli loyiha doirasida qilingan tadqiqotda mualliflar quyidagilarni yozishgan:
“Energetik subsidiyalarni isloh qilish tajribasidan olingan eng muhim xulosamiz shu bo‘ldi – islohot o‘ta puxta tayyorlanmog‘i kerak.
Garchi bu ravshan haqiqat bo‘lib ko‘rinsa-da, ko‘p holatlarda mamlakatlar islohotga biron bir qo‘qqisdan yuz bergan inqiroz bosimi ostida yoki xalqaro tashkilotlarning talabi bilan kirishishadi, natijada ichki koordinatsiyani, holatning chuqur tahlilini va jamoatchilik qo‘llovini ta’minlay olishmaydi. Bu narsalar esa harakatlar qat’iy bo‘lishi uchun, jiddiy o‘zgarishlar qilish uchun muhim.
Hukumatlarning energetik subsidiyalarni isloh qilishga tayyorlanishi yaxlit, kompleks xarakterga ega bo‘lmog‘i kerak. Odatda energetik subsidiyalar tarkibiy xarakterga ega uzoq muddatli muammodir va alaloqibat, tarkibiy yechimlarni talab etadi.
Energetik subsidiyalar islohoti doim tadqiqotlarni, konsultatsiyalarni talab etadi. U turli davlat idoralari va boshqa manfaatdor tomonlarning urinishini ham talab etadi. Bu ayniqsa islohotlarning bevosita va bilvosita oqibatlarini bashorat etish va jarayonni boshqarish tadbirlarini ishlab chiqish uchun dolzarb”.
Tizimning uch halqasidan ikkitasi xususiylashtirilishi lozim
Kun.uz kolumnisti Shahzod Yo‘ldoshboyevning ta’kidlashicha, energetika sohasi islohoti avvalo erkin bozor tamoyillariga asoslanishi hamda ilg‘or xorijiy tajribaga (masalan, Chili) suyanishi kerak.
“Bu islohotning eng muhim tarkibiy qismi – davlat nazorati vertikalini o‘zaro yuqori raqobat sharoitida ishlaydigan xususiy kompaniyalar gorizontaliga o‘tkazish. Xalqaro tajriba buni qanday amalga oshirish mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot”ni bir nechaga bo‘lish va har birini xorijiy investorlarni jalb qilgan holda auksionga qo‘yish lozim.
Distributsiya (energiyani tarqatish) – bu zanjirdagi uchinchi halqa. Birinchi halqa (generatsiya) ham xususiylashtirilishi lozim, jumladan mavjud elektr stansiyalarini sotish hamda bozorimizda yangi ishlab-chiqaruvchilar paydo bo‘lishi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlash zarur.
Transmissiya deb ham nomlanuvchi ikkinchi halqa (magistral elektr tarmoqlari va magistral gaz quvurlari) davlat nazoratida qoladi, chunki ular strategik ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, bozorni nazorat qilish uchun Chilining Milliy energetika qo‘mitasi (NEC) kabi alohida mustaqil idora tuzish lozim. Bu regulyator xususiylashtirish jarayonini kuzatib boradi, keyin esa sohaning to‘xtovsiz ishlashini ta’minlaydi. Eng muhimi, regulyator bosimlardan xoli, mustaqil organ bo‘lishi kerak”, – deydi u.
Auksion nazariyasi bo‘yicha mutaxassis-iqtisodchilar jalb qilinishi zarur
“Tabiiyki, xususiylashtirish jarayoni o‘sha mashhur, “bir kunlik” firmalarning “g‘alaba”si orqali yuzaga keladigan yangi monopoliyalar paydo bo‘lishini istisno qilishi kerak. Xalqaro ekspertlarni, auksionlar nazariyasi sohasida mutaxassis bo‘lgan iqtisodchilarni jalb qilish, shu bilan birga butun jarayonning aholi uchun maksimal shaffoflikni ta’minlash zarur”, – dedi Shahzod Yo‘ldoshboyev.
Subsidiya o‘rniga undan ancha samaraliroq vaucherga o‘tish ham mumkin
Shahzodning so‘zlariga ko‘ra, uzoq istiqbolda energetika sohasini xususiylashtirish katta iqtisodiy foyda keltirishiga qaramay, subsidiyalar bekor bo‘lishi sabab qisqa istiqbolda elektr energiyasi narxining yuqorilashiga olib kelishi ehtimoli yuqori.
O‘zbekiston hukumati bu muammo yechimi sifatida ijtimoiy normani joriy qilish, normadan ortiq energiyani bozor narxida sotishni ko‘zda tutmoqda. Yo‘ldoshboyev esa boshqa bir instrument – vaucherlar haqida aytadi.
“Hozirda energetik subsidiyalarga ketayotgan mablag‘ni davlat endilikda vaucher deb nomlanmish qog‘ozlarni chiqarishga yo‘naltirib, ijtimoiy zaif qatlamlarga elektr energiyasini xususiy distribyutorlardan imtiyozli narxlarda sotib olish imkoniyatini berishi kerak.
Barchasi to‘g‘ri amalga oshirilsa, nafaqat subsidiyalar oqibatida davlatning gardaniga tushayotgan fiskal yukdan qutulish mumkin, balki ijtimoiy notenglik bilan bog‘liq holatni tuzatish, iqtisodiy o‘sish tempini yuqorilatish, shu bilan birga energetik infrastruktura samaradorligini yaxshilash mumkin bo‘ladi. Eslatib o‘taman, infrastrukturadagi kamchiliklar hozirda ishlab chiqarilayotgan energiyaning kamida 20 foizi yo‘qotilishiga olib kelyapti”, deydi u.
To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid

15:20 / 01.05.2025
Gaz quyish shoxobchalarida metan narxi 5200 so‘mgacha qimmatlashdi

11:55 / 28.04.2025
Elektr va gaz qurilmalarini o‘rnatish tartibi o‘zgartirildi

12:53 / 17.04.2025
Xitoy Rossiyaning yana bir loyihasini rad etdi

11:18 / 17.04.2025