Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident tibbiyot sohasidagi vazifalarning bajarilishi bo‘yicha hisobotlarni tingladi
Bugun, 1 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sog‘liqni saqlash sohasidagi vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari shu yil 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgan va unda qator vazifalar belgilangan edi.
Rasmiy relizga ko‘ra, yil boshidan buyon joylarda 85 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ochilishi natijasida 700 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmatlar yaqinlashdi. Hududlarda xirurgiya yo‘nalishida qo‘shimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada 14 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar joriy qilindi.
O‘tgan oylarda Davlat sug‘urta jamg‘armasidan 25 ming nafardan ziyod ehtiyojmand aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Farg‘onada 87 ming aholi manzilli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bugundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 22-30 foizga oshirildi.
“Inson qadri tamoyilini inobatga olib, oxirgi yillarda tibbiyot sohasida ham ko‘p farmon va qarorlar qabul qildik. Global sinovlarga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining oyliklarini ko‘tarish choralarini ko‘rdik. Hamma joyda, eng chekka qishloqda ham tizim namoyon bo‘lishi kerak. Har bir fuqaroning sog‘ligi nazoratda bo‘lishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda mutasaddilar sohada boshqaruv va moddiy sharoitlarni yaxshilash, davolash protokollarini o‘zgartirish, tibbiy sug‘urta tizimini kengaytirish, tibbiy ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi.
Avvalo, birlamchi bo‘g‘inga e’tibor qaratilib, joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarni ishga tushirish, mingta mahallada tibbiy punktlar tashkil qilish, aholini manzilli skriningdan o‘tkazish vazifalari belgilandi. Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.
Hududiy shifoxonalarda yuqori texnologik amaliyotlar turini 250 taga yetkazish, buning uchun ulardagi tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, yangi imtiyozli davolash tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident sohani raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Avval berilgan topshiriqqa ko‘ra, tibbiyot muassasalarining bu boradagi infratuzilmasi yangilanmoqda. Hududlardagi shifoxonalar kompyuterlar bilan ta’minlanib, lokal tarmoqqa ulanmoqda. Xalqaro standartlar asosida yagona klassifikator, reyestr va ma’lumot almashinuvi dasturi ishlab chiqilmoqda.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlashning barcha bo‘g‘inlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirib, o‘zaro bog‘lash, muassasalarni zamonaviy jihozlash, pullik xizmatlar hajmi va turlarini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu yil 25 aprel kuni prezidentning “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 191 ta tuman va shahar markaziy shifoxonalarida bolalar reanimatsiya bo‘limlari, 208 ta ko‘p tarmoqli poliklinika hamda Toshkent shahridagi 71 ta oilaviy poliklinikada bolalar bo‘limlari tashkil etildi.
Davlat rahbari bunday bo‘limlarni qolgan tumanlarda ham ochish, shu bilan birga, Akusherlik va ginekologiya, Aholi reproduktiv salomatligi hamda Skrining markazlari faoliyatini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Sanitariya-epidemiologiya tizimini transformatsiya qilish, sanitariya qoidalari va standartlarini yangilash, yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirining har bir o‘rinbosariga o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Mavzuga oid
09:49 / 23.05.2025
Ayrim shifokorlarga qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi
10:46 / 22.05.2025
Ayrim shifokorlarning oylik lavozim maoshlari 20 foizga oshiriladi
13:10 / 13.05.2025
Kuvaytlik shifokorlar Qoraqalpog‘istonda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi
15:23 / 07.05.2025