Jamiyat | 07:44 / 02.06.2022
19538
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida «odamlarni tupurib davolaydigan» tabibga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida «odamlarni tupurib davolaydigan tabib paydo bo‘ldi» izohi bilan xabarlar tarqaldi. Mazkur holat Bo‘stonliq tumani IIB tezkor xodimlari va tuman DSI tomonidan hamkorlikda tekshirildi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida videotasvirdagi «tabib» – Bo‘stonliq tumanida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Y. (chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi shaxs) ekani va u tabiblik borasida ma’lumotga ega emasligi aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.Y. taxminan 2 yildan buyon Bo‘stonliq tumani, Oqtosh qishlog‘idagi, aholi orasida «Quyoshli» deb nomlangan tepalikda odamlarga echki suti sotish bilan shug‘ullanib kelgan.

U o‘zining ko‘rsatmasida, 27 may kuni «Dorivor o‘simliklar haqida»gi kitobdan chittigul ildizini kukun shaklida tomoqqa sepilsa lorengit kasalligini davolashi haqida o‘qib, tog‘dan chittigul ildizini terib kelganini va kukun shaklida maydalab, quyosh taftidan nafas olish uchun kelgan fuqarolarga trubka orqali sepib (purkab), har bir muolajasi uchun 20 ming so‘mdan pul olganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, tekshiruv harakati davomida fuqaro B.Y. muolaja o‘tkazishda foydalanib kelgan buyumlar ashyo tariqasida olingan va hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid