O‘zbekiston | 16:05 / 09.06.2022
19437
5 daqiqa o‘qiladi

Bug‘doy zaxirasi, o‘zbek unining sifati va erkinlashtirilgan narx - un sexiga press-tur

O‘zbekistonda bug‘doy zaxirasi bo‘yicha mutlaqo muammo yo‘q, deya ma’lum qilindi “O‘zdonmahsulot” tizimidagi korxonaga uyushtirilgan press-turda. Mas’ullar qozoq uniga ehtiyoj yuqoriligi va g‘alla islohotining ahamiyati bo‘yicha ham izoh berdi.

8 iyun kuni “O‘zdonmahsulot” akssiyadorlik kompaniyasining Toshkent shahridagi bug‘doyni qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonasiga press-tur uyushtirildi.

Tadbir davomida jurnalistlarga bug‘doyni un shakliga keltirib, uni turli vitaminlar bilan boyitgan holda tadbirkorlarga yetkazib berish jarayonlari, O‘zbekistonning g‘alla zahirasi, o‘zbek unining sifati va birjaga chiqarilayotgan g‘alla bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

“O‘zdonmahsulot” korxonalari tomonidan kuniga 10 ming tonna un mahsulotlari birja savdolariga chiqarilmoqda. Respublikamizda g‘allaga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgani bilan, yetarli darajada zaxiramiz bor. Ya’ni butun mamlakatda 3 yoki 3,5 mln tonna unga ehtiyoj bor, “zapasi”miz esa bundan 1,5 barobarga ko‘p. Shuning uchun zaxira to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas”, dedi “Toshkentdonmahsulotlari” AJ Ishlab chiqarish amaliyoti rahbari Ziyovuddin Muqimov.

Ziyovuddin Muqimov

Tadbirda qozoq va o‘zbek unlarining sifati haqidagi savolga ham javob berildi.

“Bug‘doyimizning sifati qozoqnikidan kam emas, davlat standartlari bor, mana shu standartlariga u to‘liq javob beradi. Agar un mahsuloti, bug‘doy emas, un shu talablarga javob bermaydigan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchilar tomonidan kamchilik o‘tgan bo‘lishi mumkin”, – dedi Ziyoviddin Muqimov.

U o‘zbek unining sifatiga qaramay, qozoq uniga talab yuqoriligini quyidagicha izohladi.

“O‘zbekistonda 100dan ortiq xususiy tegirmonlar bor. Shu kungacha xususiy tegirmonlarga davlat tomonidan yetishtirilgan g‘allani olishga ruxsat yo‘q edi. Bu jarayonda mahsulotlari faqatgina “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi korxonalarga berilar edi. Endi 160 ta xususiy tegirmonlar ham ishlashi kerakmi? Qayerdan oladi ular xomashyoni? Tabiiyki, Qozog‘istondan oladi,

Qozoq bug‘doyi nafaqat ichki bozorga olib kiryapmiz, balki boshqa mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda. Ishlab chiqaruvchi mana shu bug‘doyni sotib olib, undan un tayyorlab, qo‘shni Afg‘onistonga va boshqa mamlakatlarga sotmoqda. Shuning uchun davlat korxonalari uchun ham, xususiylar uchun ham yetarli darajada “obyom” bor. Axir, bu – respublikamiz iqtisodiyotiga foyda-ku. Qozoq bug‘doyi import qilinganda chorva mollari uchun kerakli kepak o‘zimizda qolyapti”.

“O‘zdonmahsulot” AK boshqarma boshlig‘i G‘afurjon Qarshiboyevning so‘zlariga ko‘ra, 1 iyundan boshlab unning birjada sotila boshlagani bir qancha qulayliklarni yaratgan.

G‘afurjon Qarshiboyev

“Sun’iy ushlab turilgan, qat’iy belgilangan narx bilan un sotar edik. Non ishlab chiqaruvchilariga 2 225 so‘mdan, chakana savdoga esa 2 485 so‘mdan sotar edik. E’tibor bersangiz, g‘allachilikdagi eng muhim islohot ham ana shu hisoblanadi.

G‘allani yetishtiruvchi fermer va klasterlarimiz bir tonna g‘allani yetishtirish uchun qancha xarajat qilayotgan edi. Mana shu hisob-kitob bilan qiziqishimiz kerak. Agar ular bir tonna mahsulot uchun 2 mln so‘m xarajat qilayotgan bo‘lishsa, davlatga uni 1,5 mln so‘mdan topshirib, albatta, zarariga ishlayotgan bo‘ladi.

Fermerlarimizning mana shunga o‘xshash og‘riqlari, taklif hamda e’tirozlarini inobatga olib, bugungi kunda markazlashgan holda birjaga yo‘l ochib berildi. Hozirda birjada 4 ming yoki 4 ming 250 so‘mdan narx shakllanib turibdi”, ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yilgi 1,5 mln so‘mdan bu yil 3 mln so‘mga oshirildi. Shu narxda xarid qilingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladi, agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi

Mavzuga oid