Jahon | 11:44 / 09.06.2022
25023
12 daqiqa o‘qiladi

«Eskirgan va formasini yo‘qotgan». G‘arb tahlilchisi Ukrainadagi urush NATOning ojiz joylarini oshkor qilgani haqida

Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi, Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakatlarda Ukraina masalasi bo‘yicha birlik yo‘qligini aniq-ravshan namoyish etdi. Shu sababli NATO kapital islohotga muhtoj, deb yozadi foreignpolicy’da Yevropa siyosati tahlili markazining shtatdan tashqaridagi ilmiy xodimi Edvard Lukas.

Muallifning qayd etishicha, uch yilcha avval Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «NATO miyasining o‘lishi» borasida o‘zining mashhur tashxisini qo‘ygan. O‘sha vaqt uchun uning nuqtayi nazari to‘g‘ri bo‘lgan: Yevropada strategik fikr yuritishning yo‘qligi prezident Donald Tramp hukmronligi ostida AQSh siyosatini oldin taxmin qilib bo‘lmaydigan holatga kelishi bilan qorishib, alyans uchun sovuq urush davridan buyon ilk marta jiddiy muammolar keltirib chiqarayotgandi.

AQSh armiyasi askarlari Bolgariyaning Novo-Selo harbiy poligonida NATO mashg‘ulotlarida ishtirok etishmoqda. NIKOLAY DOYChINOV / AFP GETTY IMAGES

Hozirga kelib NATOning qayta tug‘ilishi haqida gapira boshlashdi, chunki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi blokning hududiy mudofaa bo‘yicha asosiy missiyasiga yangi dolzarblik baxsh etmoqda.

Kreml dushman emas, hamkor sifatida ko‘rilgan

Lukasning qayd etishicha, NATO a’zolari Rossiya tomonidan yuz beradigan tahdidni qayta baholab va Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlay turib, mudofaa budjetini ko‘paytirib, alyansning sharqiy chegaralari xavfsizligini mustahkamlab, maqsadlarning yangi birligini topishgan.

14 yilgina avval alyansga tahdidlarni baholuvchi NATOning o‘ta maxfiy organi — MC161 va uning siyosiy rahbariyati o‘z ssenariylarida Rossiya tomonidan yuz beradigan har qanday harbiy tahdidni ko‘rib chiqishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlab qo‘ygandi. Bunda bosim Germaniya kabi Rossiya tarafdorlaridan emas, AQShning o‘zidan ham chiqqani hayratlanarli. Umumqabul qilingan fikrga ko‘ra, Kreml dushman emas, hamkor sifatida ko‘rilgan.

Bunday siyosat natijasida NATOning eng ojiz a’zolari — Polsha va Estoniya, Latviya va Litva kabi Boltiqbo‘yi davlatlari ikkinchi navli ittifoqchilarga aylanishgan. Garchi ular blokda bo‘lishsa ham, faqat qog‘ozda shunday sanalishgan. Ularning hududida aytarli tashqi kuchlar bo‘lmagan, alyans esa kutilmagan vaziyatlarda hujumga duchor bo‘lishsa, ularning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish yoki himoya qilishga doir rejalar tuzishdan mutlaqo bosh tortib kelgan. Polsha mudom shunday rejani talab qilib kelgan, lekin ularga bunday reja Belarus hujumiga qarshi tuzilishi mumkinligini aytishgan, minba’d Rossiyaga qarshi emas.

NATO tez va qat’iy qaror chiqara oladimi?

Biroq Rossiyaning Ukrainaga 2014 yilgi ilk hujumidan so‘ng NATOning rejalari va harakatlari jiddiylasha boshladi. Boltiqbo‘yidagi uch davlatda 1000 kishidan iborat kuchlar joylashtirildi, Polshada esa AQShning yanada yirikroq qo‘shinlari.

Joriy yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosda bostirib kirishidan so‘ng tashqi kuchlar ishtiroki ham keskin oshirildi. Boz ustiga, Yevropaning eng ilg‘or ikki harbiy davlati Finlandiya va Shvetsiya alyans eshiklarini qoqa boshladi. Agar Turkiyaning e’tirozini silliqlashga muvaffaq bo‘linsa, shu yil oxirigacha ular alyans a’zolariga aylanishadi. Bu esa Shimoliy-Sharqiy Yevropaning harbiy geografiyasini tubdan o‘zgartiradi.

Biroq muallifning qayd etishicha, Rossiya tomonidan boshlangan urushdan so‘ng maqsadlar birligiga erishgan NATO baribir o‘z formasida emasdek va eskirgandek tuyulmoqda. Muallif birinchi navbatda alyans a’zolari bo‘lgan davlatlarning siyosiy qarama-qarshiliklariga diqqatni jalb qilgan.

«Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahbarligi ostidagi Turkiya — Rossiya bilan aloqalari iliq bo‘lgan yarimavtoritar davlat bo‘lib, inson huquqlariga Yevropaning aralashuviga mudom e’tiroz bildirib keladi. Bosh vazir Viktor Orban rahbarligidagi Vengriya esa boylik va hokimiyatni ichki nazoratning yangi tizimiga birlashtiruvchi boshqa farqli yo‘ldan bormoqda hamda AQSh va Yevropaning Rossiya va Xitoyga bosim uyushtirishiga bo‘lgan urinishlarini chippakka chiqarmoqda. Makronning shafqatsiz pozitsiya o‘zgartirishlari, Germaniya kansleri Olaf Sholsning imillashlari doim to‘siq va diqqatni chalg‘ituvchi omillarni yaratmoqda», — degan Lukas.

Ekspertning qayd etishicha, Makron va Shols o‘z ojizliklari bilan qaror qabul qilish jarayonini sustlashtirishmoqda, alyansning mustahkamligi va birligini katta savol ostida qoldirishmoqda. Muallifning qayd etishicha, NATOga a’zo 30 davlatdan ayrimlari qat’iy javob berishni istashadi, boshqalari mojaro yoyilishidan cho‘chishadi va muloqotni afzal ko‘rishadi, uchinchilari esa hech narsa qilmaslik uchun mujmallikni qulay bahona qilib olishgan. Aynan mana shu tarqoq pozitsiya savol keltirib chiqarmoqda: NATO qanday harakat qilish borasida tez va qat’iy qaror chiqara oladimi?

Aftidan, a’zolarning ayrimlari diplomatiya va yon berishga chaqira boshlashadi. Hujumga chindan ham duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘tkir harbiy konfrontatsiyani afzal bilib jangovar ko‘rinishar. «Bir qarich yer ham, jon ham bermaymiz», — degan unga anonim tarzda Boltiqbo‘yi davlatlaridan birining harbiy arbobi. Biz barchamiz ular Ukrainada nima qilganini ko‘rdik.

Siyosiy ojizliklar harbiy ojizliklar bilan hamohang. Shubhasiz, alyansda eng muhim mamlakat AQSh hisoblanadi. Yevropa uchun AQShning xavfsizlik kafolati — ularning har qanday hujumga nisbatan oddiy, zaruriyat tug‘ilganda yadroviy vayronkor javob berish qobiliyatidir va bu alyansning tub g‘oyasi hisoblanadi.

«Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun»

Yuqoridagi shior tashqaridan chiroyli eshitiladi, lekin ispaniyaliklar, hollandlar yoki kanadaliklarning norozi qiyofasidan Kremlda hech kimning bir tuki qimirlamaydi. Lekin buning natijasi o‘laroq AQShning imkoniyatlariga o‘ta bog‘langanlik vujudga kelgan, o‘q-dori, zaxira va ehtiyot qismlardan tortib, katta masofalarga qo‘shinlarni tez va samarali ko‘chirish imkonini beradigan harbiy transportgacha. Agar Yevropaning mudofaa xarajatlariga doir yangi rejalar amalga oshgan taqdirda ham, bu Rossiya hujumidan hududlarni himoya qilishni zarur miqyos va tezlik bilan faqat AQSh qurolli kuchlari amalga oshirishi mumkinligi faktini inkor eta olmaydi.

Aksincha, eng ko‘p himoyaga muhtoj davlatlar — Estoniya, Latviya va Litva o‘zlari bu yukni gardaniga olishga eng kam qodir. Ularga havo hujumiga qarshi va raketalarga qarshi mudofaa uchun zamonaviy qurollar kerak, ammo xarid qilishga ular qodir emas.

Polsha–Litva chegarasidagi Suvalkskiy raxnasi deb ataluvchi ingichka yer Rossiyaning harbiylashgan Kaliningrad eksklavi va Belarus tomonidan hujum qilinganda zaif joy hisoblanadi. Inchunin, shu strategik o‘tish joyi himoya qilinishi uchun Polsha va Litva AQShning kattaroq harbiy ishtirokini istashadi: xoh doimiy harbiy baza bo‘lsin, xoh kuchlarning doimiy rotatsiyasi bo‘lsin.

NATO qo‘shinlarining Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlaridagi joylashuvi

Yana bir muammo mashg‘ulotlar bilan bog‘liq: NATO Rossiyaning hujumiga qanday javob berishi bilan bog‘liq to‘liq realistik yirik miqyosli harbiy repetitsiyalar o‘tkazmaydi. Birinchidan, bunday mashg‘ulotlar o‘ta qimmat va vayronkor. Ikkinchidan, ular NATOning ayrim a’zolarining ulkan kamchiliklarini ko‘rsatib qo‘yadi. Uchinchi sabab ayrim davlatlarning bunday mashg‘ulotlar Rossiyani provokatsiya qilishi mumkinligidan cho‘chishida. Natijada, krizis ro‘y bersa nima qanday ishlashini hech kim bilmaydi. Buning o‘rniga boshqacha fikr ustun: krizis sharoitida barcha frontlarda AQSh logistika, razvedka va harbiy harakatlarda eng og‘ir ishlarni o‘z gardaniga oladi.

Yevropaning siyosiy qo‘rqoqligi asosiy to‘siq

Adolat yuzasidan aytish kerak, NATO bu muammolar ustida ishlamoqda va ularni yechsa bo‘ladi. Lekin bu ularni bartaraf qilishga kam qoldi, degani emas. Istalayotgan narsani haqiqat sifatida qabul qilish alyansning asosiy aybi bo‘lib qolmoqda.

Eng yomoni, NATO zamonaviy urushning o‘zgarayotgan xarakteriga tayyor emas. Rossiyaning Ukrainaga eski stildagi hujumi yaxshi tanish. Biroq Ukrainaning mudofaasini yorib o‘tayotgan artilleriya va raketa zarbalari — Kreml arsenalining bir qismi. Uning eng samarali quroli — harbiy emas: qo‘poruvchilik faoliyati, «bo‘l va boshqar» qabilidagi diplomatik taktika, iqtisodiy majburlash, korrupsiya va propaganda.

Jangsiz urushning eng zamonaviy yaqqol misollaridan biri — Rossiya tomonidan ochlikning qurolga aylantirilishi. Ukraina g‘allasi eksportini cheklab, Rossiya millionlab insonlar uzra ochlik ko‘lankasi kezishiga sabab bo‘ldi.

Ommaviy ocharchilik — bu shunchaki gumanitar falokat emas, uning oqibatlari siyosiy tartibsizliklar, Yevropaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid soluvchi ommaviy migratsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. NATO esa buning oldini olishga qodir emas. U g‘allani uy hayvonlariga berishni kamaytirib, undan bioyonilg‘i olishni bas qilib, iqtisod qilishni talab qila olmaydi. Unda ochlikdan qiynalayotgan dunyoga berish uchun oziq-ovqat zaxirasi yo‘q. U ukrain g‘allasini boshqa yo‘nalishlarda olib chiqish uchun temiryo‘llar qura olmaydi.

NATOda Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi ichki tajriba kam, Afrikadagi, shuningdek, allaqachon boshlangan Yevropani ocharchilikda ayblovchi Kreml narrativlariga ta’sirchan boshqa davlatlardagi ta’siri nolga teng.

Biroq NATOning harbiy kamchiliklari bilan bog‘liq holatdagidek, muammolarni aytish ularni yechishga teng emas. Blokning mo‘rt tuzilmasi va asosiy a’zolari bilan bog‘liq muammolar hisobga olinsa, NATOning sovuq urush davridagidek doimiy tayyorgarlik va samaradorlik darajasiga qaytishni kutish yaramaydi.

Bu yerda eng og‘ir va asosiy savol — Amerika Qo‘shma Shtatlarining roli. Nazariy jihatdan, Yevropa o‘z mudofaasini ta’minlash uchun yetarli tarzda katta joy, biroq bunga uning doimiy siyosiy qo‘rqoqligi to‘sqinlik qilib keladi. Paradoks shundaki, faqat AQShning a’zoligi NATOni ishonchga sazovor qiladi, biroq AQShga o‘ta bog‘liqlik ham Fransiya va boshqa davlatlarda e’tiroz keltirib chiqarib, alyansga ishonchni kemiradi. Vashingtonning vazifasi Yevropadagi ittifoqchilarini o‘z gardanlariga ko‘proq yuk olishga ko‘ndirish va yana strategik o‘ylashda davom etish. Ha, bu amalga oshirsa bo‘ladigan narsa. Lekin bu Madridda yoki yaqin orada yuz berishini kutish yaramaydi.

  • Muallif haqida: Edvard Lukas — Yevropa siyosati tahlili markazining shtatdan tashqari ilmiy xodimi, Britaniya parlamentiga liberal-demokratlardan nomzod, The Economist nashrining sobiq katta muharriri, yaqinda nashrdan chiqqan «Kiberfobiya: o‘zlik, xavfsizlik va Internet» kitobi muallifi.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid