O‘zbekiston | 08:14 / 09.06.2022
2302
2 daqiqa o‘qiladi

Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. 

Foto: Kun.uz

Norma’ning xabar berishicha, prezidentning «Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2022 yil 21 apreldagi PQ-214-son qaroriga muvofiq loyiha bilan 2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar taklif qilinmoqda:

Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratish;

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlik sub’yektlariga «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoki «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan va kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdori 10 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratish.

Loyiha bilan quyidagilarni tasdiqlash taklif qilinmoqda:

olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid