Jahon | 09:24 / 09.06.2022
19739
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha prezidenti Shols va Makronning Putinga qo‘ng‘iroqlarini tanqid qildi 

Anjyey Duda Germaniya kansleri va Fransiya davlati rahbarining Rossiya prezidenti bilan telefon suhbatlari davom etayotganini, ular esa «hech narsaga olib kelmayotganini» tanqid qildi.

Foto: Mindaugas Kulbi / AP

Polsha prezidenti Anjyey Duda Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya rahbari Emmanuel Makron Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari davom etayotganiga qaramay, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilayotganini tanqid qildi. Duda Bild nashriga intervyu berdi, u 8 iyun, chorshanba kuni YouTube’da e’lon qilingan.

«Putin bilan kansler Shols, prezident Emmanuel Makron olib borayotgan barcha suhbatlardan hayratdaman. Bu muzokaralar hech narsaga olib kelmayapti», - dedi siyosatchi. Polsha rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu suhbatlar ko‘proq «Rossiya armiyasining Ukrainada sodir etgan jinoyatlari uchun mas’ul bo‘lgan shaxs uchun o‘ziga xos qonuniylik» ta’siriga ega. 

Rossiya kuchlarining Ukrainaga yuborilgani uchun faqat Putin javobgar, dedi Duda. Aynan Putinni qo‘shinlar qo‘mondonlari qo‘llab-quvvatlamoqda, deya qo‘shimcha qildi prezident. 

Bundan avval Germaniya kansleri Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya va Fransiya prezidentlari bilan 28 may kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi telefon muloqoti haqida xabardor qilgan edi. Shols va Zelenskiy «Ukrainadan g‘alla eksportini, birinchi navbatda, dengiz orqali amalga oshirilishini ta’minlash uchun hamma narsani qilish kerak» degan fikrga qo‘shildi, deyiladi Germaniya yetakchisining kanselyariyasi xabarida. Ikki davlat yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qilishda davom etadi va «yaqin aloqada bo‘ladi», deb xabar berdi Germaniya hukumati matbuot xizmati. 

Avvalroq Polsha prezidenti Anjyey Duda Germaniya hukumatini tanqid qilgandi. Dudaning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Polshaga bergan va’dalarini bajarmadi – nemislar Varshava Ukrainaga o‘z zaxirasidan bergan tanklar o‘rniga tanklar yetkazib berishi kerak edi. 

«Ular bu va’dani bajarmadi va ochig‘i, biz bundan juda xafamiz», dedi Duda Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida. Kelishuvga ko‘ra, Sharqiy Yevropa davlatlari o‘zini Rossiya harbiy harakatlaridan himoya qilayotgan Ukrainaga sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan tanklarini jo‘natishi va ular evaziga Germaniyadan zamonaviy harbiy texnika olishi kerak bo‘lgan.

Shundan so‘ng, 24 may kuni Berlinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning polshalik hamkasbi Zbignev Rau qurol-yarog‘larning keyingi topshirilishini muhokama qildi. Berbokning ta’kidlashicha, og‘ir qurollarni «tugmachani bosish yoki barmoqni chertish bilan yetkazib berish mumkin emas». Uning so‘zlariga ko‘ra, hali mavjud texnikalarni tekshirish va «nima mavjud, nimani ta’mirlash yoki buyurtma berish kerakligi»ni bilish kerak. 

Mavzuga oid