Jamiyat | 16:00 / 09.06.2022
15100
6 daqiqa o‘qiladi

Tanqidlardan so‘ng: Navbahorda bemorlardan pul olgan shifokor, Karmanada o‘qituvchilardan “hashar puli” undirmoqchi bo‘lgan hisobchi ishdan ketdi

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida shifokor bemorlardan muolaja uchun noqonuniy pul olgan, Karmana tumanidagi ayrim maktablarda esa hashar uchun o‘qituvchilardan ikki marta pul undirishga harakat qilingan. Mavzular Kun.uz’da yoritilgach, shifokor va XTB hisobchisi ishdan olindi.

Kun.uz Navbahor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi stomatolog shifokori Ilyos Jo‘rayev bemorlardan noqonuniy ravishda pul olgani hamda Karmana tumanidagi ayrim maktablarda o‘qituvchilarning ta’til pulidan umumxalq xayriya hashari uchun ikkinchi bor 20 ming so‘mdan ushlab qolishga topshiriq berilgani haqida ma’lum qilgandi. Holatlar yuzasidan Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Karmana tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.  

Boshqarma munosabatiga ko‘ra, o‘rganish jarayonida stomatolog shifokor Ilyos Jo‘rayev haqiqatan ham bemorga tibbiy muolaja o‘tkazganligi, uning muolajasi uchun zarur bo‘lgan nur ta’sirida qotuvchi tish plombalarini xususiy klinikadan olib kelganligi va shu sababli fuqarodan bajarilgan muolaja uchun 60 ming so‘m olganligi aniqlangan.  

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 18 fevraldagi 63-sonli buyrug‘iga asosan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar hamda dori vositalari ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, stomatolog Ilyos Jo‘rayev tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat ushbu ro‘yxatga kiritilmagan. Xususiy tibbiyot muassasasidan ishlatish uchun xarid qilgan sarflov vositalarini davlat tashkilotida ishlatganligi sababli xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, nazoratni yetarlicha olib bormaganligi tufayli bosh stomatolog J.Madaliyevga va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri F.O‘sarovlarga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llash to‘g‘risidagi buyruqlar imzolanib, yuridik markazga xulosa olish uchun taqdim etildi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Holat takrorlanmasligi uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati tomonidan 2022 yil 8 iyun kuni hududdagi barcha davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokorlik punktlari mudirlari ishtirokida videokonferensiya ko‘rinishida yig‘ilish o‘tkazilib, soha xodimlari qat’iy ogohlantirilgan.   

Karmana tumani hokimligining rasmiy munosabatida bildirilishicha, kuzatilgan holat yuzasidan tuman hokimligi, tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Hokimlik munosabatida shunday deyiladi:

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi 199-F-sonli farmoyishi 8-bandiga asosan “Mahalla obodligi-yurt farovonligi” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish doirasida barcha korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limining bankdagi hisobraqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan”.

Ammo Vazirlar Mahkamasining mazkur farmoyishida ham, Navoiy viloyati hokimining 2022 yil 28 apreldagi farmoyishida ham o‘tkazilgan hasharda tashkilot, korxona va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablag‘larini «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda joylardagi bo‘limlarining bankdagi hisobvaraqlariga o‘z tashabbuslari bilan o‘tkazish tavsiya etilgan. Ya’ni gap bir kunlik ish haqi emas, «xodimlarning ixtiyoriy mablag‘lari» haqida bormoqda. Bu, xodim hashar uchun o‘zi istagan miqdorda mablag‘ ajratishi mumkinligini (agar xohlasa) anglatadi.

Shu munosabat bilan, Karmana tumani umumta’lim maktablaridagi pedagog va ishchi xodimlarning bir kunlik ish haqlari o‘rtacha 80000-150000 so‘mni tashkil etganligini inobatga olib, ularning ish haqlarini bir martada saqlab qolmaslik maqsadida, o‘z arizalariga asosan 2 oyda kamroq miqdorda saqlab qolish nazarda tutilgan.May oyi ish haqlaridan xodimlarning o‘z arizalariga asosan 15000, 20000, 30000 so‘mgacha saqlab qolingan. Karmana tumani 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ishchi-xodimlarining bir kunlik ish haqlari 2467000 so‘mni tashkil etsa-da, xayriya hashari uchun 740 000 so‘m saqlab qolingan. Tumandagi umumta’lim maktablarining pedagog va ishchi xodimlari ish haqlaridan hashar uchun 2 marotaba pul ushlanmagan”, — deya davom etadi rasmiy munosabat.  

Bu bilan hokimlik Vazirlar Mahkamasi va Navoiy viloyati hokimining farmoyishlarini ochiqchasiga o‘z foydasiga “moslab olyapti”. Chunki “bir kunlik ish haqi” va “ixtiyoriy mablag‘” o‘rtasida ma’no jihatdan ham katta farq bor.  

Hokimlikka ko‘ra, tuman XTB hisobchisi Zuvay Shokirov topshiriqni noto‘g‘ri talqin qilgani sababli o‘z arizasiga binoan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, Karmana tumanidagi 24-umumta’lim maktab direktori Dilfuza Sharipovaning shar’iy turmush o‘rtog‘i Lutfullo Xo‘jaqulov shu maktabda qorovul vazifasida ishlayotgani holati o‘rganilib, batafsil ma’lumot berilishi ma’lum qilingan. 

Mavzuga oid