Jamiyat | 12:19 / 09.06.2022
17732
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Xitoy fuqarosining uyidan 265 ming dollarni o‘g‘irlagan 6 kishi qamoqqa olindi

2022 yilning 31 may kuni soat taxminan 08:30 lar atrofida noma’lum shaxslar Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Qushbegi dahasida yashovchi, Xitoy fuqarosi 36 yoshli T.V.ning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirish eshigi qulfini buzib kirgan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular xonadon yotoqxonasidagi shkafga o‘rnatilgan va ichida 265 000 AQSh dollari bo‘lgan temir seyfini yashirin ravishda egallab, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi 24 yoshli J.M., R.L., 19 yoshli N.J., B.M., 20 yoshli O.O. va 23 yoshli T.A. sodir etgani aniqlanib, ulardan jami 246 000 AQSh dollari, 9 771 000 so‘m pullari, 100 yevro hamda mazkur pullarga sotib olingan bir dona “iPhone 13” telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda yuqoridagi shaxslarning har biriga Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, ehtiyot chorasi sifatida “qamoqqa olish” qo‘llanilgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti
Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti
Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Mavzuga oid