AQSh «DXR»da uch nafar xorijlik o‘lim jazosiga hukm qilingani bo‘yicha bayonot berdi
AQSh davlat kotibi Blinken rossiyaparast Donetskda Ukraina qurolli kuchlarining uch nafar xorijlik jangchisi ustidan o‘tkazilgan sud jarayonini tanqid qildi. U Rossiya va ayirmachilarni harbiy asirlar huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi.
Qo‘shma Shtatlar o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» («DXR»)da Ukraina qurolli kuchlarining (UQK) uch nafar xorijlik jangchisiga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanganidan tashvish bildirdi.
«Biz Ukraina qurolli kuchlarida qonuniy ravishda xizmat qilayotgan jangchilarga nisbatan soxta «sud» va ularga nisbatan chiqarilgan hukm haqidagi xabarlardan chuqur tashvishdamiz. Rossiya va uning nazorati ostidagi kuchlarni xalqaro gumanitar huquq, jumladan, harbiy asirlarga beriladigan huquq va himoyani hurmat qilishga chaqiramiz», - deb yozdi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 10 iyun, jumaga o‘tar kechasi o‘zining Twitter’dagi mikroblogida bergan bayonotida.
Avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bosib olingan Donetskda Britaniya fuqarolari ustidan o‘tkazilgan «sud» noqonuniy va tashviqot xarakteriga ega ekanligini ma’lum qilgandi. Bir kun avval Rossiya davlat matbuoti ikki britaniyalik Eyden Aslin va Shon Pinner, shuningdek, marokashlik Saudun Braxim Rossiya nazoratidagi Donetskda sudga tortilgani, ular «DXR»da hokimiyatni egallab olish va «konstitutsiyaviy tuzum»ni ag‘darish harakatlarida aybdor deb topilgani haqida xabar berdi.
Uchala harbiy ham o‘lim jazosiga hukm qilindi. Ularga hukmlar ustidan shikoyat qilish va afv etish to‘g‘risida ariza berish imkoniyati ma’lum qilingan. Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass Donetskda chiqarilgan o‘lim jazosi haqidagi qarorlarni qoralab, ularni «ko‘zbo‘yamachilik va noqonuniy» deb atadi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024