Jamiyat | 15:28 / 10.06.2022
21821
5 daqiqa o‘qiladi

Qariyb yarim asrdan keyin o‘qishini davom ettirayotgan 70 yoshli nukuslik talaba

Shinigul aya Do‘sxo‘jayeva 70 yoshida Nukusdagi oliygohlarning birida tahsil olmoqda. U bundan salkam yarim asr oldin o‘qishga kirgan. Guruhidagi kursdoshlari orasida 22 yoshli nevarasi ham bor.

Ilm olishning erta-kechi yo‘q, beshikdan to qabrgacha ilm izla, deydi dono xalqimiz. Bugun hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz ham ana shunday insonlardan. Shinigul aya Do‘sxo‘jayeva 70 yoshda. U O‘zbekiston davlat madaniyat va san’at instituti Nukus filialining 3-bosqich talabasi. Bundan 46 yil oldin, 1979 yilda madaniyat sohasida o‘qish uchun Toshkentdagi oliy ta’lim muassasasiga hujjatlarini topshirgan. Oilaviy sabablar bilan oliy ta’limni 2-kursdan tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Shinigul aya oradan qariyb yarim asr o‘tsa ham oliy toifali madaniyat xodimi bo‘lish orzusidan voz kechmadi va 70 yoshida talabalar bilan birga o‘qiyapti.

Shinigul aya Do‘sxo‘jayeva oliygohda Soz asbob ijrochiligi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. Farzandi tengi o‘qituvchilar unga soz asbob chalish sirlarini o‘rgatishmoqda. Shinigul aya qoraqalpoq milliy cholg‘u asbobi Mo‘ynoq ala dutorini chalishni yaxshi ko‘radi. Nevaralari tengi talabalar bilan har kuni mashq qiladi. Guruhdagi kursdoshlari orasida 22 yoshli nevarasi Mehriban Do‘sxo‘jayeva ham bor. Buvi va nevara har kuni ertalab o‘qishga birga kelib ketishadi. Dars jarayonlari va mashg‘ulotlarda ham birga bo‘lishadi.

Bugun qahramonimizda o‘tgan davr talabalari va hozirgi talabalarni solishtirish imkoni bor. Shinigul aya bundan salkam 50 yil oldingi va hozirgi talabalar o‘rtasidagi farqlarga to‘xtaldi. Ayaning bizga aytishicha, 50 yil oldingi talabalar bilimga ancha chanqoq bo‘lgan.

Ochig‘i, 70 yoshli talabani uncha-muncha o‘qituvchi ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Shinigul aya bilan har kuni o‘qish davomida qiziqarli holatlar yuz beradi.

Har qanday nevara ham bir guruhda, bir bosqichda o‘z buvisi bilan o‘qishini orzu qilsa kerak. Ammo bu o‘ziga xoslikning biz bilmagan qirralari ham bor. Shinigul aya bilan birga tahsil olayotgan nevarasi Mehriban Do‘sxo‘jayeva barchasi qanday boshlangani, o‘qishdagi ajoyib holatlar haqida gapirib berdi.

Mehriban Do‘sxo‘jayevaning aytishicha, ayaning shu yoshga chiqib yana o‘qishni davom ettirishi mahalla, ko‘cha-ko‘yda ancha gap-so‘z ham bo‘lgan.

Nevara qiz Shinigul ayaning darsga qanday borib kelishi, o‘qish jarayonlari haqida gapirdi. Mehribanning aytishicha, boshida opaning o‘qishni davom ettirishiga oiladagilari qarshi chiqqan.

Shinigul ayaning ikki nafar farzandi, 8 nafar nevarasi bor. Ona shu vaqtgacha yolg‘iz boshi bilan bor e’tiborini farzandlari, nevaralarini oliy ma’lumotli qilib, uyli-joyli qilishga qaratgan.

Boshida ayaga shu darajada bosim bo‘lganki, mahalladagilar 70 yoshga chiqib o‘qiysanmi, dutoringni narigi dunyoga borib chertasanmi, degan gaplarni aytishgan. Ammo qahramonimiz bu gap-so‘zlarga e’tibor bermadi. Maqsadi - yoshlarga o‘rnak bo‘lish.

Qahramonimiz shu vaqtgacha biron marta ham o‘qishga kechikmagan. Har kuni dars boshlanishidan yarim soat oldin kelib, mashg‘ulotlarga tayyorlanib o‘tiradi. O‘qishning dastlabki kunlari o‘qituvchilar ayani hatto dars jarayonini tekshirish uchun kelgan “maxsus komissiya” deb o‘ylashgan.

Shinigul aya bu bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Aya bilan suhbatimiz yakunida uning kelasi maqsadlariga qiziqdik. 70 yoshli talabaning bundan keyingi maqsadi ham bizni ajablantirdi. U bakalavr darajasini o‘qib tugatgach, magistraturada ham o‘qimoqchi.

Birni ko‘rib shukur qil, birni ko‘rib fikr qil, deyishadi. Aya bilan suhbatlashib, ancha narsani qayta mulohaza qildik. 70 yoshida ilm olishdan to‘xtamayotgan Shinigul ayadan yoshlarning ham, kattalarning ham o‘rganadiganlari ko‘p, nazarimizda.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi –Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid