Jamiyat | 10:10 / 10.06.2022
24820
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 1 yoshli qizini 15 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Ayol xaridordan 15 ming dollarni sanab olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: IIB axborot xizmati

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat IIB, Bosh Prokuratura huzuridagi departament hamda DXX viloyat boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda Guliston shahar hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda 1996 yilda Xovos tumanida tug‘ilgan, Guliston shahrida yashab kelayotgan fuqaro O.U. o‘zining 2021 yil 3 iyun kuni tug‘ilgan qiz farzandi O.Sh.ni fuqaro M.G.ga 15 ming AQSh dollari evaziga sotgan vaqtda ushlangan va undan kimyoviy ishlov berilgan pullar daliliy ashyo sifatida olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan, departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan O.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Angor tumanida 1 yoshli bolasini 20 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlangandi.

Mavzuga oid