Jahon | 12:27 / 10.06.2022
21883
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning ofisi kuniga 200 nafargacha ukrain harbiysi halok bo‘layotganini ma’lum qildi

Bu urush boshidan buyon maksimal baho hisoblanadi.

Serhii Nuzhnenko / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak BBC’ga urushning har kunida 100 nafardan 200 nafargacha ukrain harbiylari halok bo‘layotganini ma’lum qildi.

Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, katta yo‘qotishlarning asosiy sababi — ukrain va rossiyalik harbiylarda imkoniyatlar notengligidir.

Prezident ofisi vakili hisoblashicha, Ukrainaga G‘arb davlatlari tomonidan yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan «yuzlab qudratli artilleriya tizimlari» va Rossiyaning o‘t ochish qudrati bilan paritetga erishish (tenglashish) va bosib olingan hududlarini ozod qilishga kirishish uchun 300 tagacha raketa tizimlari kerak bo‘ladi.

BBC’ning qayd etishicha, Mixail Podolyakning kuniga 100-200 nafar ukrain harbiysi halok bo‘layotgani to‘g‘risidagi ma’lumoti — Ukraina hukumati urush boshlanganidan buyon e’lon qilgan eng maksimal darajadagi kunlik yo‘qotish ko‘rsatkichi hisoblanadi.

1 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jang maydonida har kuni 60-100 nafar ukrain harbiysi halok bo‘layotganini, yana 500 nafar atrofida kishi yaralanayotganini aytgandi. 9 iyun kuni Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Donbassda har kuni 100 nafargacha harbiy halok bo‘lib, 500 nafargacha harbiy yarador bo‘layotganini ma’lum qildi.

  • Ukraina va Rossiya harbiy yo‘qotishlari haqida doimiy ravishda xabar bermagan. RF mudofaa vazirligi bu borada faqat ikki bor ma’lumot bergan, so‘nggi bor — 25 martda, o‘shanda 1351 qurbon va 3825 yarador haqida ma’lum qilingandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aprel oyi o‘rtalarida urush boshidan buyon 2500-3000 nafar ukrain harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani, yana 10 nafar atrofida harbiy yaralanganini aytgandi.
  • Ukrainada, xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi qonunchilik harbiy harakatlar chog‘ida o‘z harbiy yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lumot berishni taqiqlaydi. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich bu boradagi ma’lumot davlat siri hisoblanishi, uning oshkor etilishi «raqibga uning harakatlari samaradorligini baholashga yordam berishi» mumkinligini aytgan.
  • BBC rus xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada harbiy harakatlar boshidan buyon kamida 3500 nafardan ortiq rossiyalik harbiy o‘limi tasdiqlangan. Nashr «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar ro‘yxatini yuritadi. 10 iyun holatiga urush qurboniga aylangan 3502 nafar askar va ofitserlarning ism-familiyalari tasdiqlangan. Qayd etilishicha, bu raqamlar yo‘qotishlarning haqiqiy ko‘lamini aks ettirmaydi, jurnalist va ko‘ngillilar harbiy xizmatchilar o‘limi to‘g‘risida rasman e’lon qilingan ma’lumotlargagina tayanadi.

Mavzuga oid